
“Navbahor”da hammasi zo‘r! Ro‘zimboy Ahmedov uzr so‘radi (foto)
So‘nggi kunlarda “Navbahor” jamoasi OAV va futbol jamoatchiligining asosiy mavzusiga aylandi desak xato bo‘lmaydi. Barchaga ma’lumki, joriy yilgi mavsumda “Navbahor” jamoasi katta maqsadlarni ko‘zlagan holda Superligadagi ishtirokini boshlagandi. Chempionlik uchun kurashishni maqsad qilgan jamoaning natijalari ijobiy ko‘rinish olib, Namanganga yana katta futbol qaytdi. Bunga misol tariqasida Namangandagi o‘yingohni har bir turda deyarli muxlislar bilan to‘lib toshganligini keltirib o‘tish joiz. Superliga ikkinchi bosqichi oldidan “Navbahor”ni peshqadamlikni qo‘lga olganligi jamoaning niyatlarini yanada ulkan ekanligini ko‘rsatib berdi.
Yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoalarni esa doimo futbol jamoatchiligi diqqat markazida turishi ham tabiiy hol. Aynan shunday sharoitda har qanday OAV nashri yoki internet saytlari jamoaga oid bo‘lgan har qanday kichik xabarni ham omma e’tiboriga katta mavzu sifatida tarqatishga urinadi. Bundan bir necha kun oldin jamoa futbolchisi Ro‘zimboy Ahmedovning yaqin insonlaridan biriga aytgan gaplari ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketdi. Shundan so‘ng Ahmedovning aytgan gaplari rasmiy internet saytlarida omma e’tiboriga havola etildi. Shu bahona Ahmedov va “Navbahor” katta mavzuga aylandi.
Klub atrofidagi gap-so‘zlar ko‘payib ketgach, Namangan viloyat futbol assotsiatsiyasida jamoa murabbiylar shtabi va futbolchilar o‘rtasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrulla Hayitbaevich Bozarov, viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Shamshod Ergashevich Sarikovlar ham ishtirok etishdi. Yig‘ilishda jamoa haqida tarqatilayotgan ma’lumot va xabarlar muhokama qilindi. Superligada yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan jamoa uchun chetdan turli xil axborot xurujlarini amalga oshirilishiga e’tibor qaratmaslik kerakligi ta’kidlandi. Turli darajadagi bo‘xton va yolg‘on xabarlar futbolchilarning maydondagi harakatlarini salbiy ta’sir ko‘rsatishi tufayli bu kabi axborot xurujlariga uchmaslik muhim ekanligi e’tirof etildi.
Yig‘ilishda so‘z olgan jamoa bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov ham OAVga bergan interyusiga ham oydinlik kiritib o‘tdi. Ya’ni Mo‘minjonov klub rahbariyati bilan yaxshi munosabatda ekanligini, xususan klub prezidenti Shavkat Shokirdjanovich Abdurazzoqov va viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Shamshod Ergashevich Sarikovlar bilan ham yaxshi munosabatda ekanligini aytib o‘tdi. Aytgan gaplarini esa ehtirosga berilib ketganligi bilan izohladi.
Yig‘ilish davomida jamoa futbolchisi Ro‘zimboy Ahmedov ham so‘zga chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan gaplari yuzasidan izoh berib o‘tdi. Futbolchi o‘ziga yaqin bo‘lgan kishilardan biriga murabbiy uni maydonga tushirmayotganligi sababli alam ustida aytganligini gapirib, yig‘ilish qatnashchilaridan uzr so‘radi. Shu bilan birgalikda Ro‘zimboy Ahmedov bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonovni har qanday o‘yindan oldin jamoani faqat g‘alabalar sari chorlaganligini e’tirof etib, yolg‘on ma’lumotlar uchun bosh murabbiydan ham uzr so‘radi.
Fikrlar