
Poytaxtimizdagi sport inshootlarining qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha mas’ullar qat’iy ogohlantirildi
O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev tomonidan Respublikamizning barcha hududlaridagi aholi qatlamlari o‘rtasida sportni ommalashtirish, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish, mavjud sport inshootlarining qurilish va moddiy-texnik ahvolini o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Kuni kecha vazir Toshkent shahridagi sport inshootlarining qurilish-ta’mirlash ishlari sifatini va o‘z muddatida bajarilishini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Toshkent shahar Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan joriy yilda poytaxtimizda 2 ta yopiq suzish havzasi, 2 ta sport majmuasining yangi qurilishi, 2 ta mavjud sport inshootlarining kapital ta’mirlanishi belgilangan edi.
Vazir Dilmurod Nabiev tomonidan o‘rganish jarayonida Toshkent shahrining Yakkasaroy, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa tumanlaridagi sport inshootlarining qurilishi, kapital ta’mirlanishi borasida olib borilayotgan ishlar qoniqarli darajada tashkil etilmayotganligi aniqlandi.
Xususan, Mirobod tumani Qo‘yliq-3 mavzesida joylashgan Sport o‘yinlari va engil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabining sun’iy qoplamali stadionidagi ishlar o‘z nihoyasiga etkazilmaganligi aniqlandi.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumani 1-bolalar-o‘smirlar sport maktabigaqarashli “Katta qorasu” mahallasi hududida joylashgan yopiq suzish havzasi va Uchtepa tumani “Ko‘hna Cho‘ponota” mahallasida joylashgan 2-bolalar-o‘smirlar sport maktabining yopiq suzish havzalari joriy yil foydalanishga topshirilishi belgilangan. Ammo ayrim mas’ullarning o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashganligi sababli, qurilish ishlari orqada qolgan.
Vazir mas’ullarga ushbu holat va mavjud muammolarning echimi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar va qat’iy ogohlantirish berdi hamda kuniga navbati bilan 2 smenada ish tashkil etib, 2018 yil 25 dekabr sanasiga qadar ob’ektni topshirish vazifalarini yukladi. Shuningdek, vazir quruvchilarga avvalo, sifatga e’tibor qaratish lozimligini aytib o‘tdi.
Dilmurod Nabiev muassasa rahbarlariga zamonaviy marketing usullaridan unumli foydalangan holda davlat-xususiy sherikchiligi ko‘rinishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, olingan daromad hisobidan basseynlar ish faoliyatini samarali tashkil etish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va fidoyi murabbiylarni taqdirlash lozimligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qurilish ishlari orqada qolayotgan inshootlar bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati
Fikrlar