
Hakamlarga mazax bo‘layotgan "Real Madrid"
Aksariyat o‘yinlarni kuzatganimizda hakamlar Madridning “Real” klubiga ochiqdan-ochiq yon bosayotgandek tuyiladi. Bu esa tomoshabinlarning adolat istagida yozilgan izohlariga sabab bo‘ladi. Hakamlarning hushtagi faqat “Real” foydasiga chalinadi deb o‘ylaydiganlar e’tiboriga quyidagi faktlarni havola etamiz. Hakamlarning adolatsizligi sababli madridliklarning juda ham kerakli bo‘lgan ochkolarni boy bermoqda. Quyida “Real”ning ochkolar bilan xayrlashishiga to‘g‘ri kelgan holatlarni sanab o‘tamiz.
Demak, engni shimargan holda ishni La Liga bahslaridan boshlaymiz.
2-tur. Real Madrid – Valensiya 2:2.
Hakam “Real” foydasiga kamida 3 marotaba 11 metrlik nuqtani ko‘rsatishi kerak edi. Madridliklarning mavsumda boy bergan birinchi ochkosi bilan “tabriklaymiz” (-2 ochko)
3-tur. Real Madrid – Levante 1:1.
Chema Rodrigez o‘zining jarima maydonchasida Teo Ernandesni “chetga surib qo‘ydi”. Hakamlarning fikricha, “qoidalar joy-joyida”. Yana ikki ochko “qulog‘ini ushlab ketdi”. (-2 ochko)
5-tur. Real Madrid – Betis 0:1.
Penalti belgilash uchun ikkita sabab “mana men” deb turgan bo‘lsa ham, hakam jim o‘tirishni afzal ko‘rdi negadir. Mavsumning navbatdagi muvaffaqiyatsizligi. (-3 ochko)
8-tur. Xetafe – Real Madrid 1:2.
Xorxe Molina “Qirollik klubi” darvozasiga urilgan yagona golni offsayddan turib kiritgan edi.
10-tur. Jirona – Real Madrid 2:1.
Kristian Portuges “Real”ning uch nafar himoyachisidan biroz oldinlab ketgan edi. Pablo Maffeo tomonidan berilgan zarbani Portuges osonlikcha darvoza tomon to‘g‘rilab yubordi. Yon hakamning bayroqchasi esa ko‘tarilavermagach, ushbu gol hisobga olindi. Natijada Jirona g‘alaba qozondi.
11-tur. Real Madrid – Las-Palmas 3:0.
Las-Palmas jarima maydonchasida Nachoning dumalab ketishiga “yordam berib yuborishdi”. Hakamning sariq maykadagi futbolchilarga rahmi keldi, shekilli.
Davom etamiz. Chempionlar Ligasi 3-tur. Real Madrid – Tottenxem 1:1.
Keyn "offsayd"dan turib Varanni ham dog‘da qoldirdi. Qarabsizki, to‘p Kasilyaning darvozasida. (-2 ochko)
4-tur. Tottenxem – Real Madrid 3:1.
Dastlabki golga qoidalarning "oyog‘ini osmondan qilib" erishilgan bo‘lishiga qaramay, Real mag‘lubiyatning "shirin" mazasidan “bahramand bo‘ldi”. "Offsayd"da turgan Triper to‘pni egallab oldi, uni Alliga uzatdi, Alli esa darvozani nishonga olishda adashmadi.
1-tur. Real Madrid – APOEL 3:0.
Kiprliklar o‘z jarima maydonchasi ichida Ronalduning oyoqlariga sekingina zarba berib qo‘yishdi. Ammo bu holat ular uchun "qimmatga tushmadi". Hakam APOELning tarafini olishga qaror qilgan ko‘rinadi.
Mavsum avvalida madridliklar ko‘rsatgan “toshbaqa yurish” o‘yinini oqlamoqchi emasmiz, ammo kundek ravshan bo‘lib turgan adolatsizliklar bo‘lmaganda, Realning g‘alaba qozonish uchun imkoniyatlari etarli edi. Hakamlarning ko‘rish qobiliyati pand bergan bir paytda, boy berilgan ochkolarni inobatga oladigan bo‘lsak, Real La ligada Barselonaga hisob bo‘yicha bemalol etib olishi mumkin edi (+8 ochko).
Chempionlar ligasida esa Tottenxem egallab turgan birinchilikning yonginasidan madridliklarga joy nasib qilgan bo‘lardi. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham, hakamlarning nohaqligi madridliklarga o‘z mag‘lubiyatlarini oqlash uchun bahona bo‘la olmaydi. Jarohat olganlar tez orada safga qaytishiga hamda Zidan jamoani yana g‘alaba cho‘qqilari sari etaklashiga umid qilib qolamiz.
Saodat Abdurahmonova tayyorladi
Fikrlar