Poytaxtimizda qizlar va uy bekalari o‘rtasida musobaqa bo‘lib o‘tdi (foto)

Poytaxtimizda "Gimnastika barcha uchun" shiori ostida musobaqa bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari bosh boshqarmasi qoshidagi yakkakurash turlari bo‘yicha bolalar va o‘smirlar sport maktabida “Gimnastika barcha uchun” shiori ostida qizlar va uy bekalari o‘rtasida musobaqa o‘tkazildi.

 O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Gimnastika federatsiyasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Toshkent shahri va viloyatidan 350 ga yaqin ishtirokchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi. 

Musobaqa ishtirokchilari orasida gimnastrada bilan muntazam shug‘ullanayotgan sportchilar bilan birga maktab o‘quvchilari, uy bekalari, korxona va tashkilotlar xodimlari ham borligi mamlakatimizda sport aholining barcha qatlami o‘rtasida keng ommalashayotganidan dalolatdir. 

Musobaqada jamoalar tayyorlagan kompozitsiyalar ijro mahorati, raqs va gimnastika elementlarini bajarish qobiliyati bo‘yicha baholandi. 

Bekobod shahri jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. 

("Gimnastika barcha uchun" shiori ostida o‘tkazilgan musobaqadan olingan ayrim fotolavhalarni e’tiboringizga havola etamiz:)

(Manba:uza.uz)

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!