Nostalgiya: “San Siro”da katta jang!

  • 26 yanvar, 2021, 19:51
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun tunda bizni katta o‘yin kutmoqda. 

Italiya futbolining yoshi ulug‘ muxlislari bir shahar va bir stadionda istiqomat qiluvchi “Inter” va “Milan” klublari bellashuvining naqadar ulkan qarama-qarshilikka ega ekanligini yaxshi biladi. O‘z davrida, “Kichik jahon chempionati” deya ta’rif berilgan Italiya A Seriyasi bugun yondosh ligalarning-da rivojlanishi oqibatida biroz mavqeyini yo‘qotdi. Ammo yana Apennin yarimorolida intriga kattalashib ketdi. Joriy mavsumda “Yuventus”ning 9 yillik chempionlik seriyasiga barham berilishi kutilyapti. Biroq, “keksa senora”ning ham Skudetto uchun kurashda katta imkoniyatlarga ega ekanligini yaxshi anglab turibmiz. 

Mavzudan chetlashdik, chunki bugun “buzoqchalar o‘lkasi”ning ikki grandi Italiya kubogi bahsida o‘zaro to‘qnash keladi. Ko‘hna Milanning ushbu jamoalarining bugungi to‘qnashuv oldidan imkoniyatlari qanday? 

Inter-vs-AC-Milan

“Inter”

“Neradzurrilar” so‘nggi marotaba Italiya kubogini 2011 yilda qo‘lga kiritgandi. Joriy mavsumda Antonio Konte boshchiligidagi jamoa Joze Mourino davridan buyon ilk marotaba “oltin dubl” qayd etishga yaqin turibdi. Albatta, hali mavsumning juda katta qismi oldinda. Biroq, ularning ushbu yo‘ldagi imkoniyatlarini oshirib yuboradigan bir jihat bor. “Ilonlar” EChLdagi omadsizlikdan so‘ng, mavsumni evrokuboklarsiz o‘tkazadigan bo‘ldi. Bu ulardagi bosimni qisman yo‘qotadi. Bugun Evropaning barcha klublari futbolchilarning tiklanish jarayonlariga vaqt etmasligi muammosiga duch kelyapti. Bunda, ba’zi musobaqalardan voz kechishga majbur bo‘linmoqda. Ushbu holatdan kelib chiqib, Antonio Konte bugungi bahsda nomdor futbolchilari xizmatidan foydalanishini taxmin qilishimiz mumkin. 

Bugungi bellashuvda Danilo D'ambrozio katta ehtimol bilan jamoasiga yordam bera olmaydi. Ammo uning yo‘q ekanligi “Inter” uchun muammoli holat emas: Ashraf Hakimi uning o‘rnini bemalol to‘ldira oladi. Yarim himoya chizig‘ida Roberto Galyardini va Stefano Sensining asosiy tarkibda o‘yinni boshlashini kutishimiz mumkin. Arturo Vidal esa bugun maydonda ko‘rinish bermasligi aytilmoqda. 

Taxminiy tarkib: Xandanovich, Bastoni, De Vrey, Shkrinyar, Perishich, Galyardini, Brozovich, Barella, Yang, Martinez, Lukaku. 

training-4-e1568749732194

“Milan”

Bugun “Milan” tarkibidagi bir qancha shaxslar uchun alohida bellashuv. Ha, ular tez-tez mana shunday uchrashuvlarda maydonga tushib turadi. Ammo baribir, xotiralar o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Stefano Piolining “Inter” bilan bog‘liq xotiralari mavjud. Zlatan Ibragimovich o‘zining ko‘plab sobiq klublari orasida “neradzurrilar”ni ham qayd etib qo‘ygan. 

“Milan” “Atalanta”ga qarshi o‘yinda qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi va kayfiyati joyida emas. Qaysidir ma’noda, ularning holati yaralangan shernikiga o‘xshab ketsa kerak. Jamoa qishki transfer oynasida faol xaridlarni amalga oshirmoqda. Chunki, klub rahbariyati jamoa potentsiali sovrinlar yutishga etishini tushunib qoldi. Demak, endi ambitsiyalar o‘zgardi. “Rossonerilar” o‘zi uchun yangi davrni boshlamoqda. Stefano Piolini o‘ylantiradigan jihatlar mavjud. Asosiy darvozabon Janluiji Donnarumma avvalgi bosqichdagi qizil kartochkasi sabab, derbida ishtirok eta olmaydi. Himoya markazida yaqindagina “Chelsi”dan xarid qilingan Fikayo Tomori Romanoli va Simon Kerga yaxshigina raqobat tug‘dirishi aniq. Yaxshiyamki, Kiprian Tatarushanu darvozabon pozitsiyasi uchun zaxira variant sifatida xarid qilingandi. “Nant”ning sobiq futbolchisi bugun katta o‘yinda maydonga tushadi. “Qizil-qoralar” tarkibida Chalxano‘glu, Bennaser va Romanoli safga qaytdi. Shuningdek, Frank Kessi, Aleks Salemakers va Rebich ham yaxshi formaga chiqib olgan. 

Taxminiy tarkib: Tatarushanu, Dalot, Romanoli, Ker, Ernandes, Tonali, Kessi, Kastilexo, Diaz, Leau, Ibrahimovich.

ac-milan-training-march-1

Murabbiylar fikri:

Antonio Konte:Bugun ikkala jamoa uchun ham topga chiqish uchun o‘ta muhim o‘yin bo‘lib o‘tadi. Biz 3 oy oldingi A Seriyadagi mag‘lubiyatimiz uchun bugun borimizni berib o‘ynamoqchimiz. Maqsadimiz bitta: hamshaharlarimizni engish. O‘yin qiyin bo‘ladi, albatta ikkala tomon uchun ham. Lekin biz o‘zimizga ishonamiz.

conte-11-e1568748722501

Stefano Pioli:Kubok bahsi. To‘g‘ri, murakkab turnir. Lekin biz shu ergacha etib keldik. O‘yin 90 daqiqa yoki 120 daqiqa davom etishi ham mumkin, buni vaqt ko‘rsatadi. Bu jamoalar to‘qnashganida, doim dahshatli qarama-qarshilik yuzaga kelgan, bu safar ham shunday. Biz kubok haqida ham o‘ylaymiz, bu o‘yinga shunchaki qaramaymiz. Jamoamda ishtiyoq bor va bu albatta natijaga ta’sir ko‘rsatadi.

jatkjekv-e1594480896946

Xulosa o‘rnida.

Bizning fikrimizcha, bugungi bahs g‘olibi asosiy vaqtning o‘zida ma’lum bo‘lishi qiyin. Hattoki, penaltilar seriyasi ham bo‘lishi mumkin. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham, “Inter” futbolchilarining ko‘zida qasos o‘ti yonayotganligi bois, bugungi o‘yinda ularning imkoniyati yuqoriroqdek ko‘rinmoqda. So‘nggi ikki derbidagi alamli mag‘lubiyatlar javobi bugun olinishi mumkin. Biroq, bu shunchaki taxmin, barchasini vaqt ko‘rsatadi. Birga kuzatamiz!

 

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!