Pepsi Superliga. “Nasaf” - “Qo‘qon-1912”. Ustunlik "ajdarlar" tomonida

  • 21 iyul, 2018, 11:26
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, Pepsi Superliganing 18-tur uchrashuvini o‘z maydonida “Qo‘qon-1912” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv 23 iyul dushanba kuni Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionda soat 21:00da boshlanadi.

Tecno

Pepsi Superliga. 18-tur

“NASAF” - “QO‘QON-1912”

23.07.2018. “Markaziy” stadion. 21:00da

Bosh hakam: Zokir Qodirov (Navoiy)

Qanot hakamlari: Ruslan Samandarov (Navoiy), Obid Jumaev (Navoiy)

Zaxira hakami: Rustam Lutfullin (Toshkent)

Nazoratchi: Marat Ismoilov (Toshkent)

Komissar: Roman Chernikov.

Uchrashuv ahamiyati haqida

Ushbu uchrashuv jamoamiz uchun katta ahamiyatga ega. “Ajdarlar” besh uchrashuvki, g‘alabani "unutib" qo‘yishdi. Bo‘lajak uchrashuvdan muxlislarimiz ham g‘alaba kutishmoqda. Umid qilamizki, futbolchilarimiz muxlislarimizni xursand qilish uchun, ushbu o‘yinda bor mahoratlarini ishga solishadi.  

O‘zaro uchrashuvlar tarixidan

Mazkur jamoalar shu paytgacha milliy chempionatimizda o‘zaro 17 marta tuqnash kelishgan. Shundan 12ta uchrashuvda jamoamiz g‘alaba qozongan. 4 uchrashuvda qo‘qonliklarning qo‘li baland kelgan. Eng qiziqarlisi jamoalar o‘zaro uchrashuvlarning faqat bittasida durang natija qayd etiishgan. Bu durang shu yili Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qayd etilgan edi.

To‘plar nisbati bo‘yicha ham ustunlik jamoamiz tomonida 35-19.

Qarshida o‘tgan o‘zaro uchrashuvlarga oid

 

Qarshida bo‘lib o‘tgan o‘zaro uchrashuvlar tarixiga nazar tashlasak, qiziqarli faktlarga duch kelamiz. Bu jamoalar shu paytgacha Qarshida jami 8 marta o‘zaro kuch sinashgan. Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarning barchasida jamoamiz g‘alabaga erishgan. Bo‘lib o‘tgan 8 uchrashuvning faqat bittasida futbolchilarimiz bitta gol urishgan, qolgan uchrashuvlarda esa uchtadan kam gol urishmagan. Qarshidagi o‘zaro uchrashuvlarda darvozalarga jami 30ta gol kiritilgan. To‘plar nisbati 25-5ni tashkil etmoqda. Eslatib o‘tamiz, Qo‘qon shahrining jamoasi 2002 yildan hozirgi nomi bilan, milliy chempionatimizda ishtirok etmoqda. Bungacha jamoaning nomi “Temiryo‘lchi” bo‘lgan.

Qarshida bo‘lib o‘tgan barcha uchrashuvlar:

06.08.2017. “Nasaf” – “Qo‘qon-1912” 3:0

15.04.2016. “Nasaf” – “Qo‘qon-1912” 1:0

02.04.2015. “Nasaf” – “Qo‘qon-1912” 3:0

18.06.2003. “Nasaf” – “Qo‘qon-1912” 4:0

24.08.2002. “Nasaf” – “Qo‘qon-1912” 4:1

19.04.2000. “Nasaf» - “Temiryo‘lchi” 3:1

11.09.1999. “Nasaf» - “Temiryo‘lchi” 3:2

02.10.1998. “Nasaf” – “Temiryo‘lchi” 4:1

O‘zaro uchrashuvlardagi yirik hisoblar

Jamoamizning o‘zaro uchrashuvlarda qozongan eng yirik g‘alabasi – 4:0ga teng. “Qo‘qon-1912”da bu ko‘rsatkich 3:0ga teng. Tarixda qolgan bu uchrashuvlar 2003 yili bo‘lib o‘tgan, “Nasaf” – “Temiryo‘lchi” 4:0 uchrashuvida jamoamizning o‘tmishdagi to‘purari – Zafar Xolmurodov xet-trik qayd etgan va Dilshod Mavlanov bir marta gol muallifi bo‘lgan. Ikkinchi davrada Qo‘qonda bo‘lgan uchrashuvda esa Shuhrat Rahmonqulov dublni nishonlagan, Shuhrat Yusupov esa darvozamizga bitta to‘p yo‘llagan.

Jamoalarning navbatdagi uchrashuvi 18-uchrashuv sifatida tarix sahifasidan joy oladi. Bu uchrashuv, “Nasaf”ning oliy ligadagi 636- uchrashuvi hisoblanadi.

Ushbu  uchrashuv qanday yoritiladi?

Bo‘lajak uchrashuvni odatdagidek saytimiz orqali to‘liq onlayn matnli translyatsiya qilamiz. Bundan tashqari klubimiz ijtimoiy tarmoqlaridagi rasmiy kanallari orqali ham uchrashuvga oid ma’lumotlar berib boriladi. Shuningdek uchrashuv mycujoo.com sayti orqali xodimlarimiz tomonidan onlayn videotranslyatsiya qilinadi. Uchrashuv Sport telekanali orqali ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilinishi rejalashtirlgan.

Aziz klubimiz muxlislari!

Bo‘lajak “Nasaf” – “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv juda qiziqarli va murosasiz kurashlarga boy bo‘lishiga hech qanday shak-shubha yo‘q. Ushbu uchrashuv jamoamiz uchun ham muhim uchrashuv hisoblanadi. Jamoamizga siz aziz muxlislarning daldasi juda zarur. Bu yigitlarimizga kuch va quvvat beradi.

O‘tgan uchrashuvda Toshkentga tashrif buyurgan jamoamiz muxlislari haqiqiy sodiqliklarini, “Nasaf”ni chin yurakdan yaxshi ko‘rishlarini ko‘rsatib qo‘yishdi. Muxlislarimizning bunday jonbozligi va sodiqligidan futbolchilarimiz va murabbiylarimiz juda minnatdor bo‘lishdi.

Shunday ekan, kelayotgan dushanba kuni barcha futbol ishqibozlarini “Markaziy”ga stadionimizga chorlab qolamiz.

“Nasaf” – “Qo‘qon-1912” jamoalarining o‘rinbosarlari o‘rtasidagi uchrashuv har doimgidek Sputnik qo‘rg‘onidagi yoshlarimiz qarorgohi maydonida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv 22 iyul yakshanba kuni soat 18:30da boshlanadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!