
10 soniyada raqibini mag‘lub etgan dzyudochimiz Parij turnirida sovrindor bo‘ldi
Frantsiyaning Parij shahrida dzyudo bo‘yicha Katta dubulg‘a turkumiga kiruvchi musobaqaning birinchi kun bellashuvlari o‘z yakuniga etdi. Quvonarlisi, ushbu kun terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi, deya xabar bermoqda MOQ matbuot xizmati.
-73 kilogramm vazn toifasida tatamiga chiqqan hamyurtimiz Hikmatilloh To‘raev shohsupaga ko‘tarildi. Vakilimiz musobaqani botsvanalik raqibi ustidan qozongan g‘alabasi bilan boshladi. Shundan so‘ng ikkinchi davrada Ozarbayjon vakilini, uchinchi davrada esa Rio Olimpiadasi chempioni italiyalik Fabio Bazileni dog‘da qoldirdi. Afsuski, chorak finalda mo‘g‘ilistonlik Tsagbatar Tsend-Ochirga qarshi bahs To‘raev uchun muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Vakilimiz o‘tish bosqichida yoshlar o‘rtasida jahon chempioni tojikistonlik Somon Mahmadbekovni mag‘lubiyatga uchratdi. Bronza medali uchun kechgan bellashuvda esa turkiyalik Bilal Chiloglu ustidan g‘alaba qozonish uchun atigi 10 soniya sarfladi xolos.
Shu tariqa surxondaryolik polvon Tokio Olimpiadasi yo‘lida o‘z hisobiga 500 reyting ochkosini qo‘shib qo‘ymoqda.
Fikrlar