Baxtiyor Ashurmatovning ilk finali

  • 20 oktabr, 2018, 09:15
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu yilgi O‘zbekiston Kubogi finaliga OKMK jamoasining chiqqani qaysidir tomondan kutilmagan voqelik bo‘ldi desak adashmaymiz. Endi ular hal qiluvchi bahsda “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushishadi. Shuni aytish mumkinki, olmaliqliklar ustozi Baxtiyor Ashurmatov uchun bu murabbiylik faoliyatidagi birinchi final hisoblanadi. Qolaversa, OKMK ham o‘z tarixida birinchi bor Kubok finaliga yo‘l oldi. Shu sababli mazkur bellashuv uning va jamoasi uchun katta ahamiyat kasb etadi. Murabbiy birinchi finali, bo‘lajak o‘yin va yana ayrim masalalarda o‘z munosabatini bildirdi.

Tecno

“Haqli ravishda finalga chiqdik”

- Jamoani qabul qilib olgunimcha ko‘p ochkolar boy berilgandi. Ammo shunga qaramay, oldimizga ikkita vazifa qo‘yilgandi. Biri kuchli oltilikka kirish bo‘lsa, ikkinchi maqsadimiz Kubok bahslarida iloji boricha uzoqroqqa borishimiz kerak edi. Afsuski, chempionatda kuchli oltilikka kira olmadik. Ammo Kubok masalasida rahbariyatimiz oldimizga qo‘ygan vazifani minimum tarzda bajardik. Ayniqsa, yarim final o‘yinidan oldin ko‘p bor ta’kidlandiki, ya’ni, “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuv mening murabbiylik faoliyatimdagi birinchi yarim final edi. Shuningdek, jamoamizdagi ko‘plab futbolchilar ham final tugul, hatto yarim finalga ham chiqishmagandi. Shu sababli o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida yigitlarga bunday imkoniyat har doim ham bo‘lavermasligini alohida ta’kidlagandim. O‘z mehnatlarimiz orqali yarim finalga etib keldikmi, endi maydonga chiqqanda bor vujudimiz, mehnatimiz bilan jangovor o‘yin ko‘rsatgan holda finalga chiqish vazifasini ham hal qilishimiz kerakligini yigitlarga rosa uqtirgandim. Qolaversa, bunday bellashuvlarga yigitlar o‘zlarida qo‘shimcha kuch ham topa oladilar. Xullas, o‘yinchilarimizni har tomonlama ruhlantirgandik. O‘yini juda yaxshi shakllangan, kuchli murabbiylarga ega bo‘lgan “Bunyodkor”dek klubga qarshi o‘yinda munosib qarshilik ko‘rsatib, haqli g‘alabaga erishib finalga chiqdik deb o‘ylayman.

“Kubokda syurprizlar bo‘lib turadi”

- Yarim finaldan o‘tib oldik va endi final bahsining muhimlik darajasi yanada oshadi. Endi final o‘yinidan oldin yigitlarni ortiqcha ruhlantirishga ham hojat qolmaydi. To‘g‘ri, “Paxtakor”ning tarkibi kuchli va ayniqsa, oxirgi paytlarda chiroyli futbol namoyish etishyapti. Lekin buni o‘z nomi bilan Kubok o‘yini deb qo‘yishgan. Bunday Kuboklardagi o‘yinlar esa har xil syurprizlarga boy bo‘ladi. Shu sababli bizning yigitlarimiz oxirigacha kurashishadi.

“Murabbiylikdagi ilk finalim bois buning ahamiyati katta”

- Murabbiy sifatida jamoalarning ishtiroklariga va natijalariga qarab turaman. Bu mening murabbiylikdagi birinchi finalim bo‘lganim bois men uchun ham muhim ahamiyatga ega. “Bunyodkor” bilan bo‘lib o‘tgan o‘yin murabbiylik faoliyatimdagi eng muhim uchrashuvlardan biri bo‘ldi. Boya aytganimdek, hali murabbiylikda jamoamni yarim finalgacha olib chiqmagandim. Biz bu qadamni bosib o‘tdik. Endi oldimizda final turibdi. Demak, uning ahamiyati ikki hissa oshadi. Ayniqsa, murabbiylikdagi birinchi finalim bo‘lgani bois o‘zim uchun ham juda katta ahamiyatga ega.

“Paxtakor”ga qarshi ochiq futbol ko‘rsatib bo‘lmaydi”

- Dunyoda ko‘p o‘yinlar bo‘ladi, kimdir kuchli va kimdir kuchsiz. Biroq futbol shunday o‘yinki, u syurprizlarga boy sport turi hisoblanadi. Kuchli jamoalarning o‘ziga nisbatan biroz kuchsiz raqiblarga yutqazib qo‘yishi ko‘p holatlarda kuzatilgan. Bo‘lajak uchrashuvda futbolchilruhlantirishda muammolarga duch kelmaymiz. Ammo hali biz final o‘yinini o‘ylaganimiz yo‘q. Negaki, hali chempionatimizdagi mavqeimizni yaxshilab olishimiz lozim. Shunday ekan, oldimizda Superliga o‘yinlari bor. Final bahsiga yaqin “Paxtakor”ning o‘yinlarini yana ko‘rib chiqamiz va shunga qarab tayyorgarlikni boshlaymiz. Oldimizda hali chempionat o‘yinlari turib, Kubok finali haqida o‘ylay olmaymiz. Chunki har bir o‘yin biz uchun muhim ahamiyatga ega. Endi “Paxtakor” bilan bo‘ladigan uchrashuvga kelsak, ushbu bellashuvda ochiq futbol ko‘rsatib bo‘lmaydi. Lekin bunday kuchli jamoalarga qarshi uchrashuvlarda butun o‘yin davomida himoyalanishning ham iloji yo‘q. Shu sababli biz ham iloji boricha o‘z darvozamizdan uzoqroq himoyalanishga va hujumda ham faolroq bo‘lishga harakat qilamiz.

“Qo‘qonda asosan zaxiradagilarga imkoniyat berdim”

- To‘g‘ri, “Bunyodkor”ni yutib finalga chiqqanimizning ta’siri chempionat doirasida “Qo‘qon-1912”ga qarshi uchrashuvda sezildi. Jamoada g‘alaba qozongan sari ishonch ortib boraveradi. Qo‘qonda g‘alaba qozonganimizning yana bir asosiy omillaridan biri shundaki, “Bunyodkor”ga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida zaxirada qolayotgan futbolchilarga, yigitlar men hammangizga ishonaman, afsuski, barchangizni birdaniga asosiy tarkibda maydonga tushirishning iloji yo‘q. Shu bois “Bunyodkor”ni yutib olsak, keyingi uchrashuvda zaxirada qolib ketayotgan futbolchilarga imkoniyat beraman deb aytib o‘tgandim. Natijada “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yinda asosiy tarkibdagi besh nafar o‘yinchini o‘zgartirdim. Bu esa oldindan rejalashtirilgan ishimiz edi. Ammo ushbu rejamiz o‘zini oqladi. Oxirgi paytlarda Jasur Hasanov, Lutfulla To‘raev kabi futbolchilarimiz bungacha etarlicha “nagruzka” olishgandi. Shu bois asosan zaxirada o‘tirgan va kuchga to‘la bo‘lgan o‘yinchilarni maydonga tushirdim. Aytishim mumkinki, ular Qo‘qonda yaxshi saviyadagi o‘yinni ko‘rsatishdi. Bu o‘yin shuni ko‘rsatib berdiki, biz nafaqat 11 nafar futbolchiga, balki butun boshli jamoaga ishonishimiz mumkinligi yana bir bor ko‘rindi.

“Finalda bizning muxlislarimiz ko‘proq bo‘ladi”

- Qanday maydonda bo‘lsa ham finalda o‘ynashimiz kerak. Lekin Farg‘onadagi o‘yinda “Paxtakor”ga nisbatan bizning muxlislarimiz ko‘proq bo‘ladi. Chunki o‘zim qo‘qonlikman va Farg‘ona bu shaharga juda yaqin. Shuningdek, murabbiy sifatida Andijon hamda Namanganda ishlaganman. U erlarda o‘ziga yarasha muxlislar orttirganman. Shu bois o‘ylaymanki, Andijon, Namangan va Qo‘qondan ko‘plab muxlislar kelib bizning jamoaga ishqibozlik qilishadi. Bu esa qaysidir tomondan bizga ozgina bo‘lsa ham ustunlik berishi mumkin.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!