
“Chelsi”ga qo‘yilgan ta’qiq Azar transferiga qanday ta’sir qiladi? (Erkin G‘aybullaev tahlili)
“Chelsi”ga yangi transferlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘yilgan ta’qiq klubning yaqin kelajakdagi rejalariga keskin ta’sir qiladigan bo‘ldi. Ammo navbatdagi ikki transfer bozorida ishtirok eta olmaydigan klub bilan birga bu Azarga ham ta’sir qilishi mumkin.
Belgiyalik hujumchi yozda Madridning “Real”idan tushgan taklif tufayli klubda qolish yoki qolmasligi haqida uzoq o‘ylaganini aytdi. Shu bilan birga haqiqatdan imkon tug‘ilsa Ispaniya poytaxtiga ko‘chib o‘tishni ma’qul ko‘rishiga sha’ma qildi.
Agarda ishlar shu tariqa rivojlansa 28 yoshli futbolchining ehtimoliy transferi amalga oshishi mumkin. Biroq “Chelsi” hech qanday xatolikka yo‘l qo‘ymaganiga ishonmoqda va ta’qiq kamaytirilishiga yoki kamida qayta ko‘rib chiqilishiga umid qilmoqda.
Huddi shunday holat “Barselona” bilan ham sodir bo‘lgandi. Kataloniyaliklar yakunda bu ishni biroz kechiktirishga erishgandi va 2014-yil yozida bir qator yirik transferlarni – Luis Suares, Ivan Rakitich va Mark-Andre Ter Shtegenlarni olib kelgandi.
O‘sha mavsumda “ko‘k-anorranglilar” mavsumni yuqori kayfiyatda o‘tkazib, yakunda treblga erishgandi. Madridliklar esa ikki transferlik ta’qiqni bittagacha kamaytirishning uddasidan chiqqandi. 2017-yil yanvarida “qaymoqranglilar” o‘z safini to‘ldira olmadi va bu ularga unchalik jiddiy ta’sir qilmadi.
Agarda “ko‘klar”ga qo‘yiladigan ta’qiq ortga suriladigan bo‘lsa, kelayotgan yozda Azar klubni tark etish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘ladi.
Londonliklar etakchisi uchun 100 million funtdan ortiq taklif tushadigan bo‘lsa “aristokratlar” hech ikkilanmay o‘z etakchisini qo‘yib yuboradi va unga munosib o‘rinbosar olib kelishga urinib ko‘radi.
“Stemford Bridj”dagilar hamon futbolchining yangi shartnoma imzolashiga umid qilmoqda. Ammo bu madridliklarning “Lill” klubi sobiq etakchisiga qanchalik qiziqish bildirayotganiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Madridliklar Azar ushbu transferga rozi ekanligini sezib turibdi. Biroq ispan jamoasi mavsumning qolgan qismi qanday kechishini kuzatmoqda, shuningdek transfer bozorida ehtimoliy boshqa bir etakchi futbolchining nomi paydo bo‘lish variantini ham zimdan kuzatmoqda.
O‘tgan yozda Krishtianu Ronalduning “Yuventus”ga ketishi ortidan madridliklar nishonidagilardan biri aynan Eden Azar bo‘lgandi. Ammo u bilan birga “PSJ” etakchilari Neymar va Kilian Mbappelar ham Florentino Peresning nishoni edi. Azar transferini madridliklar juda qimmat deya baholadi.
28 yoshli futbolchining shartnomasi 2020-yilda o‘z nihoyasiga etadi. Shu tufayli bu yozda klub uni arzonroq narxga ham qo‘yib yuborishi mumkin. Bunday qilmasa londonliklar undan sariqa chaqa ham ishlay olmaydi.
Kamiga London jamoasiga qo‘yilayotgan ta’qiq o‘z kuchida qolish-qolmasligi ham Azarning kelajagiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.
Boz ustiga klubda ayni vaqtda ijara asosida to‘p surayotgan Mateo Kovachich ham ta’qiq o‘z kuchida qolsa doimiy asosda klub vakiliga aylana olmaydi. Agarda bunday bo‘lmasa kelayotgan yozda xorvatiyalik futbolchi “Stemford Bridj”da qoladi.
Xullas, Abramovich klubiga nisbatan qo‘yilayotgan ta’qiq nafaqat “Chelsi”ga, balki bir qator futbolchilarining kelajagiga ham ta’sir qilmay qo‘ymaydi.
Fikrlar