Futbolimiz “javohiri”

  • 14 noyabr, 2018, 21:23
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yaqinda KXDR va Qatarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazib bir xil – 2:0 hisoblarida g‘alaba qozongandi. Ektor Kuper ikkinchi yig‘inda tarkibga yana ayrim yangi futbolchilarni taklif qilgandi va ular o‘zlaridan ijobiy taassurotlar qoldirishdi. Ulardan biri “Qo‘qon-1912” pleymeykeri Javohir Sidiqovdir. Ko‘pchilik u haqida iliq fikrlarni bildiradi. Boisi, ko‘rsatayotgan o‘yinlari shunga munosib. Endi esa Avstraliyadagi yig‘inga ham uni jalb etdi. Tabiiyki, milliy terma jamoamiz ustozi Ektor Kuper ham olimpiya terma jamoasining o‘yinlarini kuzatganida Javohirga ham e’tibor qaratgan. Natijada ushbu o‘yinchini ham sinab ko‘rishga qaror qildi. Shu boisdan Javohir avvalo milliy terma jamoadan taklif olgani xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
- Milliy terma jamoaga meni ham taklif etishlari haqida biroz eshitgandek bo‘lgandim. Negaki, Osiyo o‘yinlarida qatnashgan terma jamoadan ham bir qator futbolchilarni milliy termaga chaqirishlari haqida xabarim bor edi. Lekin tan olaman, o‘sha nomzodlarning orasida men ham borligimni kutmayotgandim. Chunki bizning Osiyo o‘yinlarida ko‘rsatgan natijamiz ko‘ngildagidek bo‘lmagandi. Ammo, baribir bizga ham ertami-kechmi, milliy terma jamoada imkoniyat berilishini bilardim. Xohlaymizmi-yo‘qmi, Ektor Kuper – yangi murabbiy va u har bir futbolchini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, imkoniyatlarini chamalab olishi lozim. Shularni o‘ylagan holda menga ham imkoniyat berilishi haqida o‘ylagandim.

Tecno

Xullas, shu tariqa, Javohir milliy terma jamoaning yig‘inlarida qatnashdi va o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etdi. KXDRga qarshi bellashuvda zaxiradan maydonga tushgan bo‘lsa, Qatar bilan bahsda to‘liq 90 daqiqa davomida maydonda to‘p surdi. Bu ham Kuperning unga ishonch bildirayotganidan dalolatdir. Shuni ham aytish joizki, Sidiqov birinchi bor argentinalik mutaxassis qo‘li ostida shug‘ullandi. Bu borada futbolchi o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Yangi murabbiy boshchiligidagi terma jamoamizning birinchi yig‘inidagi o‘yinlarni ham ko‘rgandim. Ikkinchi yig‘imizda tashkil etilgan uchrashuvlarning esa birinchisiga nisbatan ancha farqi ko‘zga tashlandi. Murabbiy futbolchilarning tilini topib olayotgani ko‘rindi. Borgan sari o‘yin uslubimizni mukammallashtirib boryapti. Murabbiy uchun ham o‘yinchilar bilan qancha ko‘p ishlab, o‘yinlar o‘tkazsa shuncha yaxshi bo‘ladi. Demoqchimanki, vaqt o‘tgan sari bosh murabbiy futbolchilar bilan til topishib boryapti. Shuning natijasida yig‘inimiz ham ko‘ngildagidek o‘tdi. Har doim esa birinchi navbatda natija turadi. O‘yin unutiladi, natija esa qoladi, deb bejizga aytishmaydi. Demoqchimanki, ikkinchi yig‘inimizdagi mashg‘ulotlarimiz samarasi o‘laroq o‘tkazilgan ikkala o‘rtoqlik uchrashuvida g‘alaba qozonib, muxlislarni xursand qildik. Asosiysi, KXDR va Qatar bilan bellashuvlarda murabbiyning roli borligi bilindi. Yana vaqt o‘tgan sari terma jamoamiz Kuper boshchiligidagi yanada shakllanib boraveradi.

Yana bir gap: Javohirning bu milliy terma jamoadagi ilk uchrashuvlari emasdi. Ko‘pchilik esa u milliy termada debyutini o‘tkazgani haqida aytishmoqda. O‘z navbatida Sidiqov ushbu holatga ham e’tiborini qaratib o‘tdi.

- Bu men uchun milliy terma jamoamizdagi debyut o‘yinlar emasdi. Bungacha Timur Kapadze ishlagan paytda uning qo‘li ostida safardagi uchrashuvlarda maydonga tushgandim. Ammo milliy terma jamoamiz tarkibida Toshkentdagi o‘yinlarda birinchi bor ishtirok etdim. Egningizda O‘zbekiston milliy terma jamoasi libosi bo‘lganida, minglab muxlislar oldida hayajon bo‘ladi. Ammo futbolchi buni engib o‘tishni bilishi kerak.

Shu o‘rinda “Qo‘qon-1912” futbolchisi Ektor Kuperning ixtiyoridagi o‘yinchilarga qay tariqa ishonch bag‘ishlayotgani haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

- Kuper biz futbolchilarga ishonch bag‘ishlayapti. Masalan, menga maydonga chiqib qo‘rqmasdan o‘ynashlikni, qo‘limdan nima kelsa, shularni bajarishimni tayinlaydi. Har bir o‘yin biz uchun imkoniyat ekanligini ham ta’kidlayapti. Boz ustiga biz kabi yosh futbolchilar uchun bu kabi uchrashuvlar ayni muddao bo‘lishini ham aytdi. To‘pni yo‘qotib qo‘yish, hayiqish, hayajon, qo‘rquv kabi hislatlarni bir chetga surib, kim nimaga qodir bo‘lsa, o‘z mahoratimizni ko‘rsatishimizni talab qilyapti. Uning bunday gaplari har bir futbolchiga ishonch berdi.

Javohir Sidiqov kabi futbolchilarga terma jamoamizning kelajagi sifatida qaralmoqda. Lekin birdaniga asosiy tarkibdan joy olish ham oson ish emas. Boisi, uning pozitsiyasida Odil Ahmedov, Otabek Shukurov, Aziz Haydarovga o‘xshagan futbolchilar borligini unutmaslik kerak.

- Siz sanab o‘tgan futbolchilar tajribali hisoblanishadi, - deya munosabat bildirdi, Sidiqov. - Biz ham ularning o‘yinlarini ko‘rib havas qilib yuramiz va ularga qarab intilamiz. Agar siz yoqtirgan futbolchilar raqobatdoshingiz bo‘lishsa, bu yanada yoqimli bo‘ladi. Bilasiz-ku, raqobat bor joyda hamma vaqt o‘sish bo‘ladi. Men buni oddiy qabul qilaman va ijobiy qarayman.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
шерзод тошпулатов
15/11/2018 12:53
Хозиргина спорт теликанали. Намойиш этилади деб хабаркелди 16:00да ростми
&
шерзод тошпулатов
15/11/2018 12:51
Нима учун тв да курсатилмайди