
Fozil Musaev: "Qo‘ldan kelganicha o‘ynamoqchiman, bunday onlarni hech qanday pulga sotib ololmaysiz"
Mahoratli futbolchi Fozil Musaev “Neftchi”ni tark etgani to‘g‘risida kuni kecha Sports.uz orqali xabar berib o‘tdik. Endi ushbu o‘yinchining o‘zi bilan bog‘landik va suhbatlashishga ko‘ndirdik.
- Foziljon, "Neftchi" klubini tark etishingiz oldindan rejalashtirilganmidi yoki nimadir sabab bo‘ldimi?
- Yo‘q, oldindan ma’lum emasdi. Ketishimga hech nima sabab bo‘lgani yo‘q. Shunchaki, shartnomam tugadi. Shuning uchun klub bilan o‘zaro do‘stona ravishda xayrlashdik, bor gap shu.
- Farg‘onada o‘tkazgan 1,5 yillik faoliyatingiz davomida sizga eng esda qoladigani nima bo‘ldi?
- Esda qoladigani yaxshi murabbiylar bilan ishladim va do‘stlarim bilan yana birga o‘ynadim. Yoshlikda bir jamoada to‘p surgan futbolchilar bilan yana o‘ynash nasib qildi. Qolaversa, bu erda yana ajoyib yoshlar bilan tanishib aka-uka bo‘lib qoldik.
- "Neftchi" klubi mavsumni 5-o‘rinda yakunladi. Holbuki, medallardan birini yutish imkoniyati bor edi. Sizningcha, nima etishmadi?
- Oxirgi turda ham imkoniyatimiz bor edi. “Navbahor” bilan uchrashuvda 3-o‘rinni olishni juda xohlagandik. Barcha yigitlar bronza medalini qo‘lga kiritish istagida edi. Ammo ko‘rdingiz, nasib qilmadi.
- Oldingizda aniq takliflar bormi? 2024 yili sizni qaysi klubda ko‘ramiz?
- Oldimda hali aniq taklif yo‘q. Mavsum endi tugadi, u yog‘ini ko‘ramiz. Vaqt ko‘rsatadi.
- O‘zbekiston Superligasining darajasi haqida fikringiz qanday? O‘sishni sezyapsizmi yoki...
- Yomon o‘tmadi, mavsum. Hamma jamoalar yuqori o‘rinlar uchun kurashdi. Superliga yildan-yilga o‘syapti. Ha, o‘ziga yarasha kamchiliklar ham bor. Keyingi yildan bundan ham qiziq bo‘ladi, deb o‘ylayman.
- "Neftchi" chempion "Paxtakor"ni Farg‘onada ham, Toshkentda ham yutdi. Ammo "Paxtakor" chempion bo‘ldi. Bunga qanday izoh bergan bo‘lardingiz?
- Bu – futbol. Ha, ikki marta yutgan bo‘lsak ham biz ayrim uchrashuvlarda juda qimmatli ochkolarni yo‘qotdik. Ular esa yo‘q. Bizga qaraganda kamroq xato qildi va o‘ziga kerakli ochkolarni olib chempion bo‘ldi. Yoqimlisi, biz “Paxtakor”ni ikki marta mag‘lub etdik.
- Futboldan keyin nima ish bilan shug‘ullanish haqida ham o‘ylayapsizmi yoki hali faoliyatingizni yuqori darajada davom ettirishga tayyorman, deb hisoblaysizmi?
- Ishlarga kelsak, ozmi-ko‘pmi bizneslar bor, Xudoga shukr. Lekin futbol mening hayotim. Futbolni sevgan odam uchun bu muhim. Qo‘ldan kelganicha o‘ynamoqchiman. Chunki bunday onlar keyin qaytmaydi. Hech qanday pulga ham sotib ololmaysiz. Shu bois futbol o‘ynab undan zavq olmoqchiman.
- Sizningcha, joriy mavsumda O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi kim?
- Superligadagi eng yaxshi futbolchi kim? Oston O‘runov degan bo‘lardim. Bu adolatli bo‘ladi. Ushbu fikrimga eng kamida 90 foiz muxlis qo‘shiladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar