
Baxtiyor Namozovning o‘rnini kim bosadi? Yoxud hakamlikni erta yakunlagan komissar!
O‘zbek hakamlik maktabida Ravshan Ermatov kabi xalqaro miqyosida hurmat-e’tibor qozongan Baxtiyor Namozovni futbol muxlislari juda yaxshi bilishadi. Avvaliga futbolchi sifatida maydonda to‘p surgan Namozov keyinchalik o‘zini hakamlik sohasiga bag‘ishlashga qaror qildi. Natijada oliy liga bahslarida bosh hakam sifatida gavdalandi. Keyin esa Namozov plyaj futbolida paydo bo‘ldi. Aytish mumkinki, aynan plyaj futbolida u bir muncha muvaffaqiyatlarga erishdi. Bir necha bor jahon chempionatlarida ishtirok etdi. Ayniqsa, o‘tgan yili o‘tkazilgan mundialda ishladi va final uchrashuvini boshqargan ilk osiyolik hakam sifatida tarixdan joy oldi. O‘zbekistonlik ushbu hakamga FIFA va OFKning ham ishonchi katta edi. Ammo Baxtiyor Namozov hakam sifatida ko‘rinmay qoldi. Endilikda u O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida hakamlar boshqarmasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda va Superliga o‘yinlarida komissar sifatida ishlamoqda.
“Hakamlikni davom ettirsam nogiron bo‘lib qolishim mumkin edi”
Baxtiyor Namozovning nima uchun hakamlikdagi faoliyatini yakunlagani ishqibozlarni qiziqtirib kelayotgandi. Bu masala bo‘yicha uning o‘zi vaziyatni shunday tushuntirdi.
- O‘tgan yili plyaj futboli bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida qatnashdim. O‘sha musobaqadan oldin jarohat olgandim. Natijada jahon chempionati paytida normativlarni zo‘rg‘a topshirdim. Tan olaman, o‘yinlarda ham qiyinchilik bilan hakamlik qilgandim. Bir amallab mundialni o‘tkazib oldim. Ammo jarohatim borgan sari zo‘riqib boraverdi. Xorijlik shifokorlarga ko‘rsatganimda faoliyatimni tugatishim kerakligini aytishdi. Agar yana hakamlik qilishda davom etaversam, u holda keyinchalik nogiron bo‘lib qolishimni ta’kidladi. Bu gapdan keyin o‘ylanib qoldim. Keyin esa menga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidan taklif bo‘ldi va endi shu erda ishlayapman. Bu erda hakamlar boshqarmasida Ma’mur aka Saidqosimov bilan mehnat qilyapman. Endilikda Superliga, pro-liga, ayollar futboli o‘yinlariga komissar sifatida boryapman.
“Hakamlikni tashlaganimga ishona olmayapman”
Jarohat faqat futbolchilarda bo‘ladi deydiganlar adashadi. Buni Namozov misolida ham ko‘rib turibsiz. Eng achinarlisi, u hakamlikda rosa yuqoriga ko‘tarilayotgan paytda jarohat bilan faoliyatini tugatdi.
- Hakamlik faoliyatimni juda erta tugatganim achinarli bo‘ldi, - deb mavzuni davom ettirdi. - Menda yana besh yillik imkoniyat bor edi. Ba’zi paytlarda hakamlikni tashlaganimga ishonmayapman. Hammasi juda tez sodir bo‘lgani sababli men uchun kutilmaganda bo‘ldi. Oliy ligadagi va jahon chempionatidagi oxirgi o‘yinlarimni o‘tkazganimda o‘sha paytda bu men uchun so‘nggi o‘yin bo‘lganini xayolimga ham keltirmagandim. Keyinchalik oyog‘imni operatsiya qildirganimdan keyin o‘sha boshqargan o‘yinlarim men uchun oxirgisi bo‘lganini tushunib etdim. Faoliyatimni jarohat bilan tugatishimni o‘ylamagandim.
“Komissar sifatida ishlash menga engilroq”
Endi hakam Namozov emas, balki komissar Namozov ko‘z oldimizda gavdalanyapti. Vaqt o‘tgan sari bu holatga ham ko‘nikib boriladi. Futbolchi va hakamlikdan keyin komissarlik qilish unga qiyinchilik tug‘dirmayotgan bo‘lishi tabiiy. Har holda qaysidir ma’noda o‘z sohasiga yaqin bo‘lgan lavozimda ishlayapti.
- Maydonda o‘ynab yurganimda futbolchilik men uchun boshqa hayot edi. Hakamlikka o‘tganimdan keyin men uchun yangi hayot boshlandi. Mana, endi hakamlik faoliyatimni tugatdim va menda yana yangi hayot boshlandi, chunki faoliyatim o‘zgardi. Lekin bu ham men uchun qiziqarli ish. Birinchisi futbolda, ikkinchisi hakamlik, endi esa...nima bo‘lganda ham men futbolning ichidaman. Hozirgi ishim esa men uchun notanish emas. To‘g‘risi, komissar sifatida ishlash menga engilroq. Chunki hakamlarni va ularning ishini juda yaxshi bilaman. Hozirgi hakamlar bilan birgalikda ilgari oliy ligada ishlaganmiz. Baribir o‘zaro munosabatlariz bor. Biz barchamiz bir oilamiz. Shuning uchun bu sohada yangi odam emasmiz. Bugungi kundagi hakamligimizda o‘sish bor. Yangidan-yangi iqtidorli hakamlar ham etishib chiqyapti. Men ketsam baribir o‘rnimga boshqasi chiqadi. Hayot to‘xtab qolmaydi. O‘zbekiston hakamlarining salohiyati yuqori ekanligini FIFA va OFKda yaxshi bilishadi.
“Hozircha plyaj futboli bo‘yicha o‘rnimga hakam yo‘q, ammo topaman”
Shu o‘rinda bir o‘ylantiriladigan savol bor. Plyaj futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan hakamimizning o‘rnini endi kim egallaydi? Bu hozirgi kunda o‘ylantiradigan savol ekanligi ham rost. Bu borada uning o‘zi shunday dedi:
- Uch-to‘rt yil oldin OFK prezidenti bilan gaplashganimda o‘rningga nomzod topish kerak degandi. FIFAni hakamlar bilan bog‘liq limiti olib tashlandi. Oldin 45 yoshgacha hakamlik qilishi mumkin edi. Shuning uchun OFK prezidentiga oxirigacha hakamlik qilaveraman deb hazillashgandim. Boya aytganimdek, baribir yuragim hakamlikka tortyapti. Endi 100 foiz maydonga chiqib hakamlik qila olmaymanmi, degan savol meni qiynayapti. Ya’ni, hakamlikdan ketganimni birdaniga xazm qilish og‘ir bo‘lyapti. O‘zimga qolsa yana hakamlik qilishni xohlayapman. Ammo bunga imkonim yo‘q. Hozircha plyaj futboli bo‘yicha o‘rnimga hakam yo‘q, ammo topaman.
Shuhratbek JO‘RAEV.
Fikrlar