Bugun final yoxud “Marsel” va “Atletiko” haqida qiziqarli faktlar
Xabaringiz bor bugun Frantsiyaning Lion shahrida UEFA Evropa ligasining final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shu kuni hal qiluvchi bahsga qadar etib kelgan ikki jamoa – “Marsel” hamda “Atletiko” Madrid g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Quyida ushbu ikki jamoa haqida bir qator qiziqarli faktlarni e’tiboringizga havola qilishni lozim topdik.

- Shu kunga qadar frantsuz klublari hech qachon Evropa ligasi va uning yaqin o‘tmishdagi ajdodi hisoblangan UEFA Kubogida g‘olib chiqishmagan;

- “Atletiko” Evropa ligasi tashkil etilgach, uni qo‘lga kiritgan ilk jamoa hisoblanadi. “Matraschilar” ushbu musobaqaning ikki karra (2010, 2012 yillar) g‘olibidirlar.

- “Marsel” joriy mavsum evrokuboklar doirasida o‘z maydonida 9ta o‘yindan 8tasida g‘alaba qozongan. Mehmonda o‘tkazilgan 9ta o‘yindan faqatgina “Atletik” Bilbaoga (2:1) qarshi o‘yinda g‘alaba qozongan.

- “Atletiko” esa Evropa ligasining joriy mavsumida jami 8ta o‘yin o‘tkazdi va shularning 6tasida g‘alaba qozondi. Bir o‘yinda durang o‘ynab, yana birida mag‘lub bo‘ldi.

- “Marsel” va “Atletiko” 2008/09 yilgi mavsum Chempionlar ligasida bir guruhda kurash olib borishgan. Madridda kechgan bahsda “matraschilar” 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgan bo‘lishsa, Marseldagi o‘yin 0:0 hisobida yakunlangan.

- “Atletiko” Lionda bundan avval ham finalda o‘ynagan. 1986 yilgi Kubok egalari kubogi musobaqasining hal qiluvchi bahsida madridliklar Kievning “Dinamo”siga 3:0 hisobida imkoniyatni boy berishgan.

- “Marsel” oradan 14 yil o‘tib yana Evropa Ligasi (UEFA Kubogi) finalida to‘p suradigan bo‘ldi.

- “Atletiko” UEFAning klublar reytingida 2-pog‘onani egallab turgan bo‘lsa, “Marsel” ushbu ro‘yxatning 46-o‘rnida joylashgan.
Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.
Eslatib o‘tamiz, “Marsel” hamda “Atletiko” jamoalari o‘rtasidagi final o‘yini bugun Toshkent vaqti bilan soat 23:45da start oladi.

Fikrlar