Mahmud Murodov: O‘zbekistondagi ilk g‘alabamni yurtdoshlarimga bag‘ishlamoqchiman

BEPUL PROPAN

Xabaringiz bor, 9 sentyabr kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadioni yakkakurash jang san’atlari bo‘yicha tashkil etilayotgan xalqaro “Asian Fight-2017” musobaqasiga mezbonlik qiladi.

Mazkur jang kechasida 9 nafar sportchimiz yurtimiz sharafini himoya qiladi. Ular orasida aralash yakkakurash janglarida (MMA) faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik Mahmud Muradov (13-6) ham ringga chiqadi. Unga ushbu shouda ozarbayjonlik Ziya Mirzaev raqiblik qiladi.

SPORTS.uz internet portali muxbirlari sportchimiz bilan musobaqa oldidan tayyorgarliklari hamda fikrlari haqida qisqacha suhbat tashkil qildi.

– “Asian Fight-2017” musobaqasida ishtirok etish taklifini qachon oldingiz?

– Ushbu musabaqada ishtirok bo‘yicha taklifni taxminan ikki oy avval O‘zbekistonda bo‘lgan vaqtimda qabul olgan edim. Bu meni juda xursand qildi.

– Bu musobaqa haqidagi fikrlaringiz qanday?

– Birinchidan, bu qamrovli bo‘yicha juda yirik musobaqa. Albatta, bu turnir meni qiziqtirib qo‘ydi. O‘z uyimda, Vatanimda muxlislarimiz oldida ringga chiqish bu sharaf. Bu erdagi  atmosfera, muhit meni o‘ziga jalb qildi. Shu kunga qadar ona yurtimda jang o‘tkazmaganman. Shuning uchun hech ikkilanmasdan ishtirok etish uchun rozi bo‘ldim.

– Bu musobaqada qanday tayyorgarlik ko‘ryapsiz? Mashg‘ulotlar qaerda o‘tmoqda?

–  Turnirda ishtirok etishga rozilik berganimdan so‘ng tezda Chexiyaga yo‘l oldim. U erda mashqlarga zo‘r berdim. Keyingi bosqich Polshada bo‘lib o‘tdi. So‘ng Slovakiyaga. Uchinchi va yakuniy bosqich O‘zbekistonda o‘tyapti.

– Bo‘lajak jangdagi raqibingizni bilasiz? U haqda nima deya olasiz?

– Raqibim juda yaxshi sportchi, Ozarbayjondan. Jangovar sambo va penchak-silat bo‘yicha bir necha bor jahon chempioni, turli nufuzli musobaqalar g‘olib va sovrindori. Turgan holatda yaxshi jang olib boradi. Parterda ham tajribasi katta. Puxta tayyorgarlik ko‘rdim. Yig‘inlar a’lo darajada o‘tdi. Quvonarlisi, yurtdoshlarimiz oldida jang qilishim kuchimga kuch qo‘shadi, degan umiddaman. G‘alaba qozonish uchun barcha mahoratim va tajribamni ishga solaman. G‘alabam bayramga munosib sovg‘a bo‘ladi.

Bu turnir Sizga nima beradi?

– Birinchidan, men uchun o‘z ona yurtimda jang o‘tkazish - bu sharaf. Musobaqa yuqori darajada tashkillashtirilganiga guvoh bo‘lyapman. O‘tkaziladigan joyi ham albatta maqtovga sazovor. Bu kabi turnirlar yoshlarni o‘zga jalb qilishi va ularning sonini oshirishi shubhasiz. Unga tashrif buyurgan yoki turli manbaalar orqali kuzatadiganlar uchun albatta katta bayram bo‘ladi, deb o‘ylayman. Takror va takror aytaman, biz o‘z ishimiz bilan boshqalarga ijobiy tomondan o‘rnak bo‘la olishimiz shart.

– Bu kabi turnirlar O‘zbekistonda ilk marta o‘tkazilmoqda. Sizning fikringiz...

– Bu turnir O‘zbekistondagi qamrovi bo‘yicha ilk va yirik musobaqa sanaladi. Umid qilamanki, oxirgisi ham emas. O‘sib kelayotgan yosh avlodimiz kuchli, g‘ayratga to‘la. Bizning avlod faqat va faqat yuqori marralarga intilish zarur. Bo‘lajak turnir tashkilotchilari faoliyatini davom ettiradi. Biz esa unda ishtirok etib, muxlislarni xursand qilishda davom etamiz.

– Muxlislarga tilaklaringiz...

– Birinchi navbatda barcha yurtdoshlarimizni yaqinda o‘tgan qo‘shaloq bayram bilan tabriklamoqchiman. Jonajon yurtimiz mustaqilligining 26 yilligi va Qurbon hayiti bilan chin yuragimdan muborakbod etaman. Barchaga sog‘lik-salomatlik, oilaviy baxt tilayman. Shu o‘rinda yurtboshimiz, hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoevga o‘z minnatdorligimni izhor qilmoqchiman. Ularning Vatanimiz rivoji uchun tinimsiz mehnatlarining samarasini o‘zingiz ko‘rib turibsiz, yaratilyotgan shart-sharoitlar albatta, quvonarli. Shuningdek, biz sportchilarga muxlislik qilib qo‘llab-quvvatlayotgan sport ixlosmandariga ham tashakkurlar aytib qolaman.

– Biz esa o‘z o‘rnida g‘alabalarni qo‘lga kiritib, ularning ishonchini oqlashga bor kuch va g‘ayratimizni sarf qilamiz. 9 sentyabr kuni boladigan jangdagi g‘alabamni Vatanim va yurtboshimizga bag‘ishlash niyatidaman. O‘sib kelayotgan yosh avlod uchun bizning muvafaqqiyatlarimiz namuna bo‘ladi. Maqsad ularni bekorchi bo‘lib qolmasligi, yomon illatlarga berilmasligining oldini olish. Ular bizga qarab nafaqat sportda, balki turli sohalarda yuqori marralarni egallashga harakat qilishlari barchamiz uchun muhim. Qo‘llab-quvvatlaganlari uchun barchaga rahmat aytaman. 9 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan turnirga tashrif buyuring va bizga dalda bo‘ling. Sizning muxlisligingiz bizga juda zarur, BIZ BIRGALIKDA KATTA KUChMIZ!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!