Yurgen Gede "Neftchi" bilan xayrlashdi
"Neftchi" murabbiylar shtabida faoliyat olib borgan tajribali germaniyalik mutaxassis Haynts-Yurgen Gede jamoa bilan doʻstona tarzda xayrlashdi. Bu haqida klub matbuot xizmati maʼlum qildi.
Faoliyati davomida mutaxassis "Neftchi"ning rivojlanishi va yuksalishi yoʻlida oʻzining boy tajribasi, professional yondashuvi hamda qimmatli maslahatlari bilan murabbiylar shtabiga, xususan bosh murabbiy Islombek Ismoilovga yaqinidan koʻmak berib keldi. Uning futbol borasidagi bilim va tajribasi jamoa uchun muhim tayanchlardan biri boʻldi.
Oilaviy sabablarni inobatga olgan holda Haynts-Yurgen Gede klubni tark etish qarorini qabul qildi. Klub ushbu qarorni chuqur hurmat bilan qabul qildi va qanchalik ogʻir boʻlmasin, mutaxassis bilan xayrlashishga majbur boʻlmoqda.
Qisqa vaqt davomida jamoa bilan samarali faoliyat olib borgan murabbiy Oʻzbekiston Superkubogini qoʻlga kiritishda oʻz hissasini qoʻshdi. Shubhasiz, uning mehnati va tajribasi "Neftchi" tarixida unutilmas iz qoldiradi hamda u klub rivojiga hissa qoʻshgan insonlar safidan munosib oʻrin egallaydi.
“Neftchi” PFK rahbariyati, murabbiylar shtabi, futbolchilar hamda klubning barcha xodimlari nomidan Haynts-Yurgen Gedega kelgusi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy xotirjamlik, mustahkam sogʻlik va omad tilaydi.

Fikrlar