
Fazliddin G‘oibnazarovning bo‘lajak raqibi haqida nimalarni bilasiz?
Professional ringda muvaffaqiyatli yurishini davom ettirayotgan Rio Olimpiadasi chempioni Fazliddin G‘oibnazarov (3-0, 0) o‘zining navbatdagi jangini joriy yilning dekabr oyida o‘tkazadigan bo‘ldi.
9 dekabr kuniga mo‘ljallangan boks kechasida hamyurtimiz anchayin tajribaga ega bo‘lgan 35 yoshli rossiyalik Andrey Klimov bilan kuch sinashadi. Jang Nyu-Yorkdagi afsonaviy “Madison Square Garden” arenasida tashkil qilinadi. Klimov 2009 yili professional faoliyatini boshlagan va shu vaqtgacha 23 ta jang o‘tkazib, 19 g‘alaba (9 nokaut) va 4 mag‘lubiyat qayd etgan. U faoliyati davomida Jahongir Rahimov, Abbos Anvarov va Bobir Normatov singari bokschilarimiz bilan to‘qnash kelgan hamda g‘alaba qozongan.
Bundan tashqari Klimov 2013 yili jahon boksining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri amerikalik Terens Krouford bilan uchrashgan va mag‘lubiyatga uchragan. Terens ayni damda birinchi yarim o‘rta vazn toifasida WBC, WBA, IBF, WBO kamarlari sohibi hamda The Ring etakchisi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Fazliddin so‘nggi jangda meksikalik Viktor Rosasni taslim qilgan bo‘lsa, oldinroq Viktor Vaskez va Agustin Maurasni mag‘lubiyatga uchratgandi.
Ushbu boks kechasining yana asosiy qarama-qarshiligi deya e’tirof etilayotgan bellashuvida ukrainalik Vasiliy Lomachenko (9-1, 7 KO) ikkinchi engil vazn toifasida WBA chempionlik kamari sohibi kubalik Gilermo Rigondo (17-0, 11 KO) bilan to‘qnashadi. Bokschilar ushbu jangda birinchi engil vazn (59 kg) toifasining WBO chempionlik tituli uchun kurash olib borishadi. Hozirda bu kamar Lomachenkoga tegishli.
Fikrlar