“Dinamo”: 2017 yilda qanday e’tiborli voqealar bo‘ldi?
«Dinamo» jamoasining 2017 yildagi natijalarini sarhisob etishda davom etamiz. Quyida Samarqand klubining yil davomidagi e’tiborli voqealarini saraladik. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Dinamo» klubi joriy mavsumda uzoq yillar davom etgan noxush an’analarga chek qo‘ydi. Jumladan:
17 YILDA ILK BOR…
«Dinamo» 17 yil o‘tib, Toshkentda «Paxtakor»ni mag‘lub etdi. Moldovalik 22 yoshli himoyachi Radu Rogakning 89-daqiqada kiritgan goli jamoaning tarixiy g‘alabasini ta’minladi. Bunga qadar, «Dinamo» 2000 yilda Muhsin Muhammadiev va Elshan Gambarovning gollari evaziga «Paxtakor»ni safarda 1:2 hisobida mag‘lub etgan edi.
Oliy Liga-2017. 3-tur.
«Paxtakor» - «Dinamo» - 0:1
Gol: Radu Rogak, 89.
17 YILDA ILK BOR…
«Dinamo» oradan 17 yil o‘tib, chempionat davomida Oliy Liga turnir jadvalida ma’lum muddat peshqadamlik qildi. Jamoa dastlabki uch turda Bekobodda «Metallurg» (0:2), Samarqandda «Sho‘rtan» (3:0), Toshkentda «Paxtakor» (0:1) ustidan g‘alabalarga erishgach, Oliy Ligada peshqadamga aylangan edi.
Bungacha «Dinamo» uzoq 2000 yilda marhum murabbiy Mahmud Rahimov qo‘l ostida peshqadamlik qilgandi.
ORADAN 16 YIL O‘TIB…
«Dinamo» 16 yil o‘tib, Farg‘onada «Neftchi»ni mag‘lub etdi. Jasur Azimov, Orif Mamajonov, Amirjon Safarovning kiritgan gollari Vadim Abramov shogirdlarining mag‘lub etilishini ta’minladi.
Bunga qadar, «Dinamo» 16 yil oldin, 2001 yilda Muhsin Muhammadievning yagona goli evaziga «Neftchi»ni safarda mag‘lub eta olgandi.
Oliy Liga-2017. 13-tur.
«Neftchi» - «Dinamo» - 2:3
«DINAMO»NING OLIY LIGA TARIXIDAGI ENG YoSh TARKIBI
«Dinamo» jamoasining Oliy Liga-2017 1-davrasida maydonga tushgan tarkibi «Dinamo»ning Oliy Liga tarixidagi eng yosh tarkibiga aylandi.
Jamoaning dastlabki 5-turdagi o‘rtacha yoshi - 23,7 yoshni tashkil etdi. Birinchi davrada maydonga tushgan o‘rtacha yosh esa – 24 yoshni tashkil etdi. Bu borada «Dinamo» «Bunyodkor» bilan birga mavsumning eng yosh jamoasi bo‘ldi.
Xususan, joriy mavsumda jamoa safida Saidjamol Davlatjonov (19 yosh), Jasur Qurbonov (20 yosh), Abdujamol Isroilov (20 yosh), Hakimxon A’lamxonov (21 yosh), Javohir Qahramonov (21 yosh), Mirkomil Lokaev (21 yosh) singari futbolchilar debyutlarini nishonlashdi. Jumladan, 1997 yilda tug‘ilgan Saidjamol Davlatjonov «Dinamo» safida 2017 yilda maydonga tushgan eng yosh futbolchi bo‘ldi.

Fikrlar