
Jasur Abduraimov: Arveladze sehrgar emas
Xabaringiz bor bundan biroz avval Superliganing 28-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” hamda “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi markaziy uchrashuv o‘z nihoyasiga etdi. Bahs 0:0 hisobida nursiz durang bilan yakunlandi. O‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar murabbiyi Jasur Abduraimov qatnashdi va o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Bugun qiziqarli va jangovor o‘yin bo‘ldi. Biroq, yakunda bizga omad etishmadi. Hammasi uchun vaqt kerak. Arveladze ham hamma narsani birdan o‘zgartira oladigan sehrgar emas. Men 15 yildan buyon klubda ishlayman. Aytishim mumkinki jamoadagi barcha insonlar faqat g‘alaba uchun harakat qilishmoqda. O‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashimiz kerak, o‘shanda natija o‘z-o‘zidan keladi.
Kelasi mavsum nima bo‘lishini bilmayman. Menimcha ba’zi chiziqlarni yanada kuchaytirishimiz kerak. Futbolchi boshqa jamoada yaxshi o‘ynashi mumkin, biroq “Paxtakor”dan barcha g‘alaba kutadi va shu bois ushbu jamoada bosim juda yuqori. Qolaversa, jamoaga moslashib ketish uchun ham vaqt kerak.
Nega “Paxtakor”ga kelgan yulduz futbolchilar o‘zlarini ko‘rsata olmaydi? Qaysidir futbolchi yaxshi o‘ynasa, biz uni sotib olamiz, o‘rtahol futbolchini emas. Yana bir bor aytaman, hammasi uchun vaqt kerak. Chunki, futbolni faqat bir kishi o‘ynamaydi. Faqat sabr-toqat kerak.
Har bir o‘yin o‘ziga hos tajriba deganidir. Chunki, men o‘sha yomon natijadan o‘zimga hulosa chiqarib, bundan tajriba orttirishim mumkin.
“Paxtakor” finalda mag‘lub bo‘ldi, ammo halol o‘ynadi. Garchi AGMK g‘olib bo‘lgan bo‘lsada, o‘yin chiroyli bo‘ldi. Bugun ham xuddi shunday o‘yin guvohi bo‘ldik. Hamma xato qilishi mumkin, hech kim maydonda shunchaki yurmayapti. Agar hamma o‘yinlar shunday bo‘lganida, o‘zbek futboli allaqachon rivojlangan bo‘lardi”, - deydi Abduraimov.
Fikrlar