"7 ta gol uramiz deb o‘ylamagandim, biz uni ko‘r-korona taklif qilgandik" - Bahrom Haydarov

  • 23 aprel, 06:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichida “Qo‘qon-1912” jamoasi safarda Andijon futbol akademiyasi jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Bellashuvda qo‘qonliklar javobsiz 7 ta gol urgan holda o‘ta yirik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan so‘ng “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Bahrom Haydarov savollarga javob qaytardi.

Tecno

- Birinchi navbatda futbolchilarimni g‘alaba bilan tabriklayman. Umumiy oladigan bo‘lsak, raqibimiz juda yosh futbolchilardan tashkil topgan. Birinchi bo‘limda qo‘rqmasdan o‘ynaganlari meni qoyil qoldirdi. Baribir yoshdagi farq bilinadi. Birinchi bo‘limda yaxshi taassurot qoldirdi. Kelajagi porloq yigitlar ekani ko‘rinib turibdi. Qo‘rqmasdan futbol o‘ynashyapti. Faqat oldinga intilishyapti. Bunday uchrashuvlarga “nastroy” qilish qiyin. Yigitlarimizga ta’kidlab o‘tsak ham baribir shunday bo‘lib turadi. Raqib birinchi bo‘limda futbolchilarimni qiynab qo‘ydi. Tanaffusda qattiqroq gaplashdik va ikkinchi bo‘limda tajriba o‘z so‘zini aytdi. Qayd etilgan hisob aslo raqibdan kuchsizligidan emas. Faqat yosh farqi bo‘ldi.

- Birinchi taym 0:0 bilan yakunlandi. Ikkinchi taymda esa 7 ta gol urilishi kamdan-kam uchraydigan holat. Bunday bo‘lishini kutganmidingiz?

- Yirik hisob bo‘lmasa ham g‘alaba qozonishimizni xohlagandim. To‘g‘risini aytsam, yashirishni keragi yo‘q, birinchi bo‘limga qaraganda, katta hisob bo‘lib ketishini kutmagandim. Ularni kuchi etmay qoldi. Bu jismoniy taraflama ham bilindi va yoshlik farqi ham so‘zini aytdi. 7 ta to‘p uramiz, deb o‘ylamagandim. Hech bo‘lmaganda 2:0 yo 3:0...Raqib ham balki gol urishi mumkin edi.

- Birinchi bo‘limdan keyingi o‘zgarishlar ham o‘z so‘zini aytdi. Baxtiyor Qosimov, Egor Kondratyuk kabi futbolchilarning maydonga tushishi o‘yinni qanchalik o‘zgartirdi, deb o‘ylaysiz?  

- Birinchi bo‘limda maydonga tushganlar chempionatda kamroq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishayotgandi. Shuning uchun ularga o‘yin tonusiga tushib olishligi uchun imkoniyat bergandik. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar hozirgi kundagi asosiy tarkib o‘yinchilarimiz. O‘yin tonusida ham ularni farqi bilinib qoldi.

- Bunday o‘ta yirik hisobdan keyin Superliganing navbatdagi o‘yiniga jamoangiz uchun qanchalik motivatsiya beradi, deb hisoblaysiz?

- Motivatsiya bersa yaxshi. Buni har xil tomonlama tushunish kerak. Salbiy tarafga ham, ijobiy tarafga ham ketib qolishi mumkin. Buning ustida ishlaymiz va gaplashamiz. Asosiy maqsadimiz guruhdan chiqish, ammo hozircha to‘liq bu masalani hal qilib olganimiz yo‘q. Oldimizda turgan “Xorazm”ga qarshi bellashuv juda mas’uliyatli o‘yin. Uch ochko uchun o‘yin bo‘ladi. Jamoamiz har taraflama tayyor. Faqat ruhiy jihatdan puxta tayyorlay olsak, o‘ylaymanki, ijobiy natija beradi.

- Shuningdek, legioner hujumchi Kobenna bilan shartnoma bekor qilindi. Buning asosiy sababi nima bilan bog‘liq?

- Uning kelishida jarohati bor ekan. Bir-ikkita o‘yinlarda uni tekshirib ko‘rmoqchi edik, o‘rinbosarlar tarkibida. Biroq jarohati bilan bog‘liq holat tufayli uni sifatli o‘yinchimi yoki yo‘qmi, bila olmadik. Biz shunday shartnoma tuzgandikki, bir oycha sinov muddati bilan kelishuv amalga oshirilgan.  Ammo sinov muddatida biz uning o‘yinini ko‘ra olmadik. Faqat mashg‘ulotlarda ko‘rdik. Shunda ham u ko‘p jarohat oldi. Shu sababli futbolchi bilan xayrlashishga to‘g‘ri keldi.

- Uning kelishi transfer xatosi bo‘lmadimi?

- Bizga hujumchi juda zarur edi. Qidirdik, oxirida transfer oynasi yopilayotganda vaqt ziq bo‘lib qolganida biz u bilan sinov muddati bilan shartnoma tuzishga majbur bo‘ldik. Har bir jamoada, har bir murabbiyda adashishlar bo‘ladi. Biz uni ko‘r-ko‘rona tavakkal qilib olgandik. Bu o‘zini oqlamagani uchun xayrlashdik.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!