
Pro-ligada nima gaplar?
Superliga bahslari yozgi tanaffusni yakunlab navbatdagi bosqichni boshlash arafasida turibdilar. Pro-liga musobaqasi esa o‘tgan haftada yozgi ta’tilga chiqdi. Shu tariqa dastlabki ikki davra bahslari yakuniga etganidan keyin pro-liga ham endi dam oladi. Yangilangan formatda o‘tayotgan quyi ligamiz muxlis va mutaxassislarda qanday taassurot qoldirmoqda? Chindan ham u erda o‘sish bormi? Har holda dastlabki davralardan keyin haminqadar xulosalarga ega bo‘ldik.
Ma’lumki, bu yildan e’tiboran Pro-liga deb nomlangan musobaqa ikkita guruhga ajratilib, unda klublar “A” va “V” guruhlariga bo‘lingandi. O‘z nomiga mos ravishda etakchi jamoalar “A” guruhidan o‘rin olgandi. “V” guruhiga esa o‘rtamiyona va liga debyutantlari kiritilgan. Yangicha formatdagi musobaqaga chindan ham boshida qiziqish boshqacha bo‘ldi desak adashmaymiz. Baribir “V” guruhiga nisbatan “A” guruhidagi jamoalarga e’tibor yuqoriroq edi. Boisi, Superligaga yo‘l oladigan klub ushbu guruhdan joy olganligi barchaga ma’lum. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, Superliga uchun kurashda “Andijon”, “Mash’al” va “Surxon” jamoalari yaqqol favorit ekanliklarini amalda isbotlmoqdalar. Ikkinchi davra bahslari yakuniga ko‘ra uchala klubning ko‘rsatkichlari bir xil, faqat to‘plar nisbatiga termizliklar 1-o‘rinda. Lekin umumiy ma’noda ushbu jamoalarning kuchlari teng kelmoqda. E’tibor bergan bo‘lsangiz Muborakning “Mash’al” jamoasi ancha vaqtgacha yakka peshqadam bo‘lib keldi. Lekin Aleksandr Xomyakov jamoasining kutilmaganda Haqqulobodda “Norin”ga 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragani “Andijon” bilan “Surxon”ga qo‘l keldi. Umuman aytganda, “A” guruhida chindan ham kurash juda jiddiy va qizg‘in tus oldi. Hali navbatdagi bosqich bundan-da qiziqarli o‘tishi shubhasiz. Chunki katta ehtimol bilan kuchlik uchlikka Samarqandning “Dinamo” klubi ham qo‘shiladigandek. Boisi bosh murabbiy Davron Fayziev jamoasining asosiy kuchini yozdan boshlab ko‘rishlarini bir necha bor aytdi va bu borada tarkib ham kuchaytirib borilyapti. Shu bilan birga yozgacha bo‘lgan mavsum davomida bir qator klublarda murabbiylar o‘zgarishiga ham guvoh bo‘ldik. Aynan “Dinamo”da birinchilardan bo‘lib murabbiy o‘zgartirildi. Uchqun Qobilov bosh murabbiy lavozimidan ozod etilib, o‘rnini Davron Fayziev egalladi. Ammo aytish mumkinki, jizzaxlik mutaxassisga jamoani oyoqqa turg‘azish oson bo‘lmadi. Shuningdek, “Istiqlol”da Usmon Asqaraliev iste’foga chiqarildi va o‘rnini Sergey Lebedev egalladi. “Sho‘rtan”ni boshqarib kelayotgan Asror Aliqulov tushunarsiz sabablarga ko‘ra iste’foga chiqarildi. Yorqin Nazarov esa u erda ish boshladi. “Orol”da esa Quvvat To‘raev Ne’matillo Quttiboevga almashtirildi. “Surxon”ni boshqarib kelayotgan Dilshod Nuralievning ishdan ketishi esa kutilmagan o‘zgarishlardan biri bo‘ldi. Ammo uning o‘rniga tayinlangan Igor Shkvirin esa intrigani yanada qizitadigan bo‘ldi. Nuraliev esa O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida bosh murabbiy sifatida faoliyatini davom ettirishi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, “Norin”ga ustozlik qilayotgan Vali Keldiev ham yozgi tanaffus arafasida u erdan ketdi. Bunga sabab klubda moliyaviy tomondan muammolar paydo bo‘lganligi bilan bog‘liq. To‘g‘ri, Keldievning o‘zi sog‘ligi bilan bog‘liq muammo tufayli “Norin”dan ketganini aytayotgan bo‘lsa-da, asl sababi boshqa. Darvoqe, pul haqida. PFL har qancha Pro-liga klublarini tartibga solishga urinmasin baribir jamoalarda qanday maqsad uchun kurashish falsafasi etishmayotgandek. Ayniqsa, “V” guruhida joylashgan ishtirokchilar haqida ko‘pchilik tomonidan iliq fikrlar eshitmadik. U erdagi aksariyat klublarni doimgidek nomigagina qatnashayotgani oydek ravshan. Oldinlari eski birinchi ligada totalizator degan tushunchaning ancha avj olayotgani haqida eshitgandik. Bu yil-chi? Afsuski, hali hamon ushbu illatning mavjud ekanligi haqida eshitib turibmiz. Ayniqsa, bu holat “V” guruhida amalda bo‘lib kelayotgani haqida ma’lumotlar kelib tushmoqda. Hattoki, ayrim jamoalarning aynan o‘sha totalizator orqali kun kechirayotgani borasida ham gap-so‘zlar yo‘q emas. Buning ustiga “Iftixor” jamoasida ro‘y bergan xunuk voqea ham futbolimizda hali ko‘p ish qilish kerakligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Ochig‘i, pro-liganing aksari jamoalarida pul yo‘q. Ularni moliyalashtirish etarli darajada emas. Bunday paytda nima bo‘ladi? Oxiri jamoalarning ayrim ishtirokchilari pul topish maqsadida qing‘ir ishlarga qo‘l urishiga majbur bo‘ladi. To‘g‘ri, O‘FA bilan PFL bu masalada jiddiy kurashib kelayotgani ham haqiqat. Biroq buni dabdurustdan hal qilish ham amrimahol. Lekin bu yildan boshlab quyi ligada ham islohotlar boshlanganini e’tirof etish kerak. Buni avvalo pro-liga deb nomi o‘zgartirilgani va format yangilangani bilan bog‘lash mumkin. Lekin hali bu erda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Masalan, futbolchilarning tartib-intizomi, xulq-atvori alohida mavzuga aylangan. PFLning aynan tartib-intizom masalasida chiqarayotgan qarorlarining aksari pro-liga jamoalariga va ayniqsa, “V” guruhi ishtirokchilariga tegishli bo‘lib qolmoqda. Pro-ligada bir ijobiy o‘zgarishga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu ayniqsa “A” guruhi bilan bog‘liq. U erda o‘z oldiga jiddiy vazifalarni qo‘ygan klublar jamlangan. Shu sababli “A” guruhida o‘yin sifati ham bir muncha ijobiylikdan darak bermoqda. Lekin hali oldinda o‘yinlar ko‘p. Xuddi Superliga singari pro-ligada ham asosiy bahslar endi boshlanadi. Ammo bu ibora asosan faqat “A” guruhi ishtirokchilariga tegishli bo‘lib qolmoqda. “V” guruhida esa hammasi yuzakidek...
Shuhratbek Jo‘raev tayyorladi.
Fikrlar