O'zbekiston mundialni boshlamay turib to'qqiz million dollar ishlab oldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi AQSh, Meksika va Kanada mezbonlik qilayotgan jahon chempionatidagi ishtirokini hali boshlagani yo‘q.
Fabio Kannavaro boshchiligidagi terma jamoamiz mundialdagi birinchi uchrashuvini 18 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 7:00 da o‘tkazadi.
"K" guruhidagi ilk raqib Xames Rodriges va Luis Dias yetakchiligidagi Kolumbiya terma jamoasi bo‘ladi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbol bo‘yicha 2026 yildgi jahon chempionatida ishtirok etish orqali katta miqdorda mukofot pulini kafolatlab bo‘ldi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, eng noqulay stsenariyda ham, ya’ni O‘zbekiston terma jamoasi musobaqani 33–48-o‘rinlar oralig‘ida yakunlasa ham, kamida 9 million dollar mukofot puli oladi.
Terma jamoaning ishtirokchilar orasidagi reytingi ko‘tarilgani sari mukofot jamg‘armasi ham oshib boradi.
Eslatib o‘tamiz, "JCh-2026" guruh bosqichida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Kolumbiyadan tashqari, Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi vakillari bilan ham kuch sinashashiga to‘g‘ri keladi.
FIFA qaroriga ko‘ra, bosqichdan bosqichga o‘tgan jamoalarning ishlab topadigan daromadlari ham oshib boradi. Mundial oxirida jahon chempioni bo‘ladigan milliy terma jamoa esa 50 million dollar mukofot puliga ega chiqadi.
Mutaxassislar fikricha, turnirda g‘alaba qozonish uchun asosiy da’vogarlar sifatida Ispaniya va Fransiya terma jamoalari tilga olinmoqda.
Amaldagi jahon chempioni unvoni hozircha, sakkiz karra "OLtin to‘p" sohibi Lionel Messi yetakchiligidagi Argentina terma jamoasi saqlab turibdi.

Fikrlar