23 yil va 7753 kun! Zlatan o‘zining ilk golini kiritganida dunyo qanday ko‘rinishda edi?

  • 20 yanvar, 2021, 23:33
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ibra jarohatidan forig‘ bo‘lgach, «Milan» tarkibida «Kalyari»ga qarshi bahsda maydonga tushdi. Quvonarlisi shundaki, 39 yoshli hujumchi o‘zining qaytishini ikkita gol bilan nishonladi. U A Seriyaning 8 ta o‘yinida 12 ta gol kiritdi va hali yuqori saviyada to‘p surishga qodirligini ko‘rsatib qo‘ydi. Zlatan «Kalyari» darvozasiga kiritgan gollari orqali, bir nechta rekordlarni qayd etdi.

Tecno

- 2021 yilda ikkita gol kiritgan hujumchi, qatorasiga 23 yildan beri professional futbolda gol urishni uddalamoqda. Uning gollar seriyasi 1999 yilda boshlangandi.

- Zlatan klublar miqyosidagi uchrashuvlarda 498 ta gol kiritgan. Shuningdek, 61 ta gol Shvetsiya termasi libosida urilgan.

- Ibragimovich o‘zining professional futboldagi ilk golini bundan 7753 kun avval nishonlagan. 1999 yilning 30 oktyabr sanasida 18 yoshli Zlatan «Malme» safida «Vestra Frelunda» klubi darvozasini ishg‘ol etadi. Qahramonimiz o‘zining ilk golini kiritganda, futbol olamida qanday voqealar sodir bo‘layotgan edi? Bugun shu savolga atroflicha javob berishga urinib ko‘ramiz.

1999 yil. Futbol olamidagi eng muhim voqealar

- Ibra o‘zining debyut golidan 5 oy avval, «Manchester Yunayted» tarixiy uchrashuvda «Bavariya» ustidan g‘alaba qozondi va EChL bosh sovriniga ega chiqdi. Evropa Chempionlar ligasi tarixidagi eng yodda qolarli bahslardan birida «qizil iblislar» Sheringem va Sulsherning gollari evaziga so‘nggi soniyalarda «Bavariya»dan g‘alabani ilib ketgani darrov ko‘z oldingizga kelgani aniq.

- O‘sha davrlarda darajasi hozirgi Evropa Ligasidan ancha baland bo‘lgan UEFA kubogida Italiyaning «Parma» klubi g‘alaba qozondi. Veron, Buffon, Tyuram, Krespo va Kezani tarkibda jamlagan jamoa turnir davomida yo‘lidan chiqqan barcha raqiblarni «yanchib» tashlaydi.

- So‘nggi bor o‘tkazilgan «Kubok egalari kubogi» turnirida Rimning «Latsio» jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritadi. O‘sha davrlardagi «burgutlar»ning tarkibiga bir e’tibor qarating: Nedved, Salas, Manchini, Stankovich, Nesta, Veri, Fernandu Kouto, Sinisha Mixaylovich... Keyinroq jamoa tarkibni Diego Simeone, Veron va Simone Inzagi bilan yanada kuchaytirib oladi. Monakoda bo‘lib o‘tgan UEFA superkubogida «Manchester Yunayted» mag‘lub etiladi.

- Kievning «Dinamo»si Valeriy Lobanovskiy boshchiligida Evropani ostin-ustun qilib tashlaydi. Klub Evropa Chempionlar ligasining yarim finaliga qadar etib keladi. Shevchenko esa, 8 ta gol kiritib, turnir to‘purariga aylanadi. Ko‘p o‘tmay, uni «Milan» kattagina summa evaziga o‘z safiga qo‘shib oladi.

- «Oltin to‘p» «Barselona» bilan «mo‘’jiza» ko‘rsatgan Rivaldoga berildi. Kelajakda «Bunyodkor» jamoasi a’zosi bo‘lgan braziliyalik futbolchidan keyingi o‘rinlarni Devid Bekxem va Andrey Shevchenko egalladi. Kuchli o‘nlikka Batistuta, Figu, Roy Kin, Kristian Veri, Veron, Raul va Matteus kirdi.

- Kuchli beshlik chempionatlarida «Manchester Yunayted», «Barselona», «Milan», «Bavariya» va «Bordo» klublari g‘alaba qozondi.

- Zlatan o‘zining ilk golini nishonlayotgan paytda Ronaldu 14 yoshli o‘spirin edi. U «McDonald's»dagilarning choy-chaqasi evaziga kun ko‘rar, «Sporting» akademiyasining oddiy bir a’zosi edi. Leo Messi esa, 120 sm bo‘yga ega 12 yoshli bolakay bo‘lgan. Killian Mbappe endigina 10 oylik chaqaloq, Erling Xoland Zlatanning ilk golidan 9 oy o‘tib dunyoga keladi.

1999 yil. O‘zimizning futboldagi eng muhim voqealar

- Ibra o‘zining ilk golini kiritgan yili O‘zbekiston chempionatida «Do‘stlik» (64) klubi bir ochkoga «Neftchi»ni (63) ortda qoldiradi va finishga birinchi o‘rinda etib keladi. Ichki birinchilikda «Neftchi» a’zosi Umid Isoqov va Baxtiyor Hamidullaev 24 ta gol bilan to‘purarlar poygasida g‘alaba qozonadi. Bronza medallari esa, «Navbahor» klubiga nasib etadi. Toshkentning «Paxtakor» jamoasi 58 ochko bilan 4-pog‘onani egallaydi.

- Bugungi kunda «Milan» sharafini himoya qilayotgan afsona o‘zining ilk golini kiritgan paytda, O‘zbekiston terma jamoasi postida Mahmud Rahimov ish boshlagan edi. Braziliyalik Veyga da Silvaning o‘rnini egallagan murabbiy terma jamoa boshqaruvida 6 ta o‘yin o‘tkazadi va barchasida g‘alaba qozonadi.

2000 yilning boshida esa, UFF terma jamoani Viktor Borisovga topshiradi.  

- 1999 yilda O‘zbekistonda yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida «Paxtakor» a’zosi Andrey Akopyants e’tirof etiladi. Undan keyingi o‘rinlarni Shuhrat Rahmonqulov («Navbahor») va No‘’mon Hasanov («Paxtakor») egallaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!