Mundial sari. Tanishing - Argentina terma jamoasi

  • 25 may, 2018, 17:10
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Barchamizga ma’lumki sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti siz aziz muxlislarni mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar dunyoning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblangan va ushbu kubokni ikki bor boshi uzra ko‘targan Argentina terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.

Tecno

Argentina - dunyoga eng iqtidorli futbolchilarni etkazib beradigan va eng sovrindor terma jamoalardan biri. Ushbu davlat 1912 yil FIFA va 1916 yil  KONMEBOLga a’zo bo‘lgan. Argentinalik futbolchilar o‘zlarining ilk uchrashuvlarini 1901 yil 16 may kuni Urugvayga qarshi o‘tkazishgan va yakunda 3:2 hisobida g‘alaba qozonishgan.

Jahon chempionatlaridagi ishtiroki

Argentina 1930 yil ilk bor tashkil etilgan jahon chempionatida ishtirok etgan terma jamoalardan biri hisoblanadi. Ular o‘sha musobaqada finalga qadar etib borishgan va hal qiluvchi bahsda esa maydon egalari hisoblangan Urugvay terma jamoasiga imkoniyatni boy berishgan.

Keyingi mundial Italiyada o‘tkazildi va Argentina bu safar chorak finaldayoq o‘z ishtirokini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng ular ketma-ket 3ta (1938, 1950 va 1954) jahon chempionatida ishtirok etishmadi. 1958 va 1962 yilgi mundiallarda esa guruh bosqichidayoq o‘z ishtiroklarini yakunlashdi.

1966 yil Angliya mezbonligida o‘tgan musobaqada Argentina nisbatan yaxshiroq natija qayd etdi va turnirning chorak finaliga qadar etib bordi. Ammo, oradan to‘rt yil o‘tib 1970 yil Meksikada tashkil etilgan jahon chempionatida Argentina saralashdan o‘ta olmadi. 1974 yilgi Germaniya mundialida esa guruhdan chiqishni uddaladi, ammo keyingi bosqichda mag‘lubiyatga uchrab, o‘z yurishini to‘xtatdi.

Nihoyat 1978 yil jahon chempionati Argentina zaminida o‘tkazildi. Dastlab ular guruhda Italiya, Frantsiya va Vengriya terma jamoalariga qarshi kurash olib borishdi. Ilk turda 2:1 hisobida Italiyaga imkoniyat boy berilgan bo‘lsada, keyingi o‘yinlarda Frantsiya va Vengriya huddi shu hisobda dog‘da qoldirildi. Shu tariqa guruhda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan maydon egalari navbatdagi bosqichga yo‘l olishdi. Bu bosqichdan ham eson-omon o‘tib olgan Argentina finalga qadar etib keldi. Hal qiluvchi bahsda esa ularni Gollandiya terma jamoasi kutib turgan edi. Shiddatli kechgan uchrashuvning asosiy bo‘limi 1:1 hisobida yakunlangach, g‘olib qo‘shimcha bo‘limlarda aniqlandi. Ushbu vaqtda ketma-ket ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan maydon egalari shu tariqa o‘z tarixlaridagi ilk sovrinni qo‘lga kiritishdi.

1982 yil Ispaniyada o‘tkazilgan musobaqaga amaldagi chempion sifatida tashrif buyurgan argentinaliklar turnirni ikkinchi bosqichidayoq tark etishdi.

 

Oradan to‘rt yil o‘tib mundialga Meksika yashil maydonlari mezbonlik qildi. Argentina “A” guruhida Italiya, Janubiy Koreya va Bolgariya terma jamoalariga qarshi kurash olib bordi. Bu safar ular Italiyaga mag‘lub bo‘lishmadi, ammo g‘alaba ham qo‘lga kiritilmadi. Uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi. Keyinchalik Bolgariya (2:0) va Janubiy Koreya (3:1) terma jamoalarini mag‘lubiyatga uchratgan Argentina guruhda besh ochko to‘plab, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va navbatdagi bosqichga yo‘llanma oldi. Bu bosqichda ularga qo‘shni Urugvay to‘qnash keldi. Uchrashuv esa argentinaliklarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunandi. Chorak finalda Angliya 2:1 hisobida dog‘da qoldirilgach, yarim finalda Belgiya ham 2:0 hisobida taslim etildi. Germaniyaga qarshi kechgan final bahsi gollarga boy o‘tdi. Hal qiluvchi o‘yinda 3:2 hisobida g‘alaba qozongan Argentina o‘z tarixidagi ikkinchi chempionlikni Meksika yashil maydonlarida qo‘lga kiritdi.

Keyingi to‘rt yillikning eng yirik sport tadbiriga Italiya mezbonlik qildi. Appenin yarim orolida o‘tkazilgan musobaqada amaldagi chempionlar “B” guruhida Kamerun, Ruminiya hamda Sobiq Ittifoq terma jamoalariga qarshi kurash olib borishdi. Ular kutilmaganda ilk turda Kamerunga 1:0 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. Keyin esa Sobiq Ittifoq termasi 2:0 hisobida dog‘da qoldirildi. So‘nggi turda Ruminiya bilan 1:1 hisobida durang qayd etilgach, Argentina guruhda uchinchi o‘ringa tushib ketdi. Ammo, o‘sha paytdagi musobaqa reglamentiga ko‘ra guruhlarda uchinchi o‘rinni olgan eng yaxshi 3ta terma jamoaga keyingi bosqichga yo‘llanma berilar edi. Shunday qilib garchi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishiga qaramay Argentina nimchorak finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ushbu bosqichda azaliy raqib – Braziliya bilan to‘qnash kelgan Argentina yakunda 1:0 hisobida g‘alaba qozondi va navbatdagi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Chorak finalda esa sobiq Yugoslaviya terma jamoasi penaltilar seriyasiga ko‘ra taslim etildi. Yarim finalda esa ularga yana bir azaliy raqib – Italiya duch keldi. Bu uchrashuvda ham g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Bu borada omad yana bir bor Argentinaga kulib boqdi. Hal qiluvchi bahsda esa ularni yana Germaniya kutib turgan edi. Ammo, nemislar bu safar kubokni berishni istashmadi. Uchrashuvning 85-daqiqasida penaltidan kiritilgan yagona gol Bundestimga jahon chempionligini taqdim etdi. Argentina esa o‘z hisobiga kumush medallarni yozdirib qo‘ydi.

Shundan so‘ng Argentina terma jamoasi to 2014 yilga qadar finalga qadar etib kela olmadi. Ular orada 1994 yil nimchorak final, 1998 yil chorak final, 2002 yil guruh bosqichida, 2006 va 2010 yillarda esa yana chorak finalda o‘z yurishlarini to‘xtatishga majbur bo‘lishdi.

Nihoyat 2014 yil mundial Braziliyada bo‘lib o‘tdi. Ular bu safar musobaqaning “F” guruhida Bosniya va Gertsagovina, Nigeriya hamda Eron terma jamoalariga qarshi kurash olib borishdi. Barcha o‘yinlarda g‘alaba qozongan argentinyaliklar 9 ochko bilan guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Nimchorak finalda Shveytsariya (1:0), chorak finalda esa Belgiya (1:0) dog‘da qoldirildi. Final oldidan esa Argentinani Gollandiyaga qarshi dramatik o‘yin kutib turgan edi. Argentina va Gollandiya o‘rtasida kechgan yarim finalda g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Omad yana argentinaliklarga kulib boqdi. Ular shu tariqa finalga etib kelishdi. Hal qiluvchi bahsda esa jahon chempionatlarining so‘nggi ikki finalida Argentina bilan kurash olib borgan Germaniya terma jamoasi bor edi. 1986 va 1990 yilgi mundiallar finalida aynan mana shu terma jamoalar o‘zaro bahs yuritishgan va ularning birida Argentina, birida esa Germaniyaning qo‘li baland kelgan edi. Bu safargi final ham avvalgilaridan qolishmadi. Shiddatli kechgan uchrashuvning asosiy bo‘limi 0:0 hisobida yakun topdi va hakam jamoalarni qo‘shimcha bo‘limlarga taklif qildi. Barchasi mana shu taymlarda hal bo‘ldi. O‘yinning 113-daqiqasi o‘tib borayotgan bir pallada Mario Gyottse Germaniyaga oltin kubokni taqdim etgan oltin golga mualliflik qildi va bu safar chempionlikni nemislar tantana qilishdi. Argentina esa o‘z uyiga kumush medallar bilan qaytadigan bo‘ldi.

Qit’a birinchiliklaridagi natijalari

Argentina – Janubiy Amerika qit’asida eng ko‘p marta chempionlikni qo‘lga kiritgan terma jamoalardan biri hisoblanadi. Ular ushbu musobaqada 1916 yil ilk bor ishtirok etishgan va debyutning o‘zidayoq kumush medallarni qo‘lga kiritishgan.

Shundan so‘ng Argentina terma jamoasi o‘tgan davr mobaynida 1921, 1925, 1927, 1929, 1937, 1941, 1945, 1946, 1947, 1955, 1957, 1959, 1991 va 1993 yillarda ushbu musobaqada chempionlikni qo‘lga kiritdi. 1920, 1923, 1924, 1926, 1935, 1942, 1959, 1967, 2004, 2007, 2015 va 2016 yillarda kumush medallarga sazovor bo‘ldi.

Argentina terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar

Eng yirik g‘alabasi: 1942 yil 22 yanvar, Argentina Ekvador 12:0.

Eng yirik mag‘lubiyati: 1958 yil 15 iyun, Chexiya – Argentina 6:1.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Xaver Zanetti (143).

Eng yaxshi to‘purar: Lionel Messi (61).

FIFA reytingidagi eng yuqori o‘rni: 1-o‘rin (2007, 2008, 2015, 2016).

FIFA reytingidagi eng past o‘rni: 24-o‘rin (1996).

Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Xorxe Sampaoli bundan bir necha kun oldin terma jamoaning JCh-2018 uchun 23 nafar futbolchidan iborat yakuniy tarkibini e’lon qildi.

Darvozabonlar: Kabalero («Chelsi»), Serxio Romero («Manchester Yunayted»), Franko Armani («River Pleyt»).

Himoyachilar: Gabriel Merkado («Sevilya»), Xaver Maskerano («Xebey Chayna Forchun»), Nikolas Otamendi («Manchester Siti»), Federiko Fasio («Roma»), Markos Roxo («Manchester Yunayted»), Nikolas Talyafiko («Ayaks»), Markos Akunya («Sporting»), Kristian Ansaldi («Torino»).

Yarim himoyachilar: Ever Banega («Sevilya»), Lukas Bilya («Milan»), Eduardo Salvio («Benfika»), Kristian Pavon («Boka Xuniors»), Maksimiliano Mesa («Independente»), Anxel Di Mariya, Jovanni Lo Chelso (ikkalasi — «PSJ»), Manuel Lansini («Vest Xem»).

Hujumchilar: Lionel Messi («Barselona»), Paulo Dibala («Yuventus»), Serxio Aguero («Manchester Siti»), Gonsalo Iguain («Yuventus»).

Eslatib o‘tamiz, Argentina terma jamoasi musobaqaning “D” guruhida Xorvatiya, Islandiya hamda Nigeriya terma jamoalariga qarshi bahs yuritadi.

Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!