"Tashkilotchilik yuqori darajada, G‘iyosovga taklif bo‘lsa, buni rahbariyat hal qiladi" - "Qizilqum" murabbiyi xalqaro turnir va ilk g‘alaba haqida

  • 8 iyul, 2024, 09:50
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha xabar berganimizdek, Navoiyning “Qizilqum” jamoasi Ekaterinburgda tashkil qilingan xalqaro “Innoprom-2024” turnirining yarim finalida Serbiyaning “IMT Belgrad” klubiga qarshi maydonga tushdi va 3:0 hisobida g‘alaba qozonib finalga yo‘l oldi. O‘yindan so‘ng Sports.uz jurnalisti “Qizilqum” jamoasi murabbiyi Obid Xudoyorov bilan bog‘landi.

Tecno

- “Qizilqum” klubi Ekaterinburgdagi xalqaro turnirni g‘alaba bilan boshladi. O‘yin qanday taassurot qoldirdi?

- Turnir haqida gapirsam, juda yaxshi kutib olishdi. Tashkilotchilik yuqori darajada. O‘yinga kelsak, birinchi bo‘limda golgacha 2-3 ta imkoniyatimiz bo‘ldi, urolmadik. Keyin raqib o‘yinchisini qo‘liga to‘p tekkani bois hakam penalti belgiladi. Shundan so‘ng o‘yin bizning tomonga o‘tib ketdi. Xudoga shukr, yigitlar ko‘rsatmalarimizni bajarishga harakat qilishdi. Yaxshi natijaga erishdik. Ammo serblarni jamoasi ham yaxshi ekan. Yosh va kurashuvchan, jussalari katta. Bizning futbolchilar aqlliroq. “Mash’al”ga qarshi Kubok bahsida to‘rtta taym o‘ynaganimiz uchun jamoamizda charchoq ko‘rinib turibdi. Muhimi, yutdik.

- “Qizilqum” to‘liq tarkib bilan kelgani yo‘q. Nega gruziyalik legionerlar xizmatidan foydalanmayapsizlar?

- Legionerlarga birinchi davrada ko‘p “nagruzka”lar bo‘ldi. Shuning evaziga ularga dam olish uchun oldinroq javob berildi. Uyda dam olib qaytishadi.

- Bosh murabbiy Jamshid Saidov ilk bahsda ishtirok eta olmadi. Natijadan kelib chiqsak, uning yo‘qligi sezilmadi, shundaymi?

- Jamshid Saidovning yo‘qligini bilintirmaslikka harakat qildik. U hozir selektsiya ishlari bilan band. Bir-ikkita joyga borib futbolchilarni gaplashmoqchi edi. Jamshid bilan o‘tgan yildan beri birga ishlayapmiz. Bizda tizim yaratilyapti va shu tizim bo‘yicha ishlayapmiz. Shuning uchun unchalik qiyinchiligi yo‘q.

- Rossiyadagi musobaqaga “Qizilqum” dam olmasdan yo‘l oldi. Tabiiyki, bu ikkinchi davraga tayyorgarlik jarayoni. Xordiq chiqarmasdan turnirda qatnashish futbolchilarga qo‘shimcha “nagruzka” emasmi?

- Yo‘q, men unday demagan bo‘lardim. Bu o‘yin amaliyoti kam bo‘lgan futbolchilarga qo‘shimcha o‘yin amaliyoti berilyapti. Keyin ikkita yangi o‘yinchi ko‘rikdan o‘tyapti. Ularni ham turnir mobaynida ko‘rib olish niyatimiz bor. Rossiyadagi turnirga kelishimiz yilning boshida aniq bo‘lgandi. Yoshlarga o‘zini ko‘rsatish uchun yaxshi imkoniyat.

- G‘iyosov o‘zini ko‘rsatyapti. Agar unga ushbu turnir orqali yangi taklif tushsa, bunga qanday qaraysizlar?

- G‘iyosovga taklif tushadigan bo‘lsa, buni rahbariyat hal qiladi. Har bir futbolchiga xalqaro turnirlarda o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatishi qo‘shimcha motivatsiya bo‘ladi. Bu zo‘r turnir. Bunda bitta biz emas, boshqa jamoalar ham qatnashishsa ajoyib bo‘lardi.

- Final qachon bo‘ladi?

- Final 11 iyul kuni “Ural”ga qarshi bo‘ladi. Ular yarim finalda Tojikistonning “Ravshan” jamoasini 5:0 hisobida yutdi. To‘rtta klub turnirda ishtirok etyapti. Bu musobaqani “Ural” jamoasi tashkillashtirgan. Maqsad kelajakda shunday turnirlarni ko‘paytirish. O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston jamoalarini ham turnirda ko‘paytirishmoqchi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!