“Mash’al” etakchilarini sotishga tayyor yoxud pul topishning "Muborakcha usuli"

  • 01.06.2018 20:41
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Muboarkning “Mash’al” klubi eskitdan professionallikka intilgan jamoa hisoblanadi. Pro-ligada ishtirok etayotgan muborakliklar kutilganidek peshqadamlikni o‘z qo‘liga olishdi. Lekin “Mash’al”da ham moliyaviy tomondan muammolar bor. Shu bois rahbariyat o‘zlari pul topish yo‘llarini izlab topmoqdalar. Oxirgi paytlarda “Mash’al” o‘z etakchilarini Superligaga sotib yuborishi va o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad olib tashlanishi mumkinligi haqida ko‘p eshityapmiz. Klubning ijrochi direktori Ilhom Qurbonov esa barcha masalaga oydinlik kiritdi va qay tarzda qo‘shimcha pul topayotganini ham aytdi.

- “Mash’al” klubi yozda o‘z etakchilarini Superliga klublariga sotish orqali moliyaviy ahvolini bir muncha yaxshilab olishni ko‘zlab turibdi va hattoki, kerak bo‘lsa, Superligaga chiqish vazifasi ham kun tartibida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin, degan gaplarni eshityapmiz...

- Superligaga chiqish vazifasi kun tartibidan olib tashlanmaydi. Bizning o‘yinchilarimizni sotib olaman degan xaridor bo‘lsa, biz istalgan vaqtda bunga tayyormiz. Bu siyosatni o‘tgan yildan targ‘ib qilishni boshladik. Biz belgilagan narxni kim ko‘tarsa marhamat bemalol sotib olishi mumkin. Biz selektsiya ishlarida har kuni ishlaymiz. Tarkibni yana iqtidorli yoshlar bilan yoshartirishga tayyormiz. Kimnidir sotib yuborsak, bu “Mash’al”ning Superliga uchun kurashmaydi, degan narsa emas. Hech qachon bu vazifa o‘zgarmaydi.

- “Mash’al” etakchilariga aynan sizlar xohlagan narxga boshqa klublardan takliflar bo‘lyaptimi?

- Hozircha hammasi og‘zaki. Lekin hali jiddiy taklif bo‘lgani yo‘q. 4-5 nafar futbolchimizga ko‘z tikishyapti. Ammo bu qachonki, jiddiy ko‘rinishda bo‘lsa, shundagina muzokaralar stoliga o‘tiramiz. 

- Ayting-chi, reja bo‘yicha aynan qaysi o‘yinchilarni sotib yuborish rejada bor?

- Jamoamizdagi qaysi futbolchiga taklif bilan chiqishsa, o‘shani sotamiz. Biz kimnidir ushlab turmaymiz. Istalgan o‘yinchimizni pullab yuboraveramiz. Futbol akademiyamizda yana yangi futbolchilar etishib chiqyapti. 

- Futbolchilarni sotish niyati qat’iy bo‘lsa, unda ayting-chi, o‘yinchilarga aynan qanday narxlarni belgilagansizlar?

- Qachonki biror-bir klub futbolchimizga jiddiy taklif bilan chiqsa, shunda biz ular bilan savdolashib, bitta narxga to‘xtaymiz. Agar biz oldinda palon so‘mni aytsak-ku, keyin jiddiy taklif bo‘lmasa, unda noqulay bo‘ladi. Bozorni ko‘ramiz va shunga qarab narx belgilaymiz. Albatta, har bir odam o‘z mahsulotini imkon qadar qimmatroqqa sotishni xohlaydi. Ammo bugungi kunda bozor buni ko‘tarmaganidan keyin nima qilasiz? Ikki tomon o‘zaro kelishgan holda bir qarorga kelinadi. Biz buning hamma tarafini o‘rganib chiqyapmiz. 

- Agar etakchilarni sotib yuborsanglar, keyin vazifani bajarishga qiynalib qolmaysizlarmi? Bu tavakkalchilikka o‘xshab ko‘rinyapti.

- Balki qaysidir futbolchilarni jamoamizda olib qolishimiz noo‘rin bo‘lsa kerak. Yoki kimnidir olib qolarmiz. Ikkinchi davra tugaganidan keyin yana murabbiy bilan bu masalada bafurja gaplashib olamiz.

- 25 may kuni “Mash’al” stadionida shou-tadbir o‘tkazilib, unga estradamiz guruhlaridan “Ummon” taklif etildi. Bu tadbirni aynan “Mash’al” klubi qo‘shimcha pul topish uchun uyushtirdimi?

- Ha, nimadandir pul topish uchun harakat qilishimiz kerak-ku! Bizda qator loyihalar bor va ularning har birini eksperiment tarzda o‘tkazib ko‘ryapmiz. Kelasi yilga esa o‘zini oqlagan loyihalarimizni dastur qilib belgilab olamiz. Albatta, ushbu yangi loyihalar orqali qancha miqdorda pul topish mumkinligini ko‘rib chiqyapmiz. Marketing bo‘limi bilan gaplashib hamma masalasini ko‘rib chiqyapmiz.

- Darhaqiqat, “Ummon” guruhining kontsert dasturida stadion muxlislar bilan to‘ldi. Ayting-chi, reja bo‘yicha ushbu loyihadan foyda ko‘rdinglarmi?

- Ha. Qilingan harajatimizdan 50 foizga foyda bilan chiqdik. Masalan, 10 so‘m pul sarflagan bo‘lsak, qo‘shimcha 5 so‘m ishlab oldik

- Yanada aniqroq aytish mumkinmi, aynan qancha miqdorda foyda ko‘rdinglar?

- Bu sir bo‘lib qolaversin. Yana boshqa loyihalarimiz ustida ishlayveramiz. Buning ustida harakat qilyapmiz-u, ammo og‘ir bo‘lyapti, qiynalyapmiz. 

- Shou-tadbiri uchun chiptalar qancha miqdorda sotildi?

- 10 ming so‘mdan sotdik. O‘sha kuni “Yoshlar” va “Ummon” guruhi mehmon bo‘ldi. Shuningdek, 17 yoshli futbolchilarimiz o‘rtasida ham o‘ziga xos shou o‘yini bo‘ldi va bunda “Mash’al” bilan “Nasaf”ning tarbiyalanuvchilari kuch sinashishdi. Bu shou o‘yinni Kiko Zuniga kelib ochib berdi. Futboldan keyin kontsenrt dasturi bo‘ldi. 

- Klubning homiylari mablag‘ tomondan yordam berib turibdimi yoki pul topishni faqat o‘zinglar eplayapsizlarmi?

- “Mash’al”ning peshonasi yarqiragan. Bu mehr va muhabbat asosida yaralgan klub hisoblanadi. 1982 yili “Mash’al” “Avtomobilst” nomi ostida tashkil topgan. Jamoa rahbarlari futbolni juda yaxshi ko‘rishadi. Garchi sharoitimiz og‘ir bo‘lsa-da, bizni o‘z holimizga tashlab qo‘yishgani yo‘q. Imkon darajasida yordam berishyapti. Lekin biz ham qarab turmasdan o‘zimiz pul topish yo‘llarini izlayapmiz. To‘g‘ri, bu harakatlarimiz smetamizning 1-2 foizini qoplashi mumkin xolos. Lekin biz asta-sekin bu ishlarimizni kengaytiryapmiz. Bizga faqat vaqt kerak. Smetani o‘zimiz 100 foiz qoplashimiz – bu hozirgi kunda amalga oshirib bo‘lmas vazifadir. Buning uchun yillar kerak. Hozirda o‘yinlar uchun chiptalarni 10 ming so‘m qilib belgilaganmiz. Ammo buning ichida muxlisga futbolka yoki kepka beriladi. Siz chiptani 10 ming so‘mga sotib olasiz va uning ichida qo‘shimcha futbolki yoki kepka bo‘ladi. Siz xohlaganingizni chipta bilan birga olishingiz mumkin bo‘ladi. Bu ham bir biznes.  

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!