
"UFC 308" turnirining asosiy kard dastlabki jangi "temir oyoqlar" to‘qnashuvi bo‘ladi
MMA ixlosmandlari shubhasiz "UFC 308" turnirini kutayotganligi sir emas. Chunki kard shunchalik zo‘rki, hatto MMAga qiziqmagan insonlar ham bu jang oqshomiga befarq bo‘la olmasalar kerak. Xullas, "fayt-kart" ajoyib ko‘rinish olgan. Biz ushbu turnirning asosiy kard to‘qnashuvlari haqida qisqacha tahliliy fikr yuritishni lozim topdik. Dastlab asosiy kardni ochib beruvchi to‘qnashuv - Sharabutdin Magomedov va Armen Petrosyan to‘qnashuviga to‘xtalamiz.
Sharabutdin Magomedov (Shara Bullet (14-0) - Armen Petrosyan (9-3)
- Bu jangda uslublar to‘qnashuvini tomosha qilamiz desak, yanglishmagan bo‘laman. Ta’bir joiz bo‘lsa, "temir oyoqlar" bahsini ko‘ramiz. Petrosyan ham Shara kabi muaytay, kikboksing vakili sanaladi. Petrosyanga UFCda katta ishonchlar bildirilgan edi. Sababi u yarim og‘ir vazn toifasida AMC Fight Night Global chempioni bo‘la olgan. Bu yo‘lda Artur Aliaskerov, Dmitriy Minakovlarni ham mag‘lub eta olgandi. Biroq Petrosyan UFCda 5 ta jang o‘tkazdi va ularning 2 tasida mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. Dastlab Kayo Boralo uni to‘xtatgan bo‘lsa, so‘ngi jangida u Rodolfo Vieyradan ham mag‘lub bo‘ldi. Ma’lumki, u UFCga qadar asosan yarim og‘ir vaznda (93,kg) harakat qilgan. UFCda esa o‘rta vazn (83,9 kg) toifasida jang qilmoqda. Albatta, unda vazn tashlash muammosi ham yo‘q emas. Qolaversa, u bu divizion uchun biroz sekinroqdek ham tassavur uyg‘otadi.
Shara Bullet ajoyib g‘alabali seriya bilan kelmoqda. Ha, UFC uchun imidj ham muhim rol o‘ynashi aniq. Shara uchun alohida raqiblar tanlanmoqda desam yanglish gumon bo‘lmasa kerak. Dastlab Bruno Silva, keyin Mixal Olekseychuk va Armen Petrosyan. Hozircha Shara Bulletni kurashi kuchli bo‘lgan raqiblarga ro‘baro‘ qilmasa kerak. Chunki Dana Uaytga mana shunday shou ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan jangchilar ko‘proq kerak. Xullas, uchta raqib berildi va barchasi "udarnik" va asosan "stoyka"da jang olib boruvchilar sanaladi.
Imkoniyatlarga to‘xtalsak, yuqorida aytib o‘tganimdek, Petrosyan biroz sekinroq va Shara bundan unumli foydalansa kerak. To‘g‘ri, zarba kuchi borasida Petrosyan maqtana oladi. Ammo, undan-da nokaut qiluvchi kuchga ega 19 ta g‘alabasining 14 tasini nokaut va texnik nokaut bilan yutgan Olekseychukning zarbalariga ham Shara dosh bera oldi. Demak, uning zarba ko‘tarishi, jag‘i baquvvat ekanligini ham aytib o‘tish darkor.
Demak, "stoyka"da Shara Bulletda ustunliklar bor. Petrosyan "stoyka"da omadi kelmasa, (xuddi Leroy Dankanga qarshi kechgan jang kabi) jangni "parter"ga ko‘chirishga harakat qiladi. Chunki uning kurashi Sharanikidan ko‘ra ancha yaxshiroq. Biroq, grepplingi borasida, "parter"dagi nazorati haqida biror fikr bildirish mushkul. Sharaning debyut jangini tomosha qilib, u yotgan holatida ham pozitsiyani yaxshi tanlay olishi va tirsak zarbalari bilan ajoyib ishlay olishiga guvoh bo‘lgandik. Xullas, Shara Bulletda plyus jihatlar ko‘p va bu jangda uning imkoniyati yuqoriroqdek ko‘rinmoqda. Jang to‘liq davom etgan holda ochkolarga ko‘ra Shara g‘alabani qo‘lga kiritsa kerak degan fikrdamiz. Imkoniyatlarni 55/45 deya baholagan bo‘lardik. Albatta, bu nisbiy tushuncha va shaxsiy fikrimiz xolos. Aslida, kim g‘alaba qozonishini 26 oktyabr kuni bilib olamiz!
Keyingi qarama-qarshilik - Magomed Ankalaev va Aleksandr Rakich bo‘ladi. Bu borada ham tez fursatlar mobaynida to‘xtalamiz...
Ahmadbek EShMATOV tayyorladi
Fikrlar