"Bizda ko‘p narsa joyida emas" - Lushchan Jizzaxdagi yirik mag‘lubiyat haqida

  • 26 avgust, 09:31
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogining chorak finalidan o‘rin olgan "So‘g‘diyona"  -  "Navbahor" (4:0) uchrashuvidan so‘ng, mehmonlar bosh murabbiyi Sergey Lushchan matbuot anjumanida ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. Bu xususida klub matbuot xizmati ma’lum qildi. 
Odatdagidek, "lochinlar" ustozi o‘z so‘zini bellashuv haqidagi fikrlari bilan boshladi.

Tecno

- Raqib jamoani g‘alaba bilan tabriklayman. Muxlislarimiz oldida esa bu o‘yin uchun chin dildan uzr so‘ramoqchiman. Barcha ayb o‘zimda. Men ushbu uchrashuv uchun tarkib va taktikani noto‘g‘ʻri tanladim. Ayniqsa, tarkib masalasida. Reja boshqacha edi. Har holda, bu muvaffaqiyatsizlik uchun uzr so‘rayman. Bundan keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz. Besh o‘yindan buyon ayrim futbolchilar maydonda umuman ko‘rinmayapti. Bugun ular o‘z jamoasi uchun emas, raqib uchun o‘ynashdi. Jamoada ishlar ekanman, bu o‘yinchilar endi tarkibdan joy olmaydi.

- Bugun tarkibni to‘g‘ri tanlay olmadim, dedingiz. Agar hisob qanday bo‘lishini bilganingizda, qanday tarkib tanlagan bo‘lardingiz? Aynan qaysi futbolchilarni maydonga tushirganingizdan afsusdasiz?

-  Mening o‘z ma’lumotlarim va tushuncham bor. Odamlarga ishonch bildirgan edim, hayot shuni ko‘rsatadiki, har kimga ham ishonib bo‘lmaydi. Bu sport. O‘zim ham bundan bir necha bor jabr ko‘rganman, bugun ham shunday bo‘ldi. Sportda raqobat bor. O‘yinchining familiyasi yoki qiymati muhim emas. 2-3 ta o‘yinda sen kutilgan natijani ko‘rsatmasang, bu futbolchi maydonda bo‘lmasligi kerak.

-  Mag‘lubiyatning asosiy sababi nima deb o‘ylaysiz? 

-  Birinchidan, o‘yinni raqib jamoaga moslab qayta qurish kerak edi. Tajribali futbolchilarni maydonning markaziga joylashtirish hamda asosiy e’tiborni ikkinchi bo‘limga qaratish lozim edi. Bilamizki, raqibimiz ikkinchi bo‘limda ham kuchliroq o‘ynaydi.

- Futbolda bir uchrashuvda har narsa bo‘lishi mumkin. Hatto Evropa top klublari ham ba’zan yirik hisobda yutqazishadi, lekin bu bir o‘yin va keyin hammasi unutiladi. Bugun "Navbahor"da  omadsiz o‘yin bo‘ldimi yoki raqib jamoangizdan to‘liq ustun keldimi?

- Bugun himoya umuman yo‘q edi. Bizda Mirsaidov, Ahmedov, G‘ofurovlar o‘ynashdi. Qolganlari yo‘q edi. Raqib hujumining so‘nggi bosqichini bartaraf etishda ishtirok etishi kerak bo‘lgan futbolchilar shunchaki yo‘qolib qolishdi. Endi rahbariyat bugungi mag‘lubiyatdan so‘ng, bir qarorga kelishi kerak. Aslida shunday ham bo‘lishi kerak.

- Tezkor gol o‘yin natijasiga qanchalik ta’sir o‘tkazdi?

-  Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, biz uchinchi uchrashuvdan buyon dastlabki daqiqalarda o‘z darvozamizdan to‘p o‘tkazib yuboryapmiz. Buning sababini bilmayman. Aytmoqchimanki, bu erda bizning asosiy muammomiz - himoyada o‘ynash va himoyadan chiqish. Yigitlarga ikki hafta dam berilgandan keyin ularga nima bo‘lganini bilmayman. Mashg‘ulot jarayonida hammasi joyida. Maydonda esa hamma yo‘qolib qoladi. Hozir his-tuyg‘ularim ta’sirida ortiqcha gap aytib qo‘yishdan qo‘rqaman. Kimgadir chuqurroq tushuntirish kerakdir, albatta, lekin avval vaziyatni o‘rganib chiqish, mashg‘ulot jarayonidagi muammolarimizni aniqlash lozim. Aytgancha, men faqat mashg‘ulot jarayoni haqida gapirayotganim yo‘q, bizda ko‘p narsa joyida emas. O‘yinda nima bo‘layotganini tushunish juda muhim. Bu juda qiyin. Ehtimol, kimgadir nimadir etishmayotgandir, men esa bu vaziyatni sinchiklab o‘rganib chiqaman. Chunki futbolchilarning tushkunlikka tushmasdan o‘ynayotgani aniq ko‘rinib turibdi. Nima bo‘layotganini tahlil qilish va vaziyatni qanday yaxshilash mumkinligini xotirjam o‘ylab ko‘rish kerak.

-  Lyupcho Dorievning bugungi o‘yinini ko‘rdingiz. Dorievning Superliganing eng yaxshi futbolchisi degan fikrga qo‘shilasizmi? 

-  Yo‘q. Bizda juda ko‘p yaxshi futbolchilar bor. Har bir jamoada 2-3 nafar o‘yinchi bor, ular haqiqatan ham Evropa hamda jahon futboli darajasiga mos keladi. Ya’ni futbolimiz va chempionatlarimiz darajasi juda yuqori. Buni tan olish kerak. Dorievga kelsak, u o‘tgan yili shunday o‘ynadi. U paytda jamoa yanada quvnoqroq edi. Yovovich ham tarkibda edi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!