
Husniddin G‘ofurov: Ba’zilar "Lokomotiv"ni kuchli oltilikka kirishiga ham ishonishmagan edi
Toshkentning “Lokomotiv” klubi joriy mavsum PEPSI Superliga yakunlariga ko‘ra chempionlikni qo‘lga kiritganidan xabaringiz bor.
Mavsum avvalida Serbiyadagi 4 yillik faoliyatidan "temiryo‘lchilar" safiga kelib qo‘shilgan mahoratli hujumkor yarim himoyachi Husniddin G‘ofurov mavsum yakunlari xususida PFL rasmiy saytiga o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"2018 yilgi mavsumdan bir olam taassurotlar qoldi. Shuni alohida ta’kidlashim lozimki, mavsum boshida bir qator o‘yinlarda muvaffaqiyatsizlikka uchradik. Aksariyat o‘yinlarda katta tashabbusga ega bo‘lsak-da, kutilmaganda muhim ochkolarni qo‘ldan chiqardik. Natijada ba’zilar xatto jamoamizning kuchli oltilikdan o‘rin olishiga ham shubxa qila boshlashdi.
Lekin mavsum o‘rtalariga kelib o‘z o‘yinimizni topib oldik va yana muxlislarimizga yoqadigan o‘yin ko‘rsata boshladik. Yakunda esa jamoamiz navbatdagi chempionlikni tantana qildi.
Superliga-2018 juda qiziqarli tarzda o‘tganini ayta olaman. Jamoalar har bir ochko uchun jiddiy kurash olib borishdi. Raqobat ancha kuchli bo‘ldi, deya olaman.
O‘zbekiston chempionati Serbiya chempionatidan qolishmaydi. O‘rtadagi tafovut aslo katta emas. O‘zbekiston Superligasida ham chempionlikka erishish juda-juda qiyin vazifa. Lekin “Lokomotiv” buni uddalay oldi va men ham ushbu g‘alabaga o‘z xissamni qo‘sha olganimdan baxtiyorman.
To‘g‘risi faoliyatim davomida ilk marta chempion bo‘lishim. Shu boisdan mazkur g‘alaba men uchun o‘zgacha tarzda ahamiyatli. Nasib etsa, hali yana ko‘plab chempionlik unvonlarini qo‘lga kiritishga harakat qilaman, - dedi futbolchi.
Fikrlar