
"Bir yil ichida har tomonlama o‘sishga erishdim" - Sherzod Esanov "Akron"dagi faoliyati, terma jamoa va keyingi taqdiri haqida
Rossiya premer-ligasidagi legionerlarimizdan biri Sherzod Esanov “Akron”dagi debyut mavsumini o‘tkazdi. Yozgi ta’tilda esa u O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi yig‘inida ishtirok etdi. Shu fursatdan foydalangan holda Sports.uz jurnalisti Esanov bilan suhbatlashdi.
- Sherzod, deyarli bir yil muqaddam “Akron” klubiga yo‘l olgandingiz. Aytingchi, u erdagi faoliyatingizdan qanchalik qoniqish hosil qilyapsiz?
- “Akron” klubiga o‘tishim faoliyatimda katta qadamlardan biri bo‘ldi, deb hisoblayman. Chunki u erda o‘tgan bir yil mavsum ichida har tomonlama o‘sishga erishdim, deb o‘ylayman. Futbolchi va futboldan tashqari inson sifatida ham bu borada o‘sish kuzatildi, degan fikrdaman.
- O‘tgan vaqt davomida “Akron”da 16 ta o‘yinda o‘ynadingiz. Hozircha siz uchun eng esda qoladigani qaysi bo‘lib turibdi?
- Asosan Kubok uchrashuvlarida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushib o‘ynadim. Chempionatda ko‘proq zaxiradan maydonga tushdim. Aynan qaysidir o‘yinni alohida belgilab ko‘rsatmayman. Negaki, men uchun har bir uchrashuv o‘ziga xos tajriba va o‘ziga xos o‘yindagi vaziyatlari bilan barchasi esda qoldi, desam ham bo‘ladi.
- Yozda sizni boshqa klubga o‘tishingiz borasida gap so‘zlar yo‘q emasdi. Yozgi transfer oynasi ochilgan mahalda siz bilan bog‘liq o‘zgarish ko‘rishimiz mumkinmi?
- Hali bu mavzuga to‘xtalganim yo‘q. Chunki chempionat tugagach, men darhol olimpiya terma jamoamiz yig‘iniga qo‘shildim. Bu narsa haqida o‘ylaganim yo‘q va o‘ylashni ham noto‘g‘ri deb hisoblayman. Meni bor e’tiborim olimpiya terma jamoamizning yig‘ini va o‘yinlariga qaratilgandi.
- Rossiya futboliga moslashishda siz uchun eng qiyini nima bo‘ldi?
- Har bir chempionatni o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘ladi. Ammo o‘ylashimcha, menda u qadar qiynalgan joyim bo‘lmadi. Jamoa meni yaxshi qabul qilib oldi, muhit yaxshi edi. Ko‘nikish jarayoni vaqti menda yaxshi o‘tdi. Qiyinchiliklar bo‘lmadi.
- Xizmatingizga Rossiya yoki boshqa joylardan aniq qiziqishlar bo‘lyaptimi?
- Boya aytib o‘tganimdek, hozir bu mavzuga to‘xtalganimiz yo‘q. Olimpiya terma jamoamiz yig‘inidan so‘ng agentlarim va uydagilar bilan maslahatlashib bir qarorga kelamiz. Xudo xohlasa, meni “Akron” bilan yana ikki yillik shartnomam bor. Shu bois hozirdan hech nima deya olmayman.
- Olimpiya terma jamoasi yig‘inida qatnashdingiz. Ushbu yig‘in qanday o‘tdi va terma jamoamizni osiyo chempionati saralashidagi raqiblari haqida nima deya olasiz?
- Terma jamoa safida o‘yinlarni va mashg‘ulotlarni sog‘ingandim. Eski murabbiylarim, eski jamoadoshlarim, chempion bo‘lgan tarkibdagi do‘stlarimni ko‘rganimdan va yana birga ishlayotganimizdan xursandman. Saralashga kelsak, har bir raqibga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. Yaxshi natijalarga erishib, keyingi bosqichga o‘tamiz.
Fikrlar