
"4 ta mag‘lubiyat - bu ko‘payib ketdi" yoxud "Yangier" bosh murabbiyi pro ligada syurpriz ko‘rsatayotgan klub, jamoasidagi asl vaziyat va Superligaga chiqadigan ishtirokchini aytdi
Pro liganing bu yilgi mavsumi kutilganidek ancha shiddatli va keskin kurashlarga boy o‘tyapti. Bu erda osonlikcha jon taslim qiladigan klublar yo‘q, hisobi. Aksariyat jamoalar tarkibini kuchaytirishga erishishdi.
Bu borada “Yangier” klubini ham aytib o‘tish kerak. Chempionatga tayyorgarlik jarayonida selektsiyada yaxshi ishlashdi va bir qator Superligada o‘ynagan futbolchilarni olib kelishga erishishdi. Lekin yaxshi tarkibga ega bo‘lgan “Yangier” klubi 5 ta turda bitta g‘alaba va to‘rtta mag‘lubiyat qayd etdi.
Oldinda klubni O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichining ilk turida “Andijon”ga qarshi uchrashuv kutyapti. Bo‘lajak bahs oldidan Sports.uz muxbiri “Yangier” bosh murabbiyi Bekzod Qodirqulov bilan suhbatlashdi.
- “Yangier” jamoasining O‘zbekiston Kubogida o‘z oldiga qo‘ygan vazifasi qanday yoki bor e’tiborini chempionatga qaratganmi?
- Biz bunisi chempionat, bunisi Kubok deb ajratib o‘tirmaymiz. Barchasiga birdek munosabatda bo‘lamiz. Kubokda birinchi o‘yinni o‘z uyimizda muxlislarimiz oldida “Andijon”ga qarshi o‘tkazamiz. Ushbu uchrashuvda g‘alaba qozonib, ishqibozlarimizni xursand qilishga harakat qilamiz. Chempionatdagi to‘rtta mag‘lubiyatdan keyin futbolchilarimiz biroz tushkun kayfiyatda. Shuning uchun ular bilan ruhiy jihatdan ko‘proq gaplashyapmiz. “Andijon” bilan uchrashuvda maydonga g‘alaba uchun chiqamiz.
- O‘zbekiston Kubogida “Yangier” qanday vazifa uchun kurashadi?
- Asosiy vazifamiz guruhdan chiqish. “Andijon” va “Aral Samali” bilan bo‘ladigan uchrashuvlarda bor kuchimizni sarflaymiz. “So‘g‘diyona” esa OFK Kubogida qatnashadi. Bu jamoaga qarshi maydonga tushish bizga motivatsiya beradi. Umumiy olib qaraganda, guruhdan chiqishimiz uchun bizda imkoniyat bor.
- “Yangier” pro liganing dastlabki turida g‘alaba qozongandi. Ammo keyingi to‘rtta turda ketma-ket mag‘lubiyatga uchrayapti. Bu nima bilan bog‘liq?
- Shu narsani biz ham tahlil qilyapmiz. Ko‘proq o‘yinlar chog‘ida vaziyatlardan foydalana olmayotganimiz ham bizga pand beryapti. Har bir uchrashuvda 3-4 tadan golli imkoniyatlarimiz bo‘lyapti. Shulardan foydalana olmayotganimiz uchun mag‘lubiyatga uchrayapmiz. Buning sababini shu bilan izohlagan bo‘lardim. Futbolchilarimiz tajribali, bunday vaziyatdan chiqib keta olamiz.
- Aynan tarkib xususida so‘ramoqchi edim. Superligada to‘p surgan o‘yinchilarni jamoaga olib keldingiz. Nima, ular kutilgan darajada jamoaga yordam bera olmayaptilarmi?
- Futbolchilarimiz qo‘ldan kelganicha harakat qilishyapti. Aytyapman-ku, vaziyatlardan foydana olmayapmiz. Bizga gol etishmayapti. Gol ura olmasak, raqiblarimizni yuta olmaymiz. Biroq imkoniyatlarni yo‘qqa chiqarayotganimiz jamoaga ta’sir o‘tkazmasligi kerak. Mashg‘ulotlarda shuning ustida ham ish olib boryapmiz. Yuqorida aytdim, ruhiy tomondan ham ishlayapmiz. “Andijon” bilan o‘ynaganmiz. Bu jamoani “G‘ijduvon” bilan o‘yinini ko‘rib chiqamiz va tahlil qilamiz. 8 aprel kuni maksimal darajada tayyorlanamiz.
- Chempionatdagi to‘rtta mag‘lubiyatdan keyin orada Kubok bahslari o‘tkaziladi. Balki bu holat jamoangizga qanday yordam berishi mumkin?
- Agar bitta yutib olsak, yigitlarning ruhiyati ham ko‘tariladi. Kubokdagi o‘yinlarimiz chempionatga ham tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Agar biz guruhda ikkita uchrashuvda yutadigan bo‘lsak, keyingi bosqichga chiqamiz va bu jamoamizga motivatsiya ham beradi. Natijada chempionatga boshqacha ruhda kirib boramiz.
- “Yangier”ning tarkibini ko‘rib ko‘p narsa kutgandik. Turnir jadvalida esa jamoangiz 9-o‘rinda. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, endi klubingiz jon saqlab qolish uchun kurashadimi yoki...
- Yuqori o‘rinlar uchun maksimal ravishda oxirigacha kurashamiz. Bundan keyin ham har bir uchrashuvda g‘alaba uchun harakat qilamiz. Buni o‘yinchilarimiz ham juda yaxshi tushunib turishibdi. O‘yin davomida to‘pni o‘zimizda nazorat qilish va imkoniyatlarni yuzaga keltirishda faolligimiz bor. Menimcha, bir-ikkita g‘alabadan keyin ikkinchi davrada ishlarimiz joyiga tushib ketadi. Hozirgi omadsizligimiz vaqtinchalik. Ammo to‘rtta mag‘lubiyat – bu biroz ko‘payib ketdi. Balki Kubokdagi g‘alabalarimiz chempionatda yaxshi tarafdan foyda berishi mumkin.
- Pro liganing bu yilgi saviyasi qanday? O‘tgan yilgidan ko‘ra qanday farqi bor?
- O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdi, Superligadan uchta jamoa pro ligaga tushdi. Shuning hisobiga pro liganing saviyasi kuchaydi. O‘tgan yilgiga qaraganda, 50 foizga daraja ortdi. Endi g‘alaba qozonish oson bo‘lmayapti. Bir ochko uchun ham juda jiddiy kurash kechyapti. Bu yil Superligaga kim chiqishini bilib bo‘lmaydi.
- Pro ligada siz uchun syurpriz ko‘rsatayotgan klub qaysi?
- “Xorazm” yaxshi start oldi. Faqat shuni ayta olaman. Qolgan lider klublar ham harakat qilyapti. “Xorazm” bunday darajani oxirigacha davom ettiradimi-yo‘qmi, bilmadim. Buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin hozirgi ko‘rsatayotgan o‘yinlari yaxshi. “Andijon” ham Superliga vazifasini qo‘ygan. O‘zida kerakli ochkolarni yig‘ib boryapti. Legioner va tajribali o‘yinchilariga ega. Menimcha, ular o‘z maqsadiga erishadi.
Fikrlar