Erkin kurash. Hamyurtlarimiz Minskdagi musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etishmoqda

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

 

Belarus poytaxti Minsk shahrida o‘smirlar o‘rtasida erkin kurash bo‘yicha uch karra Olimpiya o‘yinlari chempioni, ko‘p karra jahon chempioni hisoblangan afsonaviy Aleksandr Medved sovrini uchun nufuzli xalqaro turnir bo‘lib o‘tmoqda.

Musobaqada 12 mamlakatdan tashrif buyurgan sportchilar sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bormoqdalar. Armaniston, Gruziya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlat sportchilari qatorida o‘zbekistonlik erkin kurashchilar ham ishtiroklarini davom ettirishmoqda. Kecha bahslarda qatnashgan yosh polvonlarimizning uch nafari sovrindorlar qatoridan o‘rin olishga muvaffaq bo‘ldi.

Shaxboz Komilov (-45kg) hamda Umidjon Jalolov (-48kg)lar barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan holda, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladilar. Jamshid Ma’rufov (-55kg) esa bronza medali sohibiga aylandi.

Bugun -65kg vazn toifasida musobaqada ishtirok etayotgan sportchimiz Nodir Rahimov musobaqa bosh sovrini uchun gilamga chiqadi. Kecha u to‘rtta jang o‘tkazib, final yo‘llanmasini naqd qilib qo‘ygandi.

Ma’lumot uchun, ushbu turnir may oyida Toshkentda o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik vazifasini o‘taydi. Poytaxtimizda o‘tkaziladigan qit’a birinchiligida Argentinada o‘tkaziladigan III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar o‘ynaladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!