"Do‘ppi tor kelib qolsa" Magomed Ankalaev kurashdan foydalanadi (Tahlil)

  • 17 oktabr, 2024, 13:24
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • MMA
BEPUL PROPAN

"UFC 308" turniriga ham oz fursat qolmoqda va "fayt-kard"ddan o‘rin olgan jangchilarning imkoniyatlari haqida turli xil fikrlar yangrayotganligiga ham guvoh bo‘lyapsiz. Kecha biz ushbu turnirning asosiy kardidan o‘rin olgan dastlabki qarama-qarshilik Shara Bullet va Armen Petrosyan jangi borasida fikr va taxminiy muloxazalarimiz bilan o‘rtoqlashgan edik. Bugun biz yana bir qiziqarli to‘qnashuv Magomed Ankalaev va Aleksandr Rakich o‘rtasidagi bahs va imkoniyatlar haqida qisqacha fikr yuritamiz. 

                                                                                                 Magomed Ankalaev (18-1-1-1 NC) - Aleksandr Rakich( 14-4)

- Bu jangda yaqqol favorit ma’lum. Ha, bu Ankalaevdir! To‘g‘risi, dog‘istonlik jangchiga ancha avvalroq chempionlik jangi berilsa adolatli bo‘lardi. Biroq, Dana Uayt va UFCning o‘ziga xos siyosati tufayli u chempionlik jangidan bebahra qolmoqda. Ha, ushbu jangdagi g‘alabadan so‘ng, titul uchun oktagonga ko‘tarilishi mumkinligi haqida gapirilmoqda. Biroq, barchasini Dana Uayt hal qiladi. Balki Magomed yana o‘z imkoniyatini kutar. Xullas, yarim og‘ir (93 kg) divizionida Aleks Perreyrani yutishi mumkin bo‘lgan jangchi aynan Magomed Ankalaev desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ehtimol, Perreyraning yulduzli onlari uzoqqa cho‘zilishini istayotgandir. To‘g‘ri-da, barcha moliyaviy foyda pullik translyatsiyalardan tushadi. Har holda, Ankalaevdan ko‘ra Perreyraning jangini tomosha qiladigan muxlislar ko‘proq nazarimda, shuning uchun ham Perreyra avaylanayotgan bo‘lsa ajab emas. 


Shu tariqa Ankalaevga yana bir sinov berildi. Bu Aleksandr Rakich! Rakich so‘ngi ikkita jangida Yan Blaxovich va Irji Proxazkaga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va bu safar borini berishi tayin. Shu tomonlama ham avstriyalik jangchi Ankalaev uchun katta xavf tug‘dirishi mumkin. Ba’zasi asosan kikboksing bo‘lgan Rakichning har ikki oyog‘ida "dahshat"li lou-kik zarbalari bor. Bilasiz, Ankalaevning bunday zarbalariga toqati yo‘q. Bunga Ankalaevning Blaxovich bilan jangi ham misol bo‘la oladi. Qolaversa, Rakichning greppling va jiu-jitsudan ham yaxshigina xabari bor. Xullas, "stoyka"dagi jangda Rakich dog‘istonlik jangchi uchun haqiqiy muammo bo‘la oladi.
 
Ankalaev haqida so‘z yuritsak, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, u jangda favorit! Magomed Ankalaev sambo vakili va kurashi borasida ham faqat tiliq fikrlar bildirish mumkin. Oktagonni xis qilishi va IQ ham ajoyib ko‘rinish olgan. To‘g‘ri, Rakichni "stoyka"sini e’tirof etdik. Biroq, Ankalaev UFCdagi debyut jangida Pol Kreygga "sabmishn" orqali mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, u juda ham aqlli tarzda jang olib borishga harakat qiladi. Ketma-ket promoushenda 10 ta g‘alabali seriyaga ega. To‘g‘ri, Blaxovich bilan durang (Aslida Ankalaev g‘alabaga loyiq edi) va Jonni Uolkerning bahonasi tufayli hisobga olinmagan jang ham bor. O‘sha g‘alaba qozongan raqiblarining orasida "stoyka"si mukammal bo‘lganlar ham bor edi. Demoqchimanki, Dog‘iston vakilining oyoq va qo‘l zarbalari ham yaxshi qo‘yilgan. Odatda, Ankalaev Jastin Getji kabi kuchli tarafi kurashdan kamdan kam foydalanadigan jangchi hisoblanadi. Biroq, "do‘ppi tor kelib qolganda" u kuchli jihatini ishga soladi. 

Bir so‘z bilan aytganda, Magomed Ankalaevning ushbu jangda imkoniyati yuqori va u katta ehtimol bilan muddatidan avval g‘alabani qo‘lga kiritadi. Ankalaev faoliyati mobaynida 18 ta g‘alaba qozongan bo‘lsa, 10 tasini texnik nokaut va nokaut bilan qo‘lga kiritgan. 8 tasida ochkolarga ko‘ra erishgan. Bu safar ham Ankalaev texnik nokaut bilan g‘alabani qo‘lga kiritsa kerak, degan fikrdamiz. Imkoniyatlarni 65/35 degan bo‘larkdik. Albatta, bu shunchaki shaxsiy fikrlar xolos. Aslida nima bo‘lishi hozircha faqat Yaratganga ayon!

Asosiy karddan o‘rin olgan Den Ige-Loren Myorfi, Robert Uittaker-Xamzat Chimaev va Iliya Topuriya-Maks Xollouey qarama-qarshiligiga ham tez orada to‘xtalamiz. 


                                                                                                                                                                                                                                                                 Ahmadbek EShMATOV tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!