
Di Mariyadan De Xeagacha yoxud yozda jamoasiz qolishi mumkin bo‘lgan yulduzlar terma jamoasi
Futbol – millionlar o‘yini. Bunda har bir jamoa o‘z o‘yinini mahoratli futbolchilar ustiga qurishga intiladi.Biroq shunday vaziyatlar bo‘ladiki, aynan o‘sha futbolchilar jamoani tark etishi bilan klubning taktikasi, o‘yin uslubida ham sezilarli o‘zgarishlar yuzaga keladi. Ba’zan o‘sha futbolchining o‘rni boshqa bir mahoratli futbolchilar bilan to‘ldirilganda ham muxlislar o‘sha avvalgi qadrdonlarini sog‘inaverishadi.
Biz ham quyida e’tiboringizga mavsum so‘nggida jamoa bilan ozod agent sifatida xayrlashuvchi ana shunday futbolchilardan tuzilgan ramziy terma jamoa tarkibini havola qilamiz.
Darvozabon
David De Xea (“Manchester Yunayted” Angliya)
Fuqaroligi: Ispaniya
Shartnoma muddati: 30.06.2019 gacha
27 yoshli ispaniyalik darvozabon 2011 yilning 1 iyulida manknunianlar darvozasini gollandiyalik Van Der Sarga munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rilgandi. MYu o‘shanda 20 yoshli darvozabon uchun “Atletiko”ga 18 million evro to‘lagandi. Bugungi kunga kelib De Xea “qizil iblislar”ning almashtirib bo‘lmas posboniga aylangan. Ammo mavsum so‘nggida uning jamoa bilan tuzilgan shartnomasi o‘z yakuniga etadi. Agarda jamoa rahbariyati De Xea bilan hamkorlikni davom ettirishni istasa, qishki transfer oynasiga qadar futbolchi bilan yangi shartnoma borasida kelishib olishi lozim. Aks holda, uni boshqa klub safida ko‘rishimiz mumkin.
Himoyachilar: Filipe Luis, Vensan Kompani, David Luiz, Antonio Valensiya
Filipe Luis (“Atletiko” Ispaniya)
Fuqaroligi: Braziliya
Shartnoma muddati: 30.06.2019 gacha
Filipe Luis 2015 yilning 28 iyul kuni “Chelsi”dan qayta sotib olingandi. Braziliyalik futbolchi aslida “Figeyrense” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Ammo u aynan “matraschilar” safida futbol ommasiga tanilgandi. 2014 yilgi mavsumdan so‘ng unga Angliyaning “Chelsi” klubi qiziqib qoladi. Ammo uning Londondagi faoliyati uzoq cho‘zilmadi va u yana qadrdon jamoasi safiga qaytdi. 33 yoshli futbolchining madridliklar bilan tuzilgan shartnomasi mavsum so‘nggida o‘z yakuniga etadi. Simeone esa hozircha braziliyalik shogirdiga yangi bitim taklif qilganicha yo‘q. Agar vaziyat shu tarzda davom etsa, Filipe Luis yozda erkin agentga aylanishi mumkin.
Vensan Kompani (“Manchester Siti” Angliya)
Fuqaroligi: Belgiya
Shartnoma muddati: 30.06.2019 gacha
“Anderlext” klubi qariyb 10 yildirki, “shaharliklar” safida to‘p surib kelmoqda. O‘tgan mavsumda u Gvardiolaning himoya chizig‘idagi ishongan tog‘laridan biriga aylandi. Ayni paytda bilagida jamoa sardori bog‘ichini taqib maydonga tushayotgan 32 yoshli futbolchi yaqin yillarda “Siti”ni tark etishiga ishonish mushkul. Ammo uning shartnomasi muddati mavsum so‘nggida yakunlanishini hisobga oladigan bo‘lsak, yaqin oylarda tomonlar muzokara stoli atrofiga jam bo‘lishlarini taxmin qilishimiz mumkin.
David Luiz (“Chelsi” Angliya)
Fuqaroligi: Braziliya
Shartnoma muddati: 30.06.2019 gacha
David Luizning taqdiri ham ko‘p jihatdan vatandoshinikiga o‘xshab ketadi. U ham Filipe Luis kabi Mourino bilan kelisha olmadi va Londondan Parijga ko‘chib o‘tdi. 2016 yilda jamoani italiyalik Antonio Konte qabul qilib olgach, yana ortga qaytarildi. Joriy mavsum so‘nggida David Luizning Londondagi sarguzashtlariga yakun yasalishi mumkin. Biroq boshqa tomondan Maurisio Sarri eng asosiy himoyachisining ketishiga shunchaki qarab turishiga ham ishonish qiyin...
Antonio Valensiya (“Manchester Yunayted” Angliya)
Fuqaroligi: Ekvador
Shartnoma muddati: 30.06.2019 gacha
Evropadagi faoliyatini “Vilyarreal”da boshlagan 33 yoshli himoyachi “qizil iblislar” safida 2009 yildan buyon to‘p surib kelmoqda. Ayni paytda boldir mushaklarining cho‘zilishi oqibatida orttirib olingan jarohat sabab, so‘nggi o‘yinlarni o‘tkazib yuborayotgan 33 yoshli futbolchi Mourinonning ishongan futbolchilaridan sanaladi. Ayni paytda “qizil iblislar” sardori hisoblangan Valensiya yozgacha jamoa bilan yangi bitim borasida kelisha olmasa, erkin agentga aylanadi.
Yarim himoyachilar: Sesk Fabregas, Xuan Mata, Jeyms Milner
Sesk Fabregas (“Chelsi” Angliya)
Fuqaroligi: Ispaniya
Shartnoma muddati: 30.06.2019 gacha
Fabregas joriy mavsum so‘nggida katta ehtimol bilan Londonni tark etishi mumkin. O‘tgan safargi “sayohat” Barselonaga edi. Endi unga Milanning ikki grandi ko‘z tikmoqda. 31 yoshli yarim himoyachi 2014 yilda “Barselona”dan “Chelsi” safiga kelib qo‘shilgandi. Oradan o‘tgan 4 yil oralig‘ida u “aristokratlar”ning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi. Endi esa uni katta ehtimol bilan so‘nggi safar kutib turibdi.
Xuan Mata (“Manchester Yunayted” Angliya)
Fuqaroligi: Ispaniya
Shartnoma muddati: 30.06.2019 gacha
Xuan Mata joriy mavsumni juda yaxshi boshladi. O‘tgan ikki o‘yinda 1 ta golga assistentlik qilgan futbolchi Mourino uchun eng muhim figuralardan. Portugaliyalik mutaxassis 30 yoshli hujumkor yarim himoyachi bilan qishga qadar shartnomani uzaytirmasa, u klubni tark etishi mumkin. Mataning o‘yin uslubi ispan jamoalari uchun judayam mos. Agar joriy mavsumda Mour uni jamoada olib qololmasa, Matani keyingi mavsumdan La Ligada ko‘rib qolishimiz hech gap emas...
Jeyms Milner (“Liverpul” Angliya)
Fuqaroligi: Angliya
Shartnoma muddati: 30.06.2019 gacha
Jeyms Milner Yurgen Kloppning yarim himoya chizig‘idagi eng asosiy futbolchilaridan biri hisoblanadi. 32 yoshli yarim himoyachi joriy mavsumda 5 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol va ikkita samarali uzatmani amalga oshirdi. 2015 yilda “Manchester Siti”ni erkin agent sifatida tark etgan “qariya” bugun “mersisaydliklar” safida ajoyib o‘yin namoyish etmoqda. Shunday ekan, Klopp ushbu futbolchi bilan yaqin orada yangi bitimga imzo chekish ehtimoli yuqori.
Hujumchilar: Aren Robben, Daniel Starrij, Anxel Di Mariya
Aren Robben (“Bavariya” Germaniya)
Fuqaroligi: Gollandiya
Shartnoma muddati: 30.06.2019 gacha
Yanvar oyida 35 yoshni qarshilaydigan Aren Robben hamon o‘zining yuqori tezligi va yuksak tezligini saqlab kelmoqda. 2009 yilda “Bavariya” safiga kelib qo‘shilgan gollandiyalik bugun klubning eng asosiy futbolchilaridan biriga aylangan. Joriy mavsumda Robben Bundesliga doirasida 3 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, Niko Kovach o‘ng qanotdan uyushtiriladigan hujumlarda aynan unga tayanadi. Robben so‘nggi marotaba jamoasi bilan joriy yilning may oyida yangi kelishuvga erishgandi. Agarda Kovach uni jamoada saqlab qolishni istasa, yanvar oyiga qadar unga yana yangi shartnoma taklif etishi lozim. Ammo ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, Robben shartnoma muddati tugagach, faoliyatiga yakun yasashi mumkin, shuningdek, unga MLS va Xitoy klublaridan ham yog‘li takliflar bor.
Daniel Starrij (“Liverpul” Angliya)
Fuqaroligi: Angliya
Shartnoma muddati: 30.06.2019 gacha
Bir vaqtlar Luis Suares bilan hujumda ajoyib tandem hosil qilgan Starrij Mane-Saloh-Firmino uchligi kelganidan so‘ng asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘ydi. Toki Roberto Firmino bor ekan, Ergen Klopp Starrijni asosiy tarkibga kiritmasligi aniq. 29 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumning ikkinchi qismini “Vest Bromvich”da o‘tkazdi. Shu yoshida uning zaxira o‘rindig‘iga mixlanib qolishi ham yaxshi emas. Shunday ekan, Starrij katta ehtimol bilan “mersisaydliklar” safini tark etishi mumkin.
Anxel Di Mariya (PSJ Frantsiya)
Fuqaroligi: Argentina
Shartnoma muddati: 30.06.2019 gacha
Argentinalik futbolchi 2015/16 yilgi mavsumda Parij poytaxtiga ko‘chib o‘tganidan so‘ng jamoaning eng muhim o‘yinchilaridan biriga aylandi. Joriy mavsumda PSJ safida 5 ta o‘yinda maydonga tushgan futbolchi 2 ta gol urdi va 3 ta golga assistentlik qildi. Yakuniga etgan transfer bozorida Di Mariyaning “Barselona”ga ko‘chib o‘tishi mumkinlik bot-bot takrorlandi. Agar Tuxel futbolchi bilan qishga qadar yangi bitim imzolamasa, Di Mariya keyingi mavsumni kataloniyaliklar safida boshlashi mumkin.
Fikrlar