Premyer-liga! Oʻrozovning transferi hal boʻldi
Rossiya Premier-ligasida ishtirok etayotgan Qozonning «Rubin» klubi Samarqandning «Dinamo» va O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozovni ijaraga olish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Bu haqida rossiyalik insayder Ivan Karpov xabar berdi.
Karpovning ma’lum qilishicha, «Rubin» 22 yoshli markaziy himoyachi uchun 100 ming yevro miqdorida to‘lovli ijara shartnomasini tuzmoqda. Mavsum yakunida futbolchini sotib olish huquqi ham ko‘zda tutilgan — uning qiymati 700 ming yevro etib belgilangan. Aytishicha, 30 iyul kuni kechqurun chapqay markaziy himoyachi tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Qozonga yo‘l oladi.
Shu tariqa bitimning umumiy qiymati 800 ming yevroni tashkil etishi mumkin. Shundan 100 ming yevro ijara puli sifatida, yana 700 ming yevro esa keyinchalik to‘liq transfer uchun mo‘ljallangan.
Jahongir O‘rozov 2004 yilning 18 yanvar kuni Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Uning bo‘yi 190 santimetr, vazni taxminan 83 kilogramm. Asosiy pozitsiyasi — markaziy himoyachi, biroq u zarurat tug‘ilganda himoyaning chap qanotida ham o‘ynay oladi. Ishchi oyog‘i — chap.
Mutaxassislar O‘rozovning kuchli tomonlari sifatida jismoniy quvvati, yakkakurashlardagi muvaffaqiyatli o‘yini, havodagi kurashlarda ustunligi, to‘pni shiddat bilan tortib olishi va himoya chizig‘idan oldinga chiqib, paslarini uzatish qobiliyatini alohida qayd etishadi.
Ayniqsa, uning birinchi pasi alohida e’tirof etiladi: himoyachi pastdan hujumni boshlab, to‘pni chiziqlar orasida aniq uzatmalar bilan oldinga siljita oladi. Karpovning ta’kidlashicha, o‘yin uslubi bo‘yicha u Matteys de Ligtni eslatadi.
- Uning o‘yini de Ligtni juda ko‘p esga soladi. Shunga o‘xshash baquvvat, agressiv, doim oldinga o‘ynaydi va jismoniy kuchiga tayanadi. Biroq unda hali yetarlicha chaqqonlik va pozitsiyani to‘g‘ri tanlash bo‘yicha tajriba yetishmaydi. 190 santimetr bo‘yga ega, yosh himoyachi uchun bu tabiiy holat. Malakasi yuqori murabbiylar bilan ishlasa, vaqt o‘tishi bilan bu kamchiliklarni yopish yoki butunlay bartaraf etish mumkin, — deb ta’rif bergan edi Karpov.
O‘zbekiston chempionatida O‘rozov himoyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha yetakchilar qatorida bo‘ldi: u g‘alaba qozongan yakkakurashlar, pasni kesib qo‘yish va muvaffaqiyatli to‘p tortib olishlar soni bo‘yicha eng yuqori pog‘onalarni egallab keldi. Shu bilan birga, uning rivojlanishi lozim bo‘lgan jihatlari sifatida tezlik bilan yo‘nalishni o‘zgartirish, pozitsiya tanlash va katta bo‘shliqlarda tezkor hujumchilarga qarshi o‘yin ko‘rsatib o‘tiladi.
O‘rozov futbol sirlarini Toshkentning «Bunyodkor» klubi tizimida o‘zlashtirgan. Asosiy jamoa safida debutini 2022 yilda o‘tkazgan. 2023 yilda u Turkiyaning «Eyupspor» klubiga yo‘l oldi, shundan so‘ng Samarqandning «Dinamo» klubi tomonidan ijaraga olindi. 2025 yil fevral oyida «Dinamo» uning to‘liq transferiga ega chiqdi.
Yoshlar darajasida O‘rozov 2023 yilda U-20 Osiyo kubogi g‘olibi bo‘lgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi tarkibida maydonga tushgan. O‘sha yili u yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham ishtirok etib, turnirda to‘rtta o‘yin o‘tkazgan.
2026 yil bahorida himoyachi kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston terma jamoasida debut qildi. Ilk uchrashuvidayoq, ya’ni Gabonga qarshi bellashuvda gol urib, jamoaga 3:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritishda yordam berdi.
Yozda O‘rozov O‘zbekiston tarixidagi ilk jahon chempionati uchun terma jamoaning yakuniy ro‘yxatiga kiritildi. U guruh bosqichidagi ikki uchrashuvda maydonga tushib, jami 93 daqiqa o‘ynadi: Kolumbiyaga qarshi bahsda zahiradan maydonga tushdi, Kongo bilan o‘yinda esa asosiy tarkibda harakat qildi.

Fikrlar
mayli hammasi Allohdan, faoliyatiga omad tilayman ukamizni!