
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasiga yangi rais saylandi
Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Uni federatsiya vitse-prezidenti Dmitriy Adisman olib bordi. Bu xaqda MOQ rasmiy sayti xabar bermoqda.
Ma’lumki dzyudo mamlakatimizda eng ommaviy sport turlaridan biri hisoblanadi. O‘zbek dzyudosining shonli tarixi, mashhur maktabi va o‘z an’analari bor. Mamlakatimiz Mustaqillikka erishgach, ortda qolgan 26 yil davomida yurtimiz dzyudochilari eng nufuzli xalqaro musobaqalar - Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida muntazam ishtirok etib kelishmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston delegatsiyasi mustaqil jamoa sifatida qatnashgan 6 ta yozgi Olimpiya o‘yinlarida hamyurtlarimiz sportning ushbu turidan jami oltita medalga sazovor bo‘lishgan. Armen Bagdasarov 1996 yil Atlanta (AQSh) va Abdullo Tangriev 2008 yili Pekin (Xitoy)da kumush medallarni qo‘lga kiritgan bo‘lsalar, ikki karra jahon chempioni Rishod Sobirov 2008, 2012 va 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlarida bronza medallariga sazovor bo‘lib, ketma ket uch Olimpiya o‘yinlarida sovrindor bo‘la olgan er yuzidagi kam sonli dzyudochilar orasiga kirgan. Shuningdek, Diyorbek O‘rozboev 2016 yili Rio-de Janeyroda bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida delegatsiyamiz hisobiga bronza medalini qo‘shib qo‘ygan.
Osiyo o‘yinlari va jahon chempionatlarida ham O‘zbekiston doimo favoritlar qatorida zikr etilsada so‘nggi yillarda sportchilarimiz asosan bronza medallari bilan cheklanib qolishmoqda. Bugungi Konferentsiyada aynan shu jihatlarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yakkakurashlar bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Shahrillo Mahmudov hamda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi vitse-prezidenti, Atlanta-1996 Olimpiya o‘yinlari sovrindori Armen Bagdasarovlar eng nufuzli musobaqalarda oltin medallar jamg‘arish uchun vaqt allaqachon etganligi, buning uchun mamlakatimizda barcha sharoitlar yaratilganligi xaqida ta’kidlab o‘tishdi.
Konferentsiyada tashkiliy masala ham ko‘rildi va so‘nggi yillarda federatsiyaga rahbarlik qilib kelgan Adham Ahmedbaev o‘rniga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki raisining o‘rinbosari Alisher Valievich Akmalov O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining raisi etib bir ovozdan saylandi.
Konferentsiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov va Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi va so‘zga chiqishdi. Shuningdek, Konferentsiya davomida federatsiyaning avvalgi raisi Adham Ahmedbaevning mamlakatimizda dzyudo sport turining rivojlanishi va taraqqiy etishiga qo‘shgan hissasi alohida ta’kidlab o‘tildi va qilgan xizmatlari uchun unga minnatdorchilik izhor etildi.
O‘z navbatida, federatsiyaning yangi rahbariga zimmasida turgan mas’uliyatli vazifalarni bekamu ko‘st bajarishda muvaffaqiyatlar tilandi. Oldinda turgan muhim musobaqalar – kelasi yili Indoneziya mezbonlik qiladigan Osiyo o‘yinlari, hamda “Tokio 2020” Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sport jamoatchiligi o‘zbek dzyudochilaridan nafaqat kumush va bronza, balki oltin medallar kutayotganligi ta’kidlab o‘tildi. Shuning bilan O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining navbatdan tashqari Konferentsiyasi o‘z ishini yakunladi.
Foto: MOQ rasmiy sayti
Fikrlar