Malkom – “yangi Koutino”mi?
“Barselona” o‘z safini yana bir braziliyalik iqtidor egasi bilan to‘ldirdi. “Bordo”da o‘tgan mavsumda porlagach, unga bir qator klublar qiziqish bildira boshladi. Futbolchining o‘zi “Roma” bilan shaxsiy kelishuvga ham erishdi. Biroq so‘nggi daqiqalarda kurashga Kataloniya grandi qo‘shilgach, “Bordo” rahbariyati etakchisini va’dadan ko‘ra qimmatroqqa sotishni afzal ko‘rdi, yarimhimoyachining ham bunday taklifdan ko‘ngli erib ketdi va La Liga chempioni safiga ko‘chib o‘tdi.
Malkom “Barselona”ning bu yozdagi ikkinchi, yil hisobidan esa uchinchi braziliyalik vakiliga aylandi. Undan biroz avval “Gremio” vakili Artur “Barsa” tarkibini to‘ldirgan edi. Qishki transfer bozorida esa “Enfild”dan Filippe Koutino ko‘chib o‘tgan edi.
Koutino 120 million evro evaziga “ko‘k-anorranglilar” safiga ko‘chib o‘tganidan keyin “Liverpul” aynan Malkomni Koutinoga o‘rinbosar sifatida olib kelishni niyat qilgan edi.
“Roma” futbolchi bilan shaxsiy kelishuvga erishguniga qadar bir qator ingliz klublari unga ko‘z olaytirdi. Yakunda na “Roma”, na ingliz jamoalari uni olib kelishning uddasidan chiqdi. “Barsa” futbolchini 41 million evro evaziga o‘ziniki qilib oldi.
O‘z navbatida “Bordo” braziliyalik vingerni 2016-yilda “Korintians”dan atigi 5 million evro evaziga sotib olgan edi. Tarixan, “Bordo” Frantsiyaning nomdor jamoalaridan biri hisoblanadi. Ular 2009-yilda 1 Liga chempioniga aylanishgan edi. Hozirda esa ularning ishlari unchalik yurishmayapti. Yanvarda yangi murabbiy Gus Poye kelganidan keyin ular turnirni 6-o‘rinda yakunlashdi.
Malkom esa jamoa pastga qarab sho‘ng‘iyotgan bir paytda xaloskorga aylandi. O‘tgan mavsumda klub uni “Volfsburg”ga 15 million evroga sotmagan edi va bu qaror o‘zini oqladi. U asosiy tarkibda o‘zini to‘liq ko‘rsata oldi. O‘yin ko‘rsatkichlari ancha yazshilandi. Eng muhimi tomoshabop o‘yini yanada yorqinroq tus oldi.
O‘tgan mavsumda to‘liq 38 o‘yinda maydonga tushgan Malkom 12 gol urishga erishgan. Shuningdek, 7 golli uzatmani amalga oshirgan. Jamoadoshlari uchun 87 xavfli vaziyatlarni yaratib bergan.
U “Bordo” uchun gol urish bilan birga, 30 metrdan kuchli zarbalar yo‘llay olishi, jarima maydonchasiga aniq uzatmalarni oshirishi bilan ham qadrlidir. Ingliz klublari uni o‘z safiga olishmoqchi bo‘lganida frantsuz klubi rahbariyati uni umuman sotmoqchi emasliklarini aytganidan hayron qolmasa ham bo‘ladi.
“U qishda sotilmaydi” – degan edi Stefan Martin l’Equipe nashriga bergan intervyusida. Ammo pul baribir o‘z so‘zini aytib kelgan. Yuqori marralarni ko‘zlagan 21 yoshli vingerni uzoq vaqt klubda olib qolish imkonsiz. 1 Ligada jon saqlab qolishga katta yordam bergani haqqi hurmati klub uni qo‘yib yuborishi kerak edi.
O‘tgan mavsumda sobiq bosh murabbiy Gurvennek Malkom sabr qilishi kerakligi, vaqti kelib unga grand jamoadan albatta taklif tushishini bashorat qilgandi. Yakunda barchasi haqiqatga aylandi. “Barselona” uni “Roma”dan tortib oldi!
Braziliyadan Frantsiyaga endigina ko‘chib o‘tganida u 6 oy mobaynida asosiy tarkibga moslashgan edi. Endi esa u Evropa havosida “baliqdek suzmoqda”.
“Yangi Koutino” bo‘lishi kutilgan yarim himoyachi taqdirning hazili bilan aynan u Koutinoga o‘rinbosar bo‘ladi.
Texnikasi yuqori futbolchi “Barsa”da vinger sifatida qo‘llanilishi mumkin. Shuningdek, u “o‘nlik” vazifasiga ham juda mos tushadi. Malkom rivojlanishdagi yosh iqtidor vakili hisoblanadi. Uni aftidan “Kamp Nou”da porloq kelajak kutmoqda.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi



Fikrlar