Dushanbedan daraklar. OFK Kubogi final oldi matbuot anjumani qanday o‘tdi?

  • 3 noyabr, 2017, 19:20
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Dushanbe: Tojikiston poytaxti katta futbol oqshomiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mavqeyi jihatidan Osiyo qit’asida ikkinchi raqamli chempionat hisoblangan OFK Kubogining final bahsi aynan mana shu shaharda bo‘lib o‘tadi. "Hisor" stadionida o‘tkaziladigan ushbu uchrashuvda mahalliy "Istiqlol" jamoasi Iroqning "Eyr Fors" klubiga qarshi maydonga tushadi.

Tecno

Qaerga bormang ertangi futbol kechasi haqidagi qizg‘in suhbatga duch kelasiz. Oshpazlardan tortib taksi haydovchilarigacha jamoalar qanday imkoniyatlarga ega ekanligini muhokama qilmoqda. Shahar aholisi o‘zgacha shukuh va hush kayfiyat bilan final bahsini tomosha qilish uchun taraddud ko‘rmoqda.

Bugun "Hyatt Regency" mehmonxonasida final bahsi avvalidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ikki jamoa bosh murabbiylari va futbolchilari ishtirok etishdi.

Anjumanning birinchi qismida "Eyr Fors" klubi vakillari jurnalistlarning savollariga javob berishdi. Jamoa bosh murabbiyi Hussam Al Said ertangi o‘yinda sun’iy maysali maydonda harakat qilish juda katta muammo tug‘dirishini aytib, ehtimoliy mag‘lubiyat sabablarini oldindan aytib qo‘ydi.

Shu o‘rinda, SPORTS.uz muxbiri sifatida Iroq klubi hujumchisi Emad Mohsinga “ertangi o‘yinda birinchi bo‘lib gol kiritib olib, keyingi daqiqalarda haqiqiy "arab futboli"ni namoyish etmaysizlarmi?” deya savol berdim.

Nimanidir payqab qolgan shekilli degan o‘y-xayol bilan javob berishni boshlar ekan, iroqlik futbolchi butun jamoa ertangi o‘yinda halol o‘yin namoyish etishga va’da berdi.

Anjumanning ikkinchi qismida, "Istiqlol" bosh murabbiyi tojikistonliklar ertaga faqat natija uchun o‘ynashlarini bot-bot takrorladi. 

- "O‘yinda eng muhimi bu natija. Istiqlol futbolchilari ertaga faqat natija uchun o‘ynaydi va qanday bo‘lsa ham chempionlikni qo‘lga kiritish maydonda kurashadi" - dedi Muxsin Muxammadiev. 

Shuningdek, jurnalistning ertangi o‘yinda Eyr fors jamoasiga kutilmagan nimadir tayyorlab qo‘yganmisizlar degan ma’nodagi savoliga, Muxammadiev bosiqlik bilan hazilomus javob berdi.

- "Ular ertaga kubokni boshimiz uzra ko‘tarayotganimizni ko‘rishadi. Ular uchun bundan ortiq syurpriz bo‘lmasa kerak" - deya konferentsiya zalidagi barchani kuldirdi, "Istiqlol" bosh murabbiyi.

Bosh murabbiyiga ergashib kelgan jamoa darvozaboni Nikola Stoshich ushbu o‘yinga juda ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rilganini va chempionlikni qo‘lga kiritish uchun barcha futbolchilar maydonda sidqidildan kurash olib borishlarini aytdi.

Yoqubjon Soxibov

Dushanbe, Tojikiston

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!