Mundial sari. Tanishing - Daniya terma jamoasi

  • 24 may, 2018, 23:31
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Barchamizga ma’lumki sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti siz aziz muxlislarni mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar mundiallarning doimiy ishtirokchisi bo‘lmasada, ammo unda kutilmagan natijalarni qayd etib, muxlislarini hushnud etuvchi Daniya terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.

Tecno

Daniya – Evropa qit’asida futbolni targ‘ib qila boshlagan ilk mamlakatlardan biri hisoblanadi. Ushbu yurt futbolchilari o‘zlarining ilk uchrashuvlarini 1909 yil 19 oktyabr kuni Frantsiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazgan. E’tiborlisi, o‘sha bahsda daniyaliklar frantsuzlar darvozasiga javobsiz 9ta to‘p yo‘llab g‘alaba qozonishgan.

Jahon chempionatlaridagi ishtiroki

Daniyaning jahon chempionatlaridagi debyuti 1986 yilgi Meksika mundialiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda ular “E” guruhida Germaniya, Urugvay hamda Shotlandiya terma jamoalariga qarshi kurash olib borishgan. Qizig‘i, ular debyut musobaqaning o‘zidayoq guruhdagi barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratishib, birinchi o‘rin bilan navbatdagi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritishgan. Biroq, ularni bu bosqichda Ispaniya terma jamoasi nokautga uchratdi – 5:1. Shu tariqa daniyaliklarning musobaqadagi ishtirokiga yakun yasaldi.

Shundan so‘ng ular ketma-ket 2ta (1990, 1994) jahon chempionati saralashidan o‘ta olishmadi. Nihoyat 1998 yil Frantsiya mezbonligida o‘tgan musobaqada ular ishtirok etishdi va yana o‘zlarini ko‘rsatishdi. Ular bu safar “C” guruhida Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika Respublikasi hamda mezbon Frantsiya terma jamoalariga qarshi bahs yuritishdi. Dastlab, saudiyaliklar 1:0 hisobida taslim etildi. Ikkinchi turda esa afrikalik futbolchilar bilan 1:1 hisobida durang qayd etildi. Mezbonlarga qarshi kechgan so‘nggi tur uchrashuvida esa 2:1 hisobida imkoniyat boy berildi. Ammo, shunday bo‘lsada ular ikkinchi o‘rin bilan pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Nimchorak finalda esa ularga Nigeriya terma jamoasi raqiblik qildi. Afrikaliklarni 4:1 hisobida mag‘lub etgan daniyalik futbolchilar chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi va o‘z tarixlaridagi hozircha eng yuqori ko‘rsatgichni qayd etishdi. Daniyaning oltin avlodi esa chorak finalda Braziliyaga to‘qnash keldi va jangovor uchrashuvda 3:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa Daniya o‘z futboli tarixida yangi sahifa ochdi.

Shundan so‘ng ular 2002 yil Janubiya Koreya va Yaponiyada o‘tkazilgan mundialda ishtirok etishdi. Ular “A” guruhida Senegal, Frantsiya va Urugvay terma jamoalariga qarshi kurash olib borishdi. Ilk turda Urugvay 2:1 hisobida taslim etilgan bo‘lsa, keyin Senegal bilan 1:1 hisobda durang qayd etildi. So‘nggi turda esa ushbu musobaqaga amaldagi chempion sifatida tashrif buyurgan Frantsiya 2:0 hisobida dog‘da qoldirildi. Etti ochko to‘plagan Daniya guruhda birinchi o‘rin bilan nimchorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ularning jahon chempionatlaridagi ishtiroki yana shu bosqichda yakunlandi. Bu safar daniyalik futbolchilarni Angliya 3:0 hisobida mag‘lub etib, musobaqadan chiqarib yubordi.

Oradan to‘rt yil o‘tib 2006 yil Germaniyada o‘tkazilgan mundial daniyaliklarsiz o‘tdi. Ular musobaqaning saralash bosqichida muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi. Ammo, 2010 yil Janubiy Afrika Respublikasida o‘tkazilgan musobaqada Daniya ishtirok etdi. Ular bu safar “E” guruhida Gollandiya, Yaponiya va Kamerun terma jamoalariga qarshi kurash olib borishdi. Ushbu o‘yinlarda Gollandiya (2:0) va Yaponiyaga (1:3) hisobida imkoniyatni boy bergan daniyaliklar faqatgina Kamerun (2:1) ustidan g‘alaba qozonishni uddalashdi va uch ochko bilan guruhda uchinchi o‘rinda qolib ketishdi.

Shundan so‘ng ular 2014 yil Braziliya yashil maydonlarida o‘tgan navbatdagi jahon chempionatida ham qatnasha olishmadi. Lekin, JCh-2018 saralashida muvaffaqiyatli ishtirok etgan Daniya Rossiya mundialida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Endi ular musobaqaning “S” guruhida Avstraliya, Frantsiya va Peru terma jamoalariga qarshi kurash olib borishadi.

Qit’a birinchiliklaridagi ishtiroki

Daniya terma jamoasining Evropa chempionatidagi ilk ishtiroki 1964 yil Ispaniyada o‘tkazilgan musobaqaga to‘g‘ri keladi. O‘shanda ular garchi debyut qilishlariga qaramay, yakunda yarim finalga qadar etib borishni uddalashgan.

Shundan so‘ng Daniya ketma-ket 4ta qit’a chempionati saralashidan o‘ta olmadi. Nihoyat 1984 yil Frantsiyada o‘tkazilgan musobaqada ular yana ishtirok etishdi. O‘shanda ular Frantsiya, Belgiya va sobiq Yugoslaviya terma jamoalari bilan bir guruhdan joy olishgan va yakunda 2ta g‘alaba hamda 1ta mag‘lubiyat bilan guruhda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritishgan. Ammo, keyingi bosqichda ular penaltilar seriyasiga ko‘ra Ispaniyaga imkoniyatni boy berib qo‘yishgan.

1988 yilgi Evropa chempionatida esa Daniya guruh bosqichida qolib ketdi. Ammo, 1992 yilgi qit’a birinchiligiga qo‘shni Shvetsiya mezbonlik qildi. Ular guruhda Frantsiya, Angliya va mezbon Shvetsiyaga qarshi bahs yuritishdi. “O‘lim guruhi” deya atalgan guruhda Daniya bir g‘alaba, bir durang va bir mag‘lubiyat qayd etdi va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yarim finalda Gollandiya penaltilar seriyasiga ko‘ra taslim etildi. Hal qiluvchi bahsda esa ularga Germaniya termasi to‘qnash keldi. Biroq, shu kuni omad daniyaliklar tomonida edi. Ular anchayin kuchli va nomdor raqibi darvozasiga javobsiz 2ta to‘p yo‘llashdi. Shu tariqa Daniya o‘z tarixidagi hozircha yagona bo‘lib turgan sovrinni qo‘lga kiritdi.

Shundan so‘ng ular ketma-ket 2ta (1996 va 2000) Evropa chempionatida guruhda qolib ketishdi. 2004 yil Portugaliya mezbonligida o‘tgan musobaqada esa guruhda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, chorak finalga yo‘l olishdi. Ammo, ularni bu bosqichda chexiyalik futbolchilar to‘xtatib qolishdi. Chexiya – Daniya 3:0.

Orada 2008 yil Avstriya va Shveytsariya navbatdagi qit’a birinchiligiga mezbonlik qildi. Biroq, Daniya terma jamoasi ushbu musobaqaning saralash bosqichidan o‘ta olmadi.

2012 yil Polsha va Ukrainada bo‘lib o‘tgan musobaqada esa Portugaliya, Germaniya va Gollandiya terma jamoalari joy olgan “o‘lim guruhi”ga tushib qoldi va shu bosqichdayoq musobaqa bilan xayrlashdi.

Oradan to‘rt yil o‘tib Evropa chempionati Frantsiyada o‘tkazildi. Ammo, bu safar ham ular saralashdan o‘ta olishmadi va musobaqada ishtirok etisholmadi.

Daniya terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar

Eng yirik g‘alabasi: 1908 yil 22 oktyabr, Daniya – Frantsiya 17:1.

Eng yirik mag‘lubiyati: 1937 yil 16 may, Germaniya – Danif 8:0.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Peter Shmeyxel (129).

Eng yaxshi to‘purarlar: Poul Nilsen va Yon-Dal Tomasson (52).

FIFA reytingidagi eng yuqori o‘rni: 3-o‘rin (1997).

FIFA reytingidagi eng past  o‘rni: 51-o‘rin (2017).

Daniya terma jamoasiga ayni damda 64 yoshli mutaxassis Oge Xareyde murabbiylik qilmoqda. Uning boshchiligidagi terma jamoa katta ehtimol bilan quyidagi tarkibda JCh-2018ga tashrif buyuradi.

Darvozabonlar: Kasper Shmayxel (Lester, Angliya), Frederik Rennov (Brennbyu), Yonas Lessl (Xaddersfild, Angliya), Yesper Xansen (Midtyullann).

Himoyachilar: Simon Ker (Sevilya, Ispaniya), Andreas Bellann, Xenrik Dalsgor (ikkalasi – Brentford, Angliya), Matias Yergensen (Xaddersfild, Angliya), Andreas Kristensen (Chelsi, Angliya), Yens Larsen (Udineze, Italiya), Riza Durmisi (Betis, Ispaniya), Yannik Vestergor (Borussiya M, Germaniya), Nikolay Boylesen, Peter Ankersen (ikkalasi – Kopengagen), Yonas Knudsen (Ipsvich, Angliya).

Yarim himoyachilar: Kristian Eriksen (Tottenxem, Angliya), Tomas Deleyni (Verder, Germaniya), Vilyam Kvist (Kopengagen), Lasse Shene (Ayaks, Gollandiya), Lukas Lerager (Bordo, Frantsiya), Mayk Yensen (Rusenborg, Norvegiya), Per-Emil Xeyberg (Sautgempton, Angliya), Mikael Krun-Deli (Deportivo, Ispaniya), Daniel Vass (Selta, Ispaniya), Matias Yensen (Norshellann).

Hujumchilar: Nikolay Yergensen (Feyenoord, Gollandiya), Andreas Kornelius (Atalanta, Italiya), Niklas Bendtner (Rusenborg, Norvegiya), Pione Sisto (Selta, Ispaniya), Viktor Fisher, Robert Skov (ikkalasi – Kopengagen), Yussuf Poulsen (Leyptsig, Germaniya), Martin Breytueyt (Bordo, Frantsiya), Kasper Dolberg (Ayaks, Gollandiya), Kennet Zoxore (Kardiff, Angliya).

Eslatib o‘tamiz, Daniya o‘zining mundialdagi ilk bahsini 16 iyun kuni Peru terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!