
Ja’far Irismetov: Aziz Turg‘unboev "Paxtakor" bilan o‘zi xohlab shartnoma imzolagan
Shu kunlarda o‘zbek futboli diqqat markazida bo‘lib turgan Aziz Turg‘unboev masalasi ko‘pchilikda turlicha fikr uyg‘otmoqda. Ayrimlar uni "Paxtakor" o‘yinchisi deb aytsa, boshqalar "Navbahor"da o‘ynashi kerak deyishmoqda.
"Paxtakor" klubi sport direktori Ja’far Irismetov SPORTS.uz muhbiri bilan bo‘lgan suhbat davomida ushbu masalada o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
- Navbatdagi savolim Aziz Turg‘unboev masalasi bilan bog‘liq. O‘ylashimcha, bu hammani qiziqtiryapti. Yaqinda “Paxtakor” OChLning qaydnomasi uchun futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi va unda Aziz Turg‘unboev ham bor edi. Lekin u “Navbahor” bilan ham shartnoma imzolagan va hozirda namanganliklar bilan Qrimda shug‘ullanib yuribdi. Ushbu masalaga oydinlik kiritib o‘tsangiz?
- Aziz Turg‘unboev bilan haqqoniy tarzda shartnoma tuzganmiz. Ya’ni, barcha qonun-qoidalarga zid bo‘lmagan ravishda o‘zaro kelishgan holda shartnoma imzolaganmiz. Shunday ekan, Aziz “Paxtakor”ning futbolchisi hisoblanadi. To‘g‘ri, u ayni paytda “Navbahor” jamoasi bilan shug‘ullanyapti. Terma jamoaning lageridan to‘g‘ri Qrimga uchib ketgan. Lekin biz futbolchini qaytarish masalasida PFLga murojaat qilganmiz. Bemalol aytishim mumkinki, biz uni haqqoniy ravishda PFLning ro‘yxatidan o‘tkazib Osiyo Chempionlar ligasi uchun “zayavka” qilganmiz. Albatta, bu vaziyatda futbolchining xohishiga ham qaraladi. Ammo biz Turg‘unboev bilan shartnoma tuzayotganimizda uning jamoamizda o‘ynash uchun xohishi bor edi. Hozir ham futbolchining “Paxtakor”da to‘p surishga xohishi bo‘lishi kerak. Yana nima deyishim mumkin? Aziz avvalo “Paxtakor”ga kelib mashg‘ulotlarga qo‘shilishi lozim. Shundan keyingina agar uning o‘zi ketishni istasa, “Navbahor” bilan muzokaralarga kirishishimiz kerak bo‘ladi. Biroq qonun bo‘yicha Turg‘unboev “Paxtakor”ga qo‘shilishi shart.
Suhbatning to‘liq matnini tez orada saytimiz orqali o‘qishingiz mumkin.
Fikrlar