
Lennoks Lyuis: Super jangda Joshua Klichkoni mag‘lub etadi
Super og‘ir vazn toifasining sobiq jahon chempioni Lennoks Lyuis ushbu vaznda porlab chiqayotgan va mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan britaniyalik Entoni Joshuaga katta ishonch bildirmoqda.
Gap shundaki, Joshua 29 aprel kuni sobiq chempion ukrainalik Vladimir Klichkoga qarshi ringga ko‘tariladi. Lyuisning so‘zlariga ko‘ra, Joshua mazkur jangda g‘alaba qozonadi va buning uchun u ko‘proq imkoniyatga ega ekan.
– O‘ylaymanki, Joshua uchun ajoyib davr. Klichko so‘nggi jangda mag‘lub bo‘lgandan so‘ng uning ojiz tomonlari ko‘rinib qoldi. Joshua chempionlik kamarlariga uzoq vaqt egalik qilib kelgan raqibga qarshi bo‘ladigan jangda ushbu titullarni o‘ziniki qilib olishi uchun yaxshi imkoniyatga ega, – deydi Lyuis BBC nashriga.
Eslatib o‘tamiz, IBF, IBO va WBO chempionlik kamarlari uchun kechadigan jang 29 aprel kuni Londondagi muhtasham “Uembli” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar