
Pro Liga “otxonaga” aylandimi? Yunired o‘tkazib yuborgan gollar tahlili
Pro liganing 17-turidan o‘rin egallagan “Mash’al” – “Yunired” o‘rtasidagi (3:2) bahs ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘layotganidan xabaringiz bor. Gap shundaki, o‘yinning 88 va 90-daqiqalarida samarqandliklar o‘z darvozasidan gol olib chiqadi. Bu gollarni tomosha qilar ekansiz, xuddi atayin uyushtirilgandek taassurot qoldiradi. Jurnalist ko‘zi bilan qaralsa, barchasi g‘alati tuyuldi, ammo epizodlarni ikki tomondan o‘rganib chiqish darkor. Bu jiddiy ayblov. Shu bois, vaziyatni baholab berishni sobiq futbolchilarning biridan iltimos qildim. U nomini oshkor qilmasligimizni iltimos qilgani uchun ham ochiqlamaymiz.
Birinchi gol tahlili:
“E’tibor qilgan bo‘lsangiz, to‘p havodan uzatib berilgach, “Yunired” himoyachisi boshi bilan uni darvozaboniga to‘g‘rilab berdi.
Posbon esa to‘pni shunchaki ushlab olish yoki yonida turgan sherigiga tashlab berish o‘rniga ochiqchasiga “Mash’al” hujumchisining oyoqlariga uzatdi. Vaholanki, raqibning hujum epizodi tugab bo‘lgan, to‘pni to‘liq “Yunired” nazorat qilishi kerak edi.
To‘g‘risi, bu vaziyatda darvozabon bu qadar qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishi uchun shunchaki futbol bilan umri davomida hech qachon shug‘ullanmagan bo‘lishi lozim. Mening fikrimcha, bu epizoddagi gol tabiiy emas. “Yunired” darvozaboniga etarlicha savollar bor.
Ikkinchi gol tahlili:
“Bu erda asosiy ishni maydondagi futbolchilar “bajarib” berdi. Avvaliga to‘p maydon markazida “Yunired” futbolchisida edi. Unga “Mash’al” a’zolari tomonidan pressing qo‘llangani yo‘q. Qo‘shimchasiga, sal nariroqda “variant” taklif etgan ochiq sherigi ham bor edi. Mehmonlar a’zosi esa shunchaki to‘pni raqib hujumchisining oyoqlariga aniq tashlab berdi. Bu epizodda so‘zsiz “Yunired” futbolchisi qabul qilgan qaror tabiiy emas. Eng qizig‘i, undan keyingi holatda kuzatildi. “Mash’al” forvardi to‘pni egallagach, chap qanotdan ochilayotgan sherigini ko‘rdi.
U bilan personal o‘ynashi lozim bo‘lgan “Yunired” qanot himoyachisi esa vaziyatni ko‘ra bila turib, harakatsiz qolishga qaror qildi. Vaholanki, to‘p uzatilganida aynan u yaxshiroq zonada turgan edi. Tezlikni oshirishi bilan bemalol hujumni bartaraf etishi mumkin edi. Buning o‘rniga, u atayin kech tezlik oldi va raqibni ortidan kuzatib qo‘yishni afzal ko‘rdi. Eng asosiy rolni ijro etgan futbolchi esa “Yunired” markaziy himoyachisi. Vaziyatga baho bering. “Mash’al” hujumchisi to‘pni oldinga uzatayotgan paytda u oyog‘ini uzatsa, to‘pni to‘sib qolishi yoki harakatini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan holatda edi.
To‘p uning yonidan katta bo‘lmagan tezlikda dumalab o‘tib ketdi. Bu holatda maqsadi himoyalanish bo‘lgan futbolchi so‘zsiz to‘p harakatini o‘zgartirgan bo‘lar edi. “Yunired” himoyachilarini bu goldagi harakatlari tabiiy emas”.
P.S. Eng achinarlisi shundaki, “Yunired” O‘zPFL tomonidan rivojlanish yo‘lidagi harakatlari uchun rag‘batlantirilgan va Birinchi ligadan Pro ligaga ko‘tarilish huquqini (1 ligadagi kerakli o‘rinni egallay olmagan bo‘lsada) qo‘lga kiritgan edi. Shaxsiy jamoa va kelajak proekti sifatida qaralgan klubning bu ishidan ko‘pchilikning ko‘ngli qolgani aniq. Shunga qaramay, qo‘lidan tutmagan bo‘lsak, hech kimni o‘g‘ri deyishga haqqimiz yo‘q. Bu shunchaki, jurnalist va futbolchining ko‘zi bilan vaziyatga berilgan baho. Bizning nazlimizdagi “spektaklda” “Mash’al” ham rol ijro etganmi yoki tomoshabinga aylanganmi? Bu savolning javobini O‘FAning tegishli bo‘limlari tomonidan (agar o‘tkazilsa) olib borilgan surishtiruv-tekshiruv ishlaridan so‘ng olishimiz mumkin.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar
Энг аввал шу "тахлилчини" исм фамилиясини ёзиб кейин шу" маколачангни" оммага такдим эт.