
O‘zbek ko‘pkari ustalari Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida yarim finalga chiqdi
Kecha, 5 sentyabr kuni o‘tkazilgan o‘yinlarning uchinchi kunida qirg‘iz kurashi bo‘yicha bahslarda yurtdoshlarimiz Mirkomil Axadqulov (-60 kg) va A’zamjon Anvarjonov (-96 kg) bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Bu haqda jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘yinlar davomida barcha katta qiziqish bilan kuzatib borayotgan uloq ko‘pkari bahslarida ham O‘zbekiston ko‘pkari bo‘yicha milliy terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. O‘zbekiston ko‘pkari bo‘yicha milliy terma jamoasi 2018 yil 3 sentyabr kuni o‘tkazilgan Boshqirdiston Respublikasi bilan o‘yinda 20:2 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, 5 sentyabr Frantsiya davlati jamoasini 19:6 hisobi mablug‘ etib yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
“B” guruhida yarim final bahslari bugun, 6 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan 17:00 da Cho‘lpon-Ota shahridagi “Ippodrom” arenasida o‘tkazilib, unda milliy terma jamoamiz Qozog‘iston Respublikasi terma jamoalari bilan bahsga kirishadilar. G‘alaba qozongan jamoa “A” guruhidagi Qirg‘iziston va Rossiya termalari o‘rtasidagi o‘yinlarda g‘olib chiqqan jamoa bilan finalda uchrashadi.
Bugun, 6 sentyabr sanasida O‘zbekiston vakillari gyulesh (Azarbayjon kurashi), ashirtmali aba gyuleshi (Turkiya kurashi), uloq ko‘pkari turlari bo‘yicha bahslarga kirishadi.
Eslatib o‘tamiz, 2 sentyabrdan 8 sentyabrga qadar davom etadigan mazkur musobaqada dunyoning 66 davlatidan tashrif buyurgan 1556 nafar sportchi medallar uchun bahs olib bormoqda. O‘zbekiston delegatsiyasi 13 ta sport turi bo‘yicha 58 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda.
Fikrlar