
Inesta – bu futbol. Bunaqasi boshqa bo‘lmaydi (1-qism)
Andres Inestaga eng aniq va chuqur ta’rif bergan shaxs futbol faylasuflaridan biri bo‘lgan va Pep Gvardiola futbolchilik faoliyati so‘nggida darslarini o‘rganish uchun Meksikaga borgan - Xuanma Lilo bergan edi. “Agar butun o‘yinni sarhisob qiladigan futbolchi bo‘lsa, bu Andres. Men uchun Andres futbol. Biror narsa uchun qiyinchilikni kamaytirishga qaratilgan har qanday urinish adolatsizlikka va kamsitilishga olib keladi, lekin buni futbol bilan bajarilsa, unda bitta javobim bor: Andres Inesta bu futbol degani. Aslida Andres Inesta futboldan ham ko‘proq o‘yin degani».
Pep Gvardiolaning xushomadi esa Liloning so‘zlarini yanada boyitadi: «Andresga minnatdorchilik bildirishim kerak, chunki u haqiqatdan menga yordam bergan. Odamlar murabbiylar futbolchilarni o‘rgatishadi deb o‘ylashadi, ammo kamdan-kam holatlarda futbolchilar murabbiylarga o‘yinni yaxshiroq tushunishlariga yordam berishadi. Andres -shulardan biri. U menga yordam berdi. Uni tomosha qilsangiz, siz futbolni tushunishni o‘rganasiz.»
Inestani tushunish orqali futbolni yaxshiroq tushunasiz. Futbolni yaxshiroq anglash ni boshlasangiz, Inestani ko‘proq qadrlaysiz. Lilo va Gvardiola bu borada haqli: Inestaning o‘yini futbolni tushunish kalitidir. Gap Kroyffcha futbol haqida bormoqda. Gollandiyalik afsona futbolni bo‘shliq va vaqt o‘yini deya e’lon qildi, shuningdek, ushbu uslubning asosiy tamoyillarini tasvirlab berdi. Har qanday samarali taktik yurishlar asosiy zonalarda bo‘shliq yaratish yoki o‘yinchiga vaqt yaratishga mo‘ljallangan. Futbolchi ham o‘z navbatida to‘p bilan ortiqcha vaqtga ega bo‘lish orqali uni samarali ishlatishi kerak. Jamoa o‘yinining sifati to‘g‘ridan-to‘g‘ri bu o‘zgarishlar orasidagi muvozanatni qanday topishiga bog‘liq.
Xavi Inestani ushbu tamoyilning dahosini deb hisoblaydi: «Andres noyob tarzda bo‘shliqdan foydalanadi. U to‘p bilan o‘ynaganida, ikkita shart bajariladi: 1) undan to‘pni olib qo‘yish mumkin emas; 2) raqib o‘zi xohlagan himoyaviy sxemasini qo‘llay olmaydi.»
Gvardiola, Andresga berilgan eng aniq ta’rifni «Barsa»ning jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sobiq murabbiyi Pako Seyrulo bergan, deb hisoblaydi: «Inesta bo‘shliq va vaqt o‘rtasida muvozanat topishning ustasidir. U har daqiqada o‘z atrofidagi vaziyatni aniq biladi. U hatto maydonning o‘rtasida bir necha futbolchilar qurshovida bo‘lsa ham. Har safar u oldinga harakat qilishning eng to‘g‘ri variantini tanlaydi. Unga o‘xshaganlar juda kam».
Aqlli harakat bilan bo‘shliq yaratadigan futbolchilar bor, futbolchilarni o‘ziga jalb qilgan holda to‘pni yo‘qotmasdan bo‘shliq yaratuvchi futbolchilar bor, bo‘shliqdan foydalana oladigan futbolchilar bor, maydondagi vaziyatga qarab va tezkorlik bilan qaror qabul qilish, shuningdek, aql bovar qilmaydigan texnikasi bilan qimmatli daqiqalarni yutadiganlar bor. Ushbu fazilatlarning har biri Kroyffcha o‘ynash uchun muhim hisoblanadi. Bulardan eng kamida, bir juftligiga ega bo‘lish jamoa uchun tasvirlab bo‘lmas foyda. Agar futbolchi ularning barchasiga ega bo‘lsa, u daho va o‘z davrining eng yaxshi o‘yinchilaridan biri hisoblanadi. Agar u bu xususiyatlarni iloji boricha qizg‘anmasdan ishlatsa va har bir harakati bilan jamoaning foydasi uchun qilsa, u Inestadek bo‘ladi.
Xavi fikricha, Inestada o‘yinni tushunish darajasi yuqori: «Barselona akademiyasida o‘yinni maxsus tarzda o‘qishni o‘rgatishadi. Ammo Andresda futbolni tushunish tug‘ma fazilat. U pozitsion o‘yinning barcha qoidalarini intuitiv tarzda his qiladi». Pep, ehtimol, Inestaning unga futbolni o‘rgatganligini aytganida shuni nazarda tutgandir. Inestaning tug‘ma iste’dodi Yoxan «Barselona»da ishlatgan tamoyillari tarafdorlarini va Pepning taassurotlarini kengaytirgan”.
Bo‘shliq va vaqtning yaratilishi o‘yinning borishiga qanchalik ta’sir qilishini chuqur his qilganimizda, Inestaning qanday qobiliyatli futbolchi ekanligini sezasiz. Aynan shu narsa futbolni chinakamiga tushunadigan odamlar Andresning o‘yiniga bir marta nazar tashlab uning qanchalar o‘ziga xosligini payqaydilar.
Shu sababli Xuanma Lilo, Inesta Frank Raykaard jamoasida zaxirada o‘tirgan paytida uni sayyoramizdagi eng yaxshi futbolchi deb atagandi. Buni Samyuel Etoo «Barselona»da o‘ynagan vaqtida ko‘ra olgan edi. U ham «dunyodagi eng yaxshi» iborasini ishlatgandi. Faqatgina yillar o‘tib ular ustidan kulgan odamlar qilgan xatolarining hajmini tushunib etishdi.
Inestaning birinchi guvohlaridan biri «Albacete» yoshlar jamoasining murabbiyi edi. Inestaning otasi va bobosining tushkunlikka tushishiga, u o‘yin boshlanganidan 5 daqiqa o‘tiboq murabbiyi tomonidan almashtirilgan edi. Ustozi u haqida «biz bu bolani o‘zgartiramiz, biz etarlicha ko‘rdik» degan so‘zlarni ishlatgandi. Andresning oilasi u bu bilan nimani nazarda tutganini tushunib etgachgina kayfiyatlari ko‘tarilgan edi.
Keyingisi 1996-yilda «Atletiko»ni chempion qilgan murabbiy Radomir Antich bo‘ldi. O‘shanda Andres 12 yoshda edi. U asosiy yulduzlar deya Xonatan Valle (oxir-oqibat hech narsaga erishgani yo‘q) va Fernando Torres bo‘lishi kutilgan musobaqada o‘ynardi. Hech kim Inestaning nomini ham bilmagan. Final uchrashuvida Valle jamoasi bilan Inestaning «Albasete»siga qarshi o‘ynadi. Hamma Xonatanning fintidan hayratga tushardi, ammo Antich emas: “Siz futbolda hech narsani tushunmaysiz. Eng yaxshi o‘yinchi – «Albasete»ning 5-raqamli vakili. Hech kim 5-raqam egasiga yaqin ham emas. Shunchaki uni tomosha qiling. U hech bir xato qilmadi, hech qachon to‘pni yo‘qotmadi, har bir qarori to‘g‘ri. Hatto eng kichik xato qilmadi - u ulkan farq bilan eng yaxshisi bo‘lmoqda.”
Keyin «Barsa»ning o‘sha vaqtdagi yarim himoyachisi Pep Gvardiola ham hayratlandi. Klubda daho bolakay paydo bo‘lgani haqidagi mish-mishlarni eshitgach, Pep uning mashg‘ulotlarini ko‘rishni xohladi. Gvardiola mashg‘ulotni oxirigacha tomosha qildi va uning oxirida yoshlar jamoasining murabbiyiga shunday dedi: «Bu bola hozirdanoq mendan ko‘ra yaxshi». Bir necha oydan so‘ng Gvardiola 14 yoshli Inestaga yoshlar musobaqasida erishilgan sovrinni topshirdi: «Tabriklayman, men seni birinchi jamoada ko‘rishga umid qilaman, lekin ketgunimcha kutib tur» Bir yil o‘tib esa, Pep Andresga «men ko‘rganlar orasidagi eng yaxshi futbolchiga» degan so‘zlar bitilgan suratini berdi.
Inesta 16 yoshga to‘lganida, u «Barsa»ning asosiy jamoasi mashg‘ulotlariga taklif qilindi. Dastlab Andres buni o‘yin deb bildi. U mashg‘ulotlar bazasiga qanday o‘tishni bilmas edi. Luis Enrikega bolakayni o‘tkazib yuborishi uchun soqchilar yoniga yugurishiga to‘g‘ri keldi. Mashg‘ulotning oxirida Gvardiola jamoani to‘plab, shunday dedi: «Bugungi kunni eslab qoling, bugun Andres bilan birinchi marta o‘ynadingiz». Keyin Pep Xaviga o‘girilib pichirladi: «Bu bolakaydan ehtiyot bo‘l. Bir kuni u meni faoliyatimni yakunlashimga majbur qiladi. U barchamizni faoliyatimizni tugatishga majburlaydigan darajada juda yaxshi.»
Inestani «Barselona» tarkibida birinchi marta chiqarishdan oldin, Lui Van Gal o‘sha vaqtda klubning ma’muriy lavozimida ishlagan Lorenso Serra Ferrer bilan maslahatlashib oldi. «U qaysi pozitsiyada o‘ynashi mumkin?» – deya so‘radi Lui. «U daho. U har qanday pozitsiyada o‘ynashi mumkin. Markaziy yarim himoyachi, pleymeyker, insayd, hujumchi ortida yoki o‘ninchi raqam pozitsiyasida pozitsiyasida. Agar jamoaga birdaniga qisqa pas bilan qattiq bosimni engib o‘tish kerak bo‘lsa, uni hatto qanot himoyachisi qilishingiz mumkin», - deb tushuntirgan edi Lorenso. Dastlabki sxemada uni chap qanot yarim himoyasiga qo‘yilganiga ko‘ra, gollandiyalik murabbiy Serre Ferrerning so‘zlariga rostdan ishongan. Bu shunday degani edi: «Bu maydon. Bu seniki. O‘yna!»
Inesta – bu sehr
Andresni tasniflashning o‘zi qiyin. Xavi bu- nazorat va ijodkorlik. Messi - maqsadlar va uzatmalar. Buskets – to‘pni Xavi va Inestaga etkazish bilan birga raqib o‘yinini buzish. Andres hamma pozitsiyada oz-ozdan shug‘ullangan, ammo uning vazifalari va hatto pozitsiyasi ham tez tez o‘zgargani uchun unga sodda tavsif berish juda qiyin. Ehtimol, eng aniq variant bu maydondagi «sehr uchun javobgar» bo‘lsa kerak.
Andres haqida gapirilganda tez-tez «sehr» atamasini ishlatilishi hayratlanarli. «Andres – sehrgar. Shunisi bilan u boshqa har qanday futbolchidan farq qiladi. U «Barselona» va Ispaniya terma jamoasining butun davrini belgilab berdi», - deydi Serxio Ramos. «Inesta – haqiqiy sehr», - degan edi Ivan Rakitich u bilan jamoadosh bo‘lishidan ancha vaqt oldin. «U to‘p bilan bo‘lsa, atrofdagi narsalar sekinlashadi yoki hatto to‘xtab qolganday ko‘rinadi. Men uni 15 yildan ortiq vaqtdan beri bilaman va u hech bo‘lmasa bitta yomon o‘yin o‘tkazganini eslay olmayman», - deya hayratlangan edi Fernando Torres.
Luis Enrike uni «Garri Potter» deb atagan. Ramos boshqa bir xushomadida, kimdir Andresga sehr qobiliyatini bergan deya taxmin qilgandi: «U avliyo. Bu bilan u hammamizdan farq qiladi. Biror kishi sehrli tayoqchani unda sinab ko‘rgan. Futbol fanati sifatida, men u bilan o‘ynaganimdan faxrlanaman. U o‘yin taqdirini hal qiladi. U boshqa hech kimning qilishi mumkin bo‘lmagan narsalarni qiladi».
Terri Anri Inestada super qahramonning qobiliyatlarini ko‘radi: «undagi bir narsa meni doimo hayratga soladi. Agar u oldingizdan shlyapada o‘tib ketsa, uni tanimaysiz. U hech qachon e’tiborni talab qilmaydi va u jalb qilmaydi. Lekin unga to‘pni berib qo‘yishingiz bilan u «Supermen»ga aylanadi. »
Inestaning shaxsiyatini sehr deb tushuntirishga intilish tushunarli. Uni odatiy kategoriyalarda tasvirlash juda qiyin, chunki u yagona. Lekin sehr haqidagi so‘zlar safsata emas – ular hatto ilmiy tasdiqlangan. Stokgolm universiteti professori Predrag Petrovich futbol aqlini o‘lchashga urinishlari bo‘yicha bir nechta ishlarni yozgan. U ko‘plab futbolchilarni sinab ko‘rdi.
Inestaning test natijalari uni boshqalardan ham ko‘ra ko‘proq hayratda qoldirdi. Testlar o‘yindan ertasiga mashg‘ulotlardan keyinoq o‘tkazilgan. Shuning uchun, Predrag bosim tufayli natijalar ko‘pchilikda kuzatilganidek yomon bo‘lishi mumkin deya kutgandi. Ammo Inesta eng yaxshi natijalarni ko‘rsatdi. Bunday holatda ham u har qanday neyrobiologik testda sayyoramiz aholisining 0,1% qismiga kirishi aniqlandi.
O‘shandan beri, Inesta universitetda barcha uchun futbol aqli atamasi bilan sinonimga aylandi. Futbol Federatsiyasidan kafedraga «yangi Messini qanday topish mumkin?» degan savolni beradiganlarga ular aslida «yangi Inesta»ni topish kerakligini tushuntirishadi.
Biz Inestaning sehri deyayotganimiz futbol maydonida uch komponentni o‘zida mujassam etgan. Bular: 1) bosim ostidagi o‘yin; 2) doim to‘g‘ri qarorlarni qabul qilish; 3) shu vaqtgacha hech kim tushuntirib bera olmagan drbling.
Bularning barini Jerar Pike juda yaxshi tushunib olgan, uning o‘yin sifatiga katta ta’sir qilishini bayon qilgan edi: “Agarda Inestani Moneyball mantig‘i bo‘yicha baholaydigan bo‘lsak, hech kim uni sotib olishni istamagan bo‘lardi. Chunki u oz bo‘lsada gol uradi va hujumkor futbolchiga assistentlik qiladi. “Barselona” u bilan va usiz o‘yinganda ancha farq qiladi. Usiz o‘yin uslubimiz o‘zgaradi. U maydonda bo‘lsa, hammasi joyida. U bo‘lmasa uning qanchalik muhimligini his qilasan. “Barselona” usiz ham g‘alaba qozonishi mumkin, ammo yaxshi o‘ynolmasligi mumkin.”
Biz endi sehrning har bir qismini tahlil qilib chiqamiz.
- Bosim ostida o‘yin
Andresning eng yaxshi tribyutlari mana bu saytda jamlangan. Bu erda uning to‘p bilan va bir o‘zi 5-7 raqib bilan duch kelgan bir qancha rasmlari jamlangan. Boshqa birorta futbolchida bunday kollektsiya mavjud emas. Bu tasodif emas. Inestaning raqiblarni o‘zi bilan olib yurib, to‘pni raqibsiz qolgan jamoadoshiga uzatishi uning uslubi hisoblanadi.
Undan bir necha marotaba 6-7 raqiblar qurshovida qolish qandayligi haqida so‘rashgan. U buning javobini bilmaydi. U haqida kitob yozgan jurnalistlar Markos Lopes va Ramon Besega aynan shunday javobni bergan. Boshqa bir intervyusida Andres bu uslubi uchun uzr so‘rashiga bir bahya qolgandi (u naqadar tengsiz!). “Yo‘q-yo‘q, men albatta, bitta raqibga qarshi o‘ynashni istayman, 5 tasiga qarshi emas.” Boshqa safar esa odatiy ishini qilayotganini aytgandi: “Men shunchaki 12 yoshimda maktab maydonchasida qilgan ishlarimni qilyapman xolos.”
Andresdan eng yaxshi javobni Sid Lou qiyinchilik bilan so‘rab olgandi. “Bunday vaqtlarda intuitiv tarzda harakat qilaman. Ichimda bir nima menga yordam beradi. Taktika va strategiyani tushunaman, ammo futbolda aytib bo‘lmas tomonni ham ko‘raman. Bu minglab soniyalar ichida qarorlar qabul qilishdan iborat. Menga to‘pni uzatganida ortimda raqib paydo bo‘lsa, “o‘ngga boraymi yoki chapgami?” de o‘tirmayman. Men shunchaki harakat qilishni boshlayman va uslubim ish beradi. Ba’zan ish bermasligi ham mumkin. Bu vaqtda Inestaning qo‘shni xonadagi do‘stidan ovoz keladi: “Hamisha ish beradi.”
Gvardiola Inestaning tug‘ma iste’dodlarining ahamiyatini ko‘p bora ta’kidlagan. Bir marta undan Inesta buyuk futbolchi bo‘lib tug‘ilganmi deya so‘rashganida, Pep : “Yo‘q, u onasining qornidayoq buyuk futbolchi bo‘lgan” deya javob bergandi.
Inestaning boshqa bir murabbiyi esa ancha ilmiyroq nazariyani aytgandi: “Inesta raqibni jalb qilish uchun to‘pni o‘zida ushlab turadi va o‘yin taqdirini hal qiladi. U bu ishni qilishiga sabab, yuragining tubida maydondagi har qanday futbolchidan yazshiroq ekanini his qiladi. Inesta raqiblarni o‘zi bilan olib yurib bo‘shliqni yaratadi.” Bir marta u menga ochiqchasini tan olgandi: “agarda raqibning 5 futbolchisi menga yo‘naltirilgan bo‘lsa, jamoadoshlarimning ishi ancha osonlashadi.”
Erik Abidal Andresning tryuklarini kuzatirkan, jamoadoshlari nimani his qilishini tushutntirib bergan edi. Men unga yomon pas yoki “inglizcha pas” uzatsam u qandaydir to‘pni o‘ziga to‘g‘rilab olaveradi. Tushuntirib berish imkonsiz, ammo to‘g‘rilab olaveradi. Keyin esa ikkita, uchta va hatto beshtasini ham aldab ketaveradi. Go‘yo shunday qilinishi kerakday. Undagi ikki iqtidor meni juda hayratga soladi: u maydonning istalgan nuqtasiga to‘pni etkazib bera oladi va u atrofidagi hamma narsani ko‘ra oladi. Qanaqasiga bunday bo‘lishini hecham tushunmaganman. U oldinga qarab ketayotgan bo‘lishi mumkin, ammo hayolida barchasini detallarigacha pishitib qo‘yadi.”
- Qaror qabul qilish
“Yordamchilardan biri har doim – Inesta nima qilayotgan bo‘lsa, jamoadoshlarini egallab turgan darajasidan ham yanada yaxshiroq ko‘rinishiga majbur qiladi”, degan edi Pep Gvardiola. Buni futbolchilarning o‘zi ham his qiladi. “Qiyin vaziyatlarda to‘pni shunchaki Inestaga berish kerak. U bizning sug‘urtamiz. U tufayli sen hamisha yazshiroq ko‘rinasan” – degan edi Karles Puyol. “Senda muammo bo‘lsa to‘pni Andresga uzat, u echim topadi. Uning eng yaxshi roli – bu yarim himoyachi vazifasi. Ammo darvozabonlikdan tashqari barcha pozitsiyalarda o‘ynay olishi mumkin” – deya Dani Alvesh o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlasharkan. Fernando Torres esa, “u sekundlar oldin nima yuz berishini biladi. U barchadan bir qadam oldinda.”
Xuan Roman Rikelme “Barsa”da asosiy tarkibdagi o‘rnini aynan yosh Inetsa tufayli yo‘qotgan va baribir u ham Andresning daholigini rad qila olmaydi: “Dunyoda futbolni barchadan yaxshiroq Inesta o‘ynaydi. U qachon oldinga borish, qachon ortda o‘ynashni biladi. Agarda u chap qanotda to‘pni egallagan bo‘lsa, o‘ng qanotdagi futbolchilar qanday joylashganini aniq tasavvur qiladi. U har qanday harakat uchun eng yaxshi daqiqani tanlaydi. Qachon aldash kerak, qachon tempni kuchaytirish yoki o‘yinning borishini sekinlashtirish. Qaror qabul qilish instinktiga o‘rgatib bo‘lmaydi. Zarba texnikasiga yoki to‘p nazoratini o‘rgatsa bo‘ladi. Ammo maydondagi vaziyatni tushunish bu tug‘ilishdan beriladigan xislat.”
Del Boskeda Andres bunga qanday erishayotganiga oid o‘z nazariyasi bor: “Andres noodatiy futbol zakovati va o‘yinni tushunish fazilati bor. Ba’zan unga termulib turib u tribunadan turib o‘ynayapti degan shubhaga boraman. Tribunadan turib o‘ylayman, “U u erga pas uzatishi kerak.” Andres esa xuddi shu pasni uzatadi. Menga buni tribunadan turib sezish oson, ammo unga maydonda qiyin. Lekin qandaydir yo‘l bilan u to‘g‘ri pasni uzatadi.”
Tushuntirish fantastika bo‘lishi mumkin, ammo bu haqiqatga rostdan yaqinroq bo‘lsa kerak. Inesta haqiqatdan aqlbovar qilmas ishlarni bajaradi. “Men maydonga chiqqanimda, ozmi-ko‘pmi o‘yin qanday kechishini bilaman. O‘yin mobaynida ba’zi narsalar o‘zgarishi mumkin, ammo o‘yinning borishi menda ancha erta, o‘yindan bir kun oldin paydo bo‘ladi. Men uni hayolimda ko‘raman. Men buni faoliyatim davomida sezdim va qisman uni nazorat qilishni ham o‘rgandim.”
- Dribling sehri
Uning dribling uslubini tahlil qilarkan, Xaver Maskerano Inestani gipnozchiga qiyoslagan edi, bunda u to‘p bilan muomala qilayotganida tanasining bir qismiga aylanib ketishini nazarda tutgan edi. Luis Suaresga ko‘ra Inesta gazon ustida “bug‘lanib ketadi.” Xavida boshqacha variant bor: “Inesta himoyachilarga qarab to‘g‘ri boradi keyin birdaniga chapga yoki o‘ngga qarab burilib ketadi. Agarda o‘sha vaqtda unga qarshilik qilolmasang, keyin uni tutib bo‘lmaydi. Andres nafaqat seni aldab o‘tadi, u seni korridadagi ho‘kizga aylantirib qo‘yadi.”
“Tito Vilanova Inesta haqida aniq ta’rif bergan, “U yugurmaydi, u sirg‘anib yuradi. U konkisiz xokkeychiga o‘xshaydi. Darhaqiqat bu rost. U go‘yo bir tomonda sirg‘anib yuradi, keyin o‘zining engil harakatlari bilan boshqa tomonga burilib ketadi” – deydi Pep Gvardiola.
Aniq qiyoslashlar juda ko‘p. Dunyo futbolida hech kim unga analoglar izlamayotgani e’tiborga molikdir. Andresning harakatlarini ilmiy-futbol tilida tushuntirib berish imkonsiz. David Silva bunga harakat qilib ko‘rdi, ammo u ham lol qoluvchilar tomoniga o‘tib ketdi. “Inestaning to‘p bilan burilishi uni haqiqatda betakrorligiga aylantirmoqda. Aql bovar qilmaydi, u 2-3 metr masofa oralig‘ida burila oladi. Himoyachilar uni to‘xtatishga harakat qiladi, ammo ularda imkoniyat yo‘q. U o‘yinning har bir bosqichini ideal tarzda o‘qiy oladi va aql bilan har bir epizodga reaktsiya bildiradi. U yagona.”
Pike esa himoyachilarning tuyg‘ularini ajoyib tarzda ochib bergan. “U to‘pni olganidan keyin dastlabki 10 metr masofa ajoyib. U harakat qilishni boshlaganida har qanday himoyachi sekindek ko‘rinadi. Men uning eng tezkor himoyachilarga qarshi o‘ynaganini ko‘rganman, ulardan hech biri o‘z vaqtida qarshilik ko‘rsata olmagan. Menimcha, bu sehr. Boshqa birortasida bunday vaziyatni kuzatmaganman.”
Hatto Lionel Messi ham Inestaning texnikasi yagonaligi va yuqoriligini tan oladi: “Biz Inesta bilan raqiblardan qochishda tanani ishlatishimiz bilan o‘xshashmiz. Biroq uning harakatida meni doimo hayratda soladigan alohida element bor. Bu unga endi-endi etvolaman deysan-u, ammo unga etolmaganingdagi holatdir. Uning, ochiqchasini aytganda tezkor deb bo‘lmaydi, ammo u baribir sendan qochib ketadi. Bu uning texnikasidan kelib chiqadi.”
“Jahonda fint qiladigan, 4 ta aldamchi harakatni bajaradigan yulduzlar talaygina. Ammo ularning driblingi jamoasiga haqiqiy foydani keltirmaydi. Inesta mana shunday futbolchilarning teskarisi. Bir marta to‘pga teginish yoki hatto teginmasligi ham mumkin, keyin unga etib bo‘lmaydi. Shunchalar oson, ammo ayni vaqtda himoyachilar uchun shunchalar qiyin.”
(Davomi bor)
Erkin G‘aybullaev tarjimasi.
Manba: Sports.ru
Fikrlar