
Osiyo kubogi – 2019. Terma jamoamiz qanday holatda yarim finalga qadar osonroq etib borishi mumkin? (tahlil va taxmin)
Uzoq kutilgan muvaffaqiyat
Xabaringiz bor Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Osiyo kubogiga ham tobora oz fursat qolmoqda. Barcha o‘zbekisktonlik futbol ishqibozlari terma jamoamizdan ulkan natijalar kutayotgani tabiiy. Chunki, bunga etarli sabablar mavjud.
Birinchidan, terma jamoamizga qishda qit’a chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh futbolchilarimizning eng mahoratlilari kelib qo‘shilgan. Xalqimizning ulardan yana eng yuqori natijalarni qayd kutishi tabiiy.
Ikkinchidan, bosh jamoamizga tarixda ilk bor jahon darajasidagi xorijlik murabbiy jalb etildi. Ektor Kuper kelgach o‘zbekistonlik millionlab ishqibozlarning ham ko‘ngli biroz bo‘lsada taskin topdi va ularda yana g‘alabaga bo‘lgan ishonch paydo bo‘ldi.
Uchinchidan, mamlakatimizning turli sohalarida bo‘lgani kabi, sportda ham so‘nggi bir necha yil ichida ulkan ishlar amalga oshirildi. So‘nggi Olimpiada va Osiyo o‘yinlarida tarixdagi eng yaxshi natijalarimizni qayd etdik. Balkim endi navbat futbolga kelgandir?
Xullas yuqoridagi barcha sabablarni inobatga olganda terma jamoamiz BAAda haqiqiy futbol shousini namoyish etib, xalqimizga uzoq kutilgan g‘alabalarni taqdim etishga harakat qilishi shubhasiz. Keling shu o‘rinda bu safargi qit’a chempionatidagi yo‘limizni tahlil qilamiz va qaysi holatda musobaqada uzoqroqqa borishimizni tahmin qilib ko‘ramiz.
Biz guruhda ikkinchi o‘rinni olishimiz kerak
Demak, dastlab guruh bosqichidagi raqiblarimiz Yaponiya, Ummon, Turkmaniston ekanligini inobatga olsak, juda katta ehtimol bilan biz ikkinchi o‘rin bilan pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritamiz. Xo‘sh, bu holatda keyingi bosqichdagi raqibimiz kim bo‘ladi?
Musobaqa reglamentiga ko‘ra biz joylashgan “F” guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan terma jamoa nimchorak finalda “B” guruhini ikkinchi jamoasi bilan to‘qnash keledi. Ushbu guruhdan esa Avstraliya, Suriya, Falastin va Iordaniya terma jamoalari joy olishgan. Bu guruhda Avstraliya shubhasiz yaqqol favorit. Terma jamoamizga raqib bo‘lish uchun esa qolgan uchta terma jamoaning imkoniyatlari deyarli bir hil. Demak, guruhda ikkinchi o‘rinni egallasak nimchorak finalda Suriya, Falastin yoki Iordaniyaga qarshi bahs yuritamiz. Bu holatda esa O‘zbekiston terma jamoasining chorak finalga chiqish imkoniyatlari nisbatan yaxshiroq bo‘ladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Agar ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tib olsak, “A” guruhi va “C”/ “D” / “E” guruhlari uchinchi o‘rin egasi g‘olibi bilan to‘qnash kelamiz. Bu vaziyatda “A” guruhida mezbon BAA, Hindiston, Baxrayn va Tailand terma jamoalari joy olishganini inobatga olsak, guruh g‘olibi katta ehtimol bilan amirliklar terma jamoasi bo‘ladi. Endi “C”/ “D” / “E” guruhlarida eng yaxshi natijaa qayd etgan uchinchi o‘rin egalari kimlar bo‘lishi mumkin degan savolga javob topamiz.
“S” guruhida Janubiy Koreya, Xitoy, Qirg‘iziston va Filippin terma jamoalari joy olishgan. Bu erda uchinchi o‘rin qo‘shnilarimiz – Qirg‘iziston terma jamoasiga nasib etishi haqiqatga yaqinroq. Har holda Xitoy va Janubiy Koreya birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallashi aniqroq.
“D” guruhida esa Eron, Iroq, Vetnam va Yaman terma jamoalari kurash olib borishadi. Bu erda ham uchinchi o‘rin uchun kurashadigan terma jamoalar nomi ma’lum – Vetnam va Yaman.
Nihoyat “E” guruhiga kelsak, bu erda Saudiya Arabistoni, Qatar, Livan va Shimoliy Koreya terma jamoalari joy olishgan. Bu guruhda mantiqan olib qaraganda Saudiya va Qatarning imkoniyatlari qolganlarga nisbatan bir bosh ustun. Ammo, yaqin-yaqingacha ham Livan va Shimoliy Koreya terma jamoalari qanday kuchli o‘yinlarni namoyish etishganini unutmaslik lozim. Keling, bu erda uchinchi o‘rinni Shimoliy Koreya qo‘lga kiritdi deb hisoblaylik. Demak, ushbu uchta guruhda uchinchi o‘rinni Qirg‘iziston, Yaman va Shimoliy Koreya terma jamoalari egalladi deylik. Ammo, keyingi bosqichga ular orasida eng yaxshi ko‘rsatgichga ega bo‘lgani yo‘l oladi. Bu vaziyatda ham Shimoliy Koreya variantini ilgari suraylik. Xo‘sh, Shimoliy Koreya nimchorak finalda mezbon BAAni mag‘lub eta oladimi? Bunisi endi biroz mushkulroq. Demak, chorak finalda bizga mezbon BAA terma jamoasi to‘qnash kelishi mumkin.
Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasi uchun tarixda eng noqulay raqib shubhasiz O‘zbekiston terma jamoasi hisoblanadi. Yigitlarimiz xoh safarda bo‘lsin, xoh o‘z maydonimizda, aksariyat o‘yinlarda BAAliklarni taslim etishgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, biz bu o‘yinda favoritmiz, garchi BAA mezbon mamlakat bo‘lsa ham.
Yuqoridagi hisob-kitoblarimiz to‘g‘ri chiqsa, bosh jamoamiz o‘zining Osiyo kuboklaridagi eng yaxshi natijasi hisoblangan yarim final bosqichini yana bir bor zabt etishi mumkin. Bu bosqichda esa bizga katta ehtimol bilan Janubiy Koreya yoki Eron terma jamoasi to‘qnash keladi. Agar yarim finalga qadar etib bora olsak, o‘ylaymizki, futbolchilarimizga raqibning kim ekanligi u qadar ahamiyatga ega bo‘lmay qoladi.
Rejalar barbod bo‘lmasligi uchun....
Agar terma jamoamiz guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritsa, aytish mumkinki bu borada voqealar rivoji biz o‘ylaganchalik kechmasligi mumkin. Chunki, hisob-kitoblar bu holatda chorak finalda biz enga olmay kelayotgan Avstraliya terma jamoasiga to‘qnash kelishimizni ko‘rsatmoqda. Shunday ekan birinchi o‘rin bizga kerak emas. Bu yaponlarning o‘ziga nasib qilaversin.
Balkim bu borada sizda ham o‘zingizning shaxsiy taxminingiz bordir. Endi quyida havola etiladigan musobaqa "setkasi" orqali yana bir bor o‘z taxminlaringizni hisob-kitob qilib olishingiz mumkin.
Bular shunchaki sodda hisob-kitoblar edi xolos. Haqiqiy shouni esa 5 yanvardan 1 fevralgacha Birlashgan Arab Amirliklari yashil maydonlarida guvohi bo‘lamiz. Maqolam avvalida aytganimdek bu safargi Osiyo kubogidan o‘zbekistonlik muxlislarning umida juda katta. Janob Kuper ham buni yaxshi tushunib, his qilib turgan bo‘lsa ajab emas.
Baxtiyor Toshtemirov.
Fikrlar