
117 yoshga to‘lgan jamoa yoxud "Andijon"ning Antaliyadagi ilk raqibi haqida
Turkiyaning Antaliya shahrida “Mavsum-2025” uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga kirishgan “Andijon”ning asosiy rejalaridan biri qator nazorat uchrashuvlarini o‘tkazish va shu orqali futbolchilarning o‘yin ritmini yaxshilashdan iborat.
Oldin xabar berib o‘tganimizdek, “Burgutlar” Antaliyada 9 ta o‘yinda maydonga tushishi ko‘zda tutilgan. 25 yanvar kuni belgilangan uchrashuvlarning dastlabkisi bo‘lib o‘tadi. Ilk raqib – Polshaning “LKS Lodz” jamoasi.
Xomyakov jamoasining ushbu raqib haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, “LKS Lodz” klubi Polsha birinchi divizion vakili hisoblanib, o‘z mamlakatida faxriy jamoalardan biri hisoblanadi. Chunki “LKS Lodz” 117 yoshga to‘lgan, ya’ni, 1908 yilda tashkil etilgan.
Mazkur klub ayni paytda Polsha birinchi ligasida 18 ta ishtirokchi orasida 9-o‘rinda boryapti. Shu kungacha 19 ta uchrashuvda 7 g‘alaba, 5 durang va 7 mag‘lubiyat qayd etgan. To‘plar nisbati 27\21 va 26 ochkosi bor. Jamoa oldingi mavsumda Polsha RKO Ekstraklasa (bizning Superliga kabi)da ishtirok etgan va birinchi divizonga tushib ketgan.
Ayni paytda u erda mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarlik jarayonlari davom etyapti va “LKS Lodz” tanaffusdan keyin chempionatda navbatdagi o‘yinini 16 fevral kuni safarda “Gurnik Lenchna”ga qarshi o‘tkazadi.
Xuddi “Andijon” kabi “LKS Lodz” ham 25 yanvar kuni Antaliya yig‘inidagi ilk uchrashuvida maydonga tushadi. Klubga mahalliy 44 yoshli mutaxassis Jakub Djiolka bosh murabbiylik qilib kelmoqda.
“LKS Lodz”ning eng qimmat futbolchisi darvozabon Aleksandr Vobek hisoblanadi. “Transfermarkt”da uning narxi 700 ming evro sifatida baholangan. E’tiborlisi, u endigina 20 yoshga to‘lgan. Jamoa sardori esa 32 yoshli ispaniyalik hujumkor futbolchi Xose Antonio Ruis Lopes (Purilo). Qolaversa, jamoa tarkibida Avstriya, Shvetsiya, Ispaniya, Yaponiya, Xorvatiya, Turkiyadan bo‘lgan jami 8 nafar legioner futbolchilari bor.
Shuningdek, ushbu klub o‘z uy o‘yinlarini muhtasham “LKS” stadionida o‘tkazadi va o‘z bag‘riga 18029 nafar ishqibozni sig‘dirish imkoniga ega. 1922 yilda qurilgan bo‘lib, bir necha bor rekonstruktsiya qilingan va so‘nggi bor 2022 yili qayta ta’mirdan chiqarilgan.
“LKS Lodz”da ikki karra Polsha chempionligi bor va bir marta mamlakat Kubogini qo‘lga kiritgan. Umuman olganda, “Andijon”ning bo‘lajak raqibi o‘ziga yarasha saviyali hisoblanadi va bizni qiziqarli bellashuv kutmoqda.
“Andijon” – “LKS Lodz” bellashuvi “Side Ataturk” maydonida mahalliy vaqt bilan 11:00 da, Toshkent vaqti bilan esa 13:00 da boshlanadi.
Fikrlar