1:0 bilan eng sara g‘alabalar sari! "Andijon" qachon va qaerda yutishni biladimi?

  • 21 sentabr, 2021, 22:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yodingizdami, “Andijon” – “Paxtakor” uchrashuvi oldidan Sports.uz saytida maqola chop etilgan bo‘lib, unda “Bobur arena”da “mo‘’jiza” ko‘ramizmi, degancha munosabat bildirilgandi. Axir tan olaylik, o‘yindan avval kim ishongandi, “Andijon”ning “Paxtakor”ni mag‘lub etishiga?! Lekin andijonliklar rostdan ham “Bobur arena”da o‘sha “mo‘’jiza”ni yarata oldilar. Bu borada gap bo‘lishi mumkin emas.

Tecno

Amaldagi chempion va bu yil ham katta ehtimol bilan yana oltin medalga sazovor bo‘layotgan “sherlar”ning bu yilgi mag‘lubiyatsiz seriyasini oxirgi o‘rindagi “Andijon” to‘xtata olgani bu nimadan dalolat, bilasizmi? “Burgutlar” hali kurashdan chiqmagani va qiyin vaziyatda xarakter ko‘rsata olishini namoyish etdi. Axir bu o‘yindan to‘rt kun avval “Andijon” o‘z uyida yutishi kerak bo‘lgan uchrashuvda “Metallurg”ga juda-juda alamli mag‘lubiyatga uchragandi. Bunday o‘yindan keyin, boz ustiga kimsan “Paxtakor”ga qarshi futbolchilarni ruhlantirish ancha-munchasining qo‘lidan kelmadi, ammo Viktor Kumikov buni uddaladi.

Darvoqe, uchrashuvdan avval stadionda mezbonlarning murabbiylaridan biri andijonlik Rasul Rahmonov bilan uchrashuv qanday kechishi mumkinligi yuzasidan o‘zaro fikr almashganimizda u “mana ko‘rasiz, bugun “Andijon” syurpriz ko‘rsatadi”, deganida bu gapidan biroz ajablangandik, ammo bizga qiziq tuyulgandi. Yakunda nima bo‘lganini endi o‘zingiz juda yaxshi bilasiz.

kumikov1_1

Yana bir gap: “Paxtakor”ni Andijonga oxirgi tashrifi 2016 yilga to‘g‘ri kelgan va o‘shanda ham 1:0 hisobida “Andijon” klubi g‘alaba qozongandi. Besh yildan so‘ng bu erga kelgan “Paxtakor” yana o‘sha hisobda yutqazdi. Biz bugun e’tiboringizni boshqa bir jihatga qaratmoqchimiz. “Andijon” hozirga qadar to‘rt marta g‘alaba qozondi. Shundan uchtasi yaqqol ajralib turibdi.

12-tur. “Navbahor” – “Andijon” – 0:1.

“Andijon” chempionatdagi birinchi g‘alabasini ikkinchi turda qo‘lga kiritgandi. O‘sha paytda o‘z maydonida “Surxon”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan. 10 ta turdan so‘ng, andijonliklar ikkinchi g‘alabasiga erishdi. Bu juda uzoq kutilgan g‘alaba edi. Doim Namangandagi o‘yinlar kutilganidan-da murakkab kechib, O‘zbekiston chempionati yo‘lga qo‘yilganidan beri hali “Navbahor”ning maydonidan uch ochko bilan qaytmagan. Tasavvur qilyapsizmi, “Andijon” Namanganda yutmagan! Lekin bu mavsumda nihoyat ushbu qora an’anaga barham berildi. Ayniqsa, qarshi hujumda Usmonali Ismonaliev 90+4-daqiqada O‘tkir Yusupov darvozasini ishg‘ol etishi “Andijon”ning g‘alabasiga yanada ko‘rk qo‘shgandi. O‘sha paytda jamoa ustozi Yorqin Nazarov edi. Keyinchalik “Andijon”dan ketganidan so‘ng Sports.uz saytiga bergan intervyusida “Navbahor” ustidan qozonilgan g‘alaba haqida ham to‘xtalib, klub tarixidan joy olgani bilan faxrlanishini aytgandi.

andijon000_1

17-tur. “Mash’al” – “Andijon” – 0:1.

Xuddi “Navbahor” bilan o‘yinda bo‘lgani kabi “Andijon” hali “Mash’al” maydonida ham umuman g‘alaba qozonmagandi. Qachonki, Viktor Kumikov klubga bosh murabbiy bo‘lib kelganidan keyingina u sobiq jamoasini yutish orqali “Andijon”ning ilk bor Muborakda g‘alaba qozonishini ta’minladi. Qolaversa, bu Kumikovning “Andijon” bosh murabbiyi sifatida ilk muvaffaqiyati ham edi. O‘tgan yili ishlaganida ham jamoani g‘alabasiz tark etgani yodingizda bo‘lsa kerak-a? Aynan “Mash’al” bilan uchrashuv orqali Viktor Balyutovich “Andijon”dagi faoliyatida birinchi yutug‘iga erishdi. Qizig‘i, o‘sha uchrashuvda ham yagona gol muallifi yana Usmonali Ismonaliev bo‘ldi. Bu safar u penaltidan to‘p kiritdi. Himoyachini sof hujumchi sifatida o‘ynatishni boshlagan Kumikov o‘yindan keyin buni “maxfiy qurolimiz” deb atagandi. Bu murabbiy ham ilk g‘alabasidan keyinoq klub tarixiga kirdi.

anjan

19-tur. “Andijon” – “Paxtakor” – 1:0.

19-turga qadar “Paxtakor”ni Superligada hech kim to‘xtata olmayotgandi, engish uchun kuchi etmayotgandi-a? “Andijon” “Bobur arena”da chempionni yaqqol autsayder sifatida qabul qildi. “Paxtakor” 48 ochko bilan 1-o‘rinda, mezbonlar esa 12 ochko bilan 14-pog‘onada edi. Kumikovning bu o‘yinga qo‘llagan taktikasi va futbolchilarni qisqa muddat ichida har tomonlama tayyorlay olganiga faqat qarsaklar chalish mumkin. “Navbahor” hamda “Mash’al” darvozalariga gol urib jamoasining tarixiy g‘alabalariga katta hissa qo‘shgan Usmonali Ismonaliev sariq kartochkalari to‘rttaga etgani sababli muhim uchrashuvni o‘tkazib yubordi. Viktor Balyutovich uning o‘rniga Farhod Sohibjonovni hujumga qo‘ydi. Uning topqirligidan keyin ushbu futbolchi 25-daqiqada gol urdi va bu “Paxtakor”ning mavsumdagi birinchi mag‘lubiyatiga zamin yaratib berdi. Shunday qilib, “Andijon” Kumikov boshchiligida chempionni mag‘lubiyatga uchratib barcha taxminlarni yo‘qqa chiqarib, sensatsiya ko‘rsatdi.

andijon00

E’tibor berdingizmi, “Andijon” to‘rtta o‘yinida ham 1:0 hisobida yutgan. Kutilmagan joydagi g‘alaba mezbonlar uchun olti ochkolik ahamiyat kasb etdi va endi ular oxirgi o‘rindan qutulib 12-pog‘onaga chiqib oldi. Go‘yoki, jamoa kimni qachon va qaerda yutishni biladigandek. Ana endi, g‘alabalarni eng saralari “Andijon”da ekaniga amin bo‘ldingizmi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!