Mirjalol Qosimov: To‘ydan oldin nog‘ora chalmaslik kerak
Bugun mazkur uchrashuv oldidan har ikki jamoa rasmiylari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Poytaxtimizdagi "Lotte" mehmonxonasning "Registon" zalida tashkillashtirilgan anjumanning ikkinchi qismida AGMK ustozi Mirjalol Qosimov ishtirok etdi va o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Fursatdan foydalanib, «Paxtakor» jamoasiga omad tilayman, ular bizdan biroz oldin kurashga qo‘shilishadi. «Lokomotiv»ga ham xalqaro maydonda omad tilab qolaman.
Ertaga oson bo‘lmaydi. Faqat bitta muammo bor, bizda mavsum endi boshlanmoqda. Hozirda barcha futbol o‘ynashni o‘rganib olgan, shunga ko‘ra, raqibga hurmat bilan yondashamiz. Avvalambor biz muxlislar uchun o‘ynaymiz. Ertaga har bir qarich maydon uchun kurashib, harakat qilinsa, natija yaxshi bo‘ladi deb o‘ylayman. Futbol jamoviy sport turi va futbolchilar bir-birini tushunishi kerak. Ammo hali qilinadigan ishlar ko‘p.
Hech bir murabbiy o‘z jamoasidan 100 % qoniqish hosil qilmaydi. Legionerlar jamoamizga biroz kech kelishganini qayd etish joiz.
«Istiqlol» yaxshi shakllangan jamoa. Texnik jihatdan yaxshi harakat qiladi. Raqib qisqa paslar orqali o‘ynaydi va menda iliq taassuort qoldirdi.
Futbol bir kishilk sport turi emas va barchasi jamoaviy o‘yinga bog‘liq. Albatta u Messi bo‘lmasa. Uchrashuvni bir kishi yutmaydi, butun jamoa yutadi. Selektsiya uchun vaqtimiz kam bo‘ldi, ammo ishonamanki, tarkibdagi futbolchilar yaxshi natija qayd eta olishadi.
Avval bor e’tiborni ertangi uchrashuvga qaratganmiz. To‘ydan oldin nog‘ora chalmaslik kerak. Klub rahbariyatiga rahmat aytaman. Ertaga muxlislar uchun maydonga chiqamiz, ularni xursand etishga harakat qilamiz.
Moskva ham bir kunda qurilmagan. Barcha narsani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun vaqt kerak. Odatda men legionerlarning o‘yinlarini nazorat uchrashuvi orqali ko‘rib, so‘ng shartnoma borasida o‘ylab ko‘rar edim. Biroq vaqt kamligi uchun ikki nafar xorijlik futbolchi bilan avvaldan shartnoma imzolashga to‘g‘ri keldi", - dedi Qosimov.

Fikrlar