Qashqadaryoda ko‘rishguncha xayr, "Barkamol avlod"!(Fotoreportaj)
25-27 may kunlari Jizzax shahridagi «So‘g‘diyona» universal sport majmuasi stadioni uzra akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining «Barkamol avlod – 2017» sport o‘yinlari mash’alasi porlab turdi.
Musobaqada eng ko‘p medal jamg‘arib, birinchi o‘rinni egallagan Toshkent shahri jamoasi bosh mukofot – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Barkamol avlod – 2017» sport o‘yinlari qatnashchilariga tabrigining asl nusxasi va Prezident sovg‘asi – "Damas" avtomobili bilan taqdirlandi.
Umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagan Andijon viloyati va uchinchi pog‘onadan joy olgan Samarqand viloyati jamoalariga Prezident sovg‘asi – "Damas" avtomobillari topshirildi.
Murosasiz kurashlarda alohida mahorat ko‘rsatgan, tengqurlari orasida yuqori natijalarga erishgan bir guruh o‘quvchi-sportchilar maxsus sovrinlarga sazovor bo‘ldi.
– Sport va do‘stlik bayrami – «Barkamol avlod –2017» bellashuvlari rekordlar va unutilmas voqealarga boy bo‘ldi, – deydi og‘ir atletika bo‘yicha oltin medal sohibi qoraqalpog‘istonlik G‘ayrat Aytmurotov. – Ushbu musobaqalar mamlakatimizning barcha hududlarida sport izchil rivojlanib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.
Sportning 17 turi – basketbol, voleybol, futbol, qo‘l to‘pi, shaxmat, og‘ir atletika, boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, yunon-rum kurashi, suzish, engil atletika, tennis, stol tennisi, badminton va badiiy gimnastika bo‘yicha bellashuvlarda litsey va kollejning 898 o‘quvchisi ishtirok etdi. Sportchilar 193 oltin, 193 kumush va 214 bronza medali uchun bahs olib bordi
Musobaqalarning yopilish marosimida «Barkamol avlod – 2017» sport o‘yinlarining bayrog‘i tushirildi. Uni jizzaxlik sportchilar akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining navbatdagi final musobaqasiga mezbonlik qiladigan Qashqadaryo viloyati vakillariga topshirdi.
Uch kun davomida porlab turgan “Barkamol avlod –2017” mash’alasi asta so‘ndiriladi.
«Barkamol avlod – 2017» o‘yinlarining yopilish marosimi sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari va san’atkorlarning katta kontserti bilan yakunlandi.
“Barkamol avlod – 2017” sport musobaqalarining yopilish marosimida O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.
Manba:uza.uz














Fikrlar