
"Real" safida eng ko‘p sovrin qo‘lga kiritgan futbolchilar
Madridning “Real” klubi kuni kecha EChLda ketma-ket uchinchi, umumiy qilib hisoblaganda o‘n uchinchi marta g‘olib chiqdi. Yurtimizda ushbu jamoaga muxlislik qiluvchi insonlar juda ham ko‘p. Biroq mana shunday superklub safida eng ko‘p sovrinlarni qo‘lga kiritgan futbolchilarni hamma ham bilavermasa kerak. Shunday ekan, bugun biz ular bilan tanishtiramiz.
Emilo Butrageno – 15
Emilo Butrageno “Real” safida 1982-1995 yillarda harakat qilgan bo‘lib, jamoa safida 341 o‘yinda maydonga tushib, 124 ta gol kiritgan. Bugungi kunda Florentino Peresning “o‘ng qo‘li” bo‘lib ishlayotgan Butrageno “qirollik klubi” safida 15 ta sovrin yutishning uddasidan chiqqan. Jumladan 6 bor La ligada, ikki bor Qirol kubogida, bir bora La liga kubogida, 4 bor Ispaniya superkubogida vanihoyat ikki bor UEFA kubogida g‘olib chiqqan. Afsuski, uning sovrinlari orasida EChL kubogi mavjud emas.
Alfedo Di Stefano – 15
Di Stefano haqida ortiqcha ta’rif shart bo‘lmasa kerak. Ikki karra “Oltin to‘p” egasi sanaladigan Alfredo 5 karra Ispaniya chempionati to‘purari bo‘lgan va Madridda 11 yil to‘p surgan xolda 396 o‘yinda 307 ta to‘p kiritishning uddasidan chiqqan. Klub tarixidagi to‘purarlar orasida uchinchi o‘rinda zikr etiladigan Alfredo “Real” bilan Ispaniya chempionatida 8 bor, EChKda 5 bor g‘olib chiqqan. Bundan tashqari Ispaniya kubogi hamda Qit`alararo kubok turnirlarida bir martdan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Rafael Varan – 15
Bugungi “Real”ning eng muhim futbolchilaridan biri bo‘lgan Varan madridliklar safiga 2011 yilda kelgan va hozirga qadar jamoa bilan 15 ta sovrin yutishga erishgan. Ayni kunga qadar “Madrid” libosi ostida 200 dan ziyod o‘yinda ishtirok etgan 25 yoshli futbolchi jamoa bilan La Liga (2 marta), Ispaniya kubogi, Ispaniya Superkubogi (2), EChL (4), UEFA Superkubogi (4) va klublar o‘rtasidagi JCh (3)da zafar quchgan. Umuman olganda Varan jamoa himoya chizig‘ining asosiy figuralaridan biri ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, Rafaelda hali sovrinlar soni oshib borishi aniq.
Michel
Michel 1982-1986 yillarda “qirollik klubi” safida to‘p tepgan. O‘ng qanot yarim himoyasida to‘p surgan Michelga o‘z vaqtida teng keladigani topilmagan. Umuman “Real” safida 400 dan ziyod o‘yin o‘tkazgan sobiq “8”-raqam egasi jamoa safida 15 ta titulga erishgan va ularning aksariyati mahalliy arenalarda qo‘lga kiritilganligi diqqatga sazovardir.
Raul – 16
“Real”ning yaqin o‘tmishdagi afsonasi jamoada o‘tkazgan 14 yilda 16 ta sovrin yutishga erishgan. Klub tarixida eng ko‘p gol kiritgan futbolchilar orasida ikkinchi o‘rinda zikr etiladigan “El Kapitano” klub bilan La ligada 6 bor, Ispaniya superkubogida 4 bor, EChLda 3 bor, Qit’alararo kubokda ikki vanihoyat UEFA superkubogida bir bor g‘olib bo‘lgan.
Krishtianu Ronaldu va Karim Benzema – 16 tadan
Bu ikkovlon jamoaga bir yilda va bir vaqtda kelishgan va tabiiyki, sovrinlar soni ham mutlaqo teng. 2009 yilda bor-yo‘g‘i 35 mln evroga sotib olingan Benzemani hech kim shu qadar jamoada ko‘p vaqt qoladi deb o‘ylamagan edi. Uning noaniq harakatlari ba`zan Madrid klubi muxlislarining ham asablariga tegadi, biroq, shu bilan birga frantsiyalik futbolchining muhim o‘yinlarda gol kiritishi ba’zan vaziyatni “yumshatgandek” bo‘ladi.
Ronaldu borasida esa ortiqcha ta’rifga hojat bo‘lmasa kerak.
Migel Anxel va Karlos Santilyana – 16 tadan
Anxel 70 va 80-yillarda faoliyat yuritgan darvozabon sanaladi. Jamoa safida 16 bor turli xildagi sovrinlarni qo‘lga kiritgan.
Santilyana 1971-1988 yillarda “blaugranaslar” safida to‘p tepgan. Ko‘pchilik mutaxassislarning uning bosh bilan yaxshi o‘ynay olishini ta’kidlashadi va uni David Vilyaning o‘yinlariga qiyoslashadi.
Fernando Yerro – 16
Ispaniya terma jamoasida eng ko‘p o‘yinda maydonga tushgan futbolchilardan biri bo‘lgan Yerro “Santyago Bernabeu”da oz emas, ko‘p emas 14 yil faoliyat yuritdi. Yerro “Real” bilan 5 bor Ispaniya chempionatida, 3 bor EChLda, ikki bora Qit’alararo kubokda, 4 bor esa Ispaniya superkubogida va bir martdan UEFA superkubogi va Ispaniya kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Chendo(Migel) – 18
Kamacho singari faqat “Real”da to‘p surgan futbolchilardan biri aynan Chendodir. “Qaymoqaranglilar” safidagi 16 yilda 18 ta sovrin yurishga erishgan “Chendo” 500 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, 7 bor La liga, ikki bor Qirol kubogi, 5 bor Ispaniya kubogi, bir bora La liga kubogi va shuncha marta EChLda, bundan tashqari esa ikki bora UEFA kubogida muvaffaqiyat qozongan.
Iker Kasilyas – 18
Zamonamizning eng mohir darvozabonlaridan biri bo‘lgan Iker Kasilyas “Bernabeu”dagi 17 yilda 18 ta sovrinni qo‘lga kiritishga erishgan. Ular orasida 5 ta La liga, ikkita Ispaniya kubogi, 4 ta Ispaniya superkubogi, 3 ta EChL, ikkita UEFA superkubogi va bir martdan Qit’alararo kubok hamda Klublar o‘rtasidagi JCh g‘olibliklari mavjud.
Xose Antonio Kamacho – 19
Butun futbolchilik faoliyatini “Real”ga bag‘ishlagan Xose Antonio Kamacho klub safida 414 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, 9 bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan. “Blankoslar” safidagi 13 yilda esa Xitoy termasining sobiq murabbiyi 19 ta sovrinni boshi uzra baland ko‘tarishga erishgan.
Serxio Ramos va Marselo – 19 tadan
Ramos 2005 yil “Sevilya”dan 27 mln evroga xarid qilingan va o‘z vaqtida Ispaniyaning eng qimmatbaho himoyachi bo‘lgan edi. Ramos ana o‘shandan buyon Ramos madridliklarning asosiy tarkib futbolchisi bo‘lib keladi.
Marselo esa Ramosdan 2 mavsum keyin kelgan. Ammo shunday bo‘lsada, bu ikkovlonning “Real” tarkibida qo‘lga kiritgan sovrinlari soni bir xil – 19 tadan.
Frantsisko (Pako) Xento – 21
“Real” bilan eng ko‘p sovrinlarga erishgan ikki futbolchidan biri Xentodir. Bolaligida Madridning boshqa jamoasi - “Atletiko”ga muhlislik qilgan Xento “Real”dagi 18 yilda 21 ta sovrinni yutishga erishgan. Jumladan 12 bor Ispaniya chempioni, ikki bor Ispaniya kubogi, 6 bor EChK va bir bora Qit’alararo kubokda g‘olib bo‘lgan Xento EChK(EChL) kubogini 6 marta boshi uzra baland ko‘tarishga erishgan yagona futbolchi ekanligini qayd etish joiz.
Manuel Sanches – 21
Xento singari 18 yil “Real” tarkibida to‘p surgan yana bir futbolchi bu Manuel Sanchesdir. Klub safida 500 dan ziyod o‘yin o‘tkazgan sobiq futbolchi “blankoslar” safida La liga(8 marta), Qirol kubogi(2), La liga kubogi(1), Ispaniya superkubogi(5), EChL(2), UEFA kubogi(2) va Qit’alararo kubok musobaqlarida g‘olib chiqishga erishgan.
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar