Ro‘ziqul Berdiev: Mening iste’foim orqali muammolar echilsa, ertagayoq ketaman

  • 30 avgust, 2018, 16:15
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Nasaf” klubining muammolar girdobida qolganidan xabaringiz bor. Shu sababli ham qarshiliklar birinchi bosqichdan keyin kuchli oltilikka kira olishmadi. Jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev esa bir qator etakchilarning ketganiga qaramay, vaziyatni o‘nglashga harakat qilyapti. Aslida uni yaxshi saviyali mutaxassis ekanligiga shubha yo‘q. Bunga erishgan natijalari orqali ham amin bo‘lish mumkin. 2011 yili OFK Kubogi qo‘lga kiritilganida u yordamchi murabbiy sifatida ishlagan. Bosh murabbiy sifatida esa chempionatimizda 4 ta bronza va 1 ta kumush medal qo‘lga kiritildi. Shuningdek, yana bir martadan O‘zbekiston Kubogi va Superkubogida ham zafar quchdi. 4 marta esa O‘zbekiston Kubogi finalchisi bo‘ldi. 3 marta O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi bo‘lgan Berdiev 5 marta Osiyo Chempionlar ligasida “Nasaf” bosh murabbiyi sifatida ishtirok etdi. Shu bilan birga u o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, unvoni bilan taqdirlangan. Xullas, barcha muxlislarning mehrini qozona olgan mutaxassis endilikda o‘z jamoasi bilan o‘ta mushkul ahvolga tushib qolgan. Biz esa Ro‘ziqul Sa’dullaevich bilan mavjud muammolar va boshqa masalalar bo‘yicha atroflicha suhbatlashdik.

“Endi asosiy maqsad “Nasaf”ni Superligada saqlab qolish”

- Bu yilgi mavsum har yilgidan ko‘ra boshqacharoq o‘tyapti. Chunki bunga format o‘zgargani ham sabab bo‘lyapti, - deb gap boshladi Berdiev. - Chempionlik uchun kurashish yo‘lida yuqori oltilikdan joy olgan jamoalar haqli ravishda boshqalardan kuchliroq ekanliklarini ko‘rsatishdi. Shunga yarasha ularning natijalari ham yaxshiroq bo‘ldi. Har xolda yuqori oltilikdan joy olgan klublarda barqaror o‘yin ko‘zga tashlanib turdi. Menimcha, ikkinchi bosqichda 1-o‘rin uchun kurash va Superligadan tushib ketmaslik uchun ham kurash yanada qiziqroq bo‘ladi. Negaki, endilikda jamoalar ikkiga ajralgani boisdan ularning kuchlari deyarli tenglashib qoldi. Muxlislarimizni oldinda ikkala guruhda ham qiziqarli o‘yinlar kutib turibdi deb o‘ylayman.

- “Nasaf”ning bunga qadar har yili sovrinli o‘rinlar uchun kurashishiga va qandaydir muvaffaqiyatga erishishga guvoh bo‘lardik. Bu safar esa jamoangiz kuchli oltilikdan chetda qolgani aslida ajablanarli. Endi ikkinchi bosqich uchun kurashlarda jamoangizdagi ishtiyok va shijoat kamayib ketmasmikin?

- Maqsadimiz dastlabki oltilikka kirish edi. Afsuski, bunga erisha olmadik. O‘zlaring ham bilasizlar, buning bir qancha sabablari bor. Xabaringiz bo‘lsa, bunday holatga tushishimiz mumkinligini bundan ikki oycha oldin gapirgandim. Agar etakchilarimiz jamoamizni tark etadigan bo‘lsa, bizga juda qiyin bo‘ladi, degan gapimni ancha avval aytganman. Shularni bilgan holda ba’zi-bir futbolchilarni jamoamizga taklif qilish va ayrim etakchilarimizni saqlab qolish haqida o‘yladik, ammo bu ham amalga oshmadi. Shu bois biz juda qiyin ahvolda qoldik. Bu ham etmaganidek, “Navbahor”ga qarshi uchrashuvda Aziz G‘anievning jarohat olib safdan chiqishi jamoamiz uchun katta yo‘qotishga aylandi. Albatta, u yoki bu o‘yinchilarimiz jarohat oldi, ayrim o‘yinchilarimiz ketishdi, deb ishlashdan to‘xtab qolganimiz yo‘q. Bunday sabablar tufayli yotib olib, dod-voy ham qilayotganimiz yo‘q. Hozirgi tarkibimiz bilan ham oltilikka kirishga harakat qildik. Faqat imkoniyatimiz boricha kurashdik. To‘g‘ri, ayrim uchrashuvlarda past harakat qildik, biroq ba’zi bellashuvlarda yoshlarimiz bilan ham yaxshi o‘ynadik. Baribir yoshlar bilan barqaror o‘ynash qiyin deb bejizga aytishmaydi. Yigitlarimizni o‘yinlarga bo‘lgan ishtiyoqi kamaymasligi uchun ular bilan ruhiy tomondan ishlashga ham harakat qildik. Bilamiz, yosh futbolchilarimizning mahorati pastroq. Ammo ishtiyoq va o‘yinlarni tashkil qilish borasida biz ochkolarni yig‘ishimiz kerak edi. To‘g‘ri, hozir qiyin ahvoldamiz, bunday bo‘lishini hech kim kutmagandi. Ammo bu holatimizda yoshlarimiz o‘zlari uchun tajriba ham to‘plab borishyapti va bu keyinchalik ularga asqotishiga ishonaman. Balki bu yilgi natija biz uchun unchalik muhim bo‘lmasdir, biroq shunday davrda yoshlarimiz bilan qo‘rqmasdan o‘ynayotganimiz kelajakda o‘z mevasini berishiga umid qilaman. Ha, muxlislarimizni ham tushunib turibmiz. Xohlaysizmi-yo‘qmi, baribir futbolda birinchi o‘rinda natija turadi. Ammo hozirgi qiyin vaziyatga tushib qolganimizni ular ham tushunib turishibdi. Imkon qadar keyingi bosqichdagi o‘yinlarimizni ham yaxshiroq o‘tkazishga harakat qilamiz.

- “Nasaf” quyi oltilikda qatnashishini inobatga olsak, endi Superligada jon saqlab qolish asosiy maqsadga aylanadimi?

- Quyi oltilikka joylashdikmi, endi jamoani Superligada saqlab qolishga harakat qilishimiz kerak. Asosiy maqsadimiz shu bo‘ladi. Ammo buni bajarish ham oson bo‘lmaydi. “Nasaf”ni saqlab qolish uchun ham jiddiy harakat qilishimiz lozim. Hozirda barcha klublar teng kuchga ega deb bejizga aytmadim. Balki boshqa klublar anchayin kuchayib ketishmagandir, biroq “Nasaf”ni bir qator etakchilari tark etgani va jarohatlar jamoamizni kuchsizlantirib yubordi.

“G‘anievning jarohati boshqalarning ketishidan ko‘ra katta yo‘qotishga aylandi”

- Murabbiylik faoliyatingizda birinchi marta mushkul ahvolga tushib qoldingiz...

- “Nasaf”da bosh murabbiy sifatida oltinchi yilni o‘tkazayotgan bo‘lsam, har yili medallardan birini qo‘lga kiritdik. Mana shu olti yil davomida 4-5 yil muntazam ravishda Osiyo Chempionlar ligasida qatnashdik. Bunga ham osonlikcha erishilmagan. Bu yil esa natijalarimiz juda pasayib ketdi. Lekin bu – hayot, sabr qilishimiz kerak. Kelajakka ishongan holda ishlayapmiz. Boya aytganimdek, bunday qiyinchilik bo‘lishiga qaramay, boshqa tomondan yutuqlarga erishishimiz mumkin. Yoshlarimiz o‘zlari uchun tajriba to‘plab borishyapti.

- Cho‘kayotgan “Nasaf”ni Ro‘ziqul Berdiev ming mashaqqat bilan qutqarib qolishga harakat qilayotgani ko‘rinib turibdi. Lekin “Nasaf” birgina Berdievga kerakmi, degan savol ham tug‘ilishi mumkin.

- Albatta, jamoaning faoliyati faqat murabbiyga bog‘liq emas. Boshqa tashkiliy masalalari ham bor. Hali ham bizda muammolar bor va bu davom etyapti. Lekin vaqti kelib hamma muammo o‘z echimini topadi hamda vaziyat o‘zgaradi.

- Aziz G‘anievni chetga sotish orqali klub moliyaviy imkoniyatini biroz bo‘lsa-da, yaxshilab olishini kutgandik. Aslida o‘shanda voqealarning rivoji qanday tus olgandi?

- Yashirishning hojati yo‘q, men ham Azizning xorijda to‘p surishini va yaxshidir klubga sotilishining tarafdori edim. Ammo moliyaviy ishlarga aralashmayman. Shu bois transfer ishlarini men emas, klub hal qiladi. Agar imkoniyat bo‘lganida G‘anievni chetga qo‘yib yuborish kerak edi.

- U davolanish uchun Yaponiyaga ketdi. Qachon maydonga qaytadi?

- Jarohatini o‘sha erda operatsiya qiladi. Odatda bunday operatsiyadan keyin futbolchining sog‘ayishi uchun 6-7 oy kerak bo‘ladi. Demak, G‘aniev uchun mavsum tugadi. Lekin u hali yosh va tirishqoq. Vaqti kelib yana o‘z saviyasiga qaytadi. Lekin jarohatlar futbolning bir qismi.

- “Nasaf”da etakchi o‘yinchilar ko‘p edi. Hech bo‘lmasa ulardan ayrimlarini sotish orqali pul ishlab olishning imkoni yo‘qmidi? Aytaylik, legionerlar masalasida.

- Shartnomada ko‘rsatilgan pullarni klub to‘lab bera olmayotgandi. Shuning uchun legionerlar bilan o‘zaro kelishgan holda xayrlashdik. Aziz G‘anievga chetdan yaxshi variantlar borligi haqida eshitgandim. Ammo qancha summaga sotilishi menga qorong‘u edi. Bu transfer nimaga amalga oshmaganini bilmayman. Lekin shuni aytishim kerakki, G‘anievning jarohat olib safdan chiqqani jamoamizdan ketgan boshqa futbolchilardan ham ko‘ra katta yo‘qotishga aylandi. U etakchimizga aylanib qolgandi. Odil Hamrobekov bilan markazda yaxshi tandem hosil qilishayotgandi. Umuman olganda, jamoamizdan ketgan futbolchilarning hech birini sota olganimiz yo‘q. Hammasi erkin agent sifatida ketishdi.

“Hech kimni ayblamoqchi emasman, natija uchun men javobgarman”

- Drgan Cheran “Paxtakor”ga ketganidan beri hali gol ura olgani yo‘q. Uni kuzatib turibsizmi?

- Baribir yangi jamoaga borganda kirishib ketishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. Lekin oxirgi o‘yinlarini ko‘ryapman va “Paxtakor”ning hujumlari asosan Cheran orqali uyushtirilyapti. Draganni yaxshi bilaman, hozirgi kunda u O‘zbekistondagi legionerlar orasida eng yaxshisi. Qo‘l ostimda o‘ynagan legionerlar orasida Gevorkyan, Cheran va Golban eng yaxshilari bo‘lishgan.

- Agarda klubdagi moliyaviy muammolar shu tarzda davom etaversa Ro‘ziqul Berdiev ham “Nasaf”dan ketishi mumkinmi?

- Albatta. Natija yaxshi bo‘lmasa, hamma jamoada ham murabbiy almashadi. Aniq bilamanki, meni “Nasaf”ga hech kim uzoq yillarga “bog‘lab” qo‘ymagan. Mening klubdagi taqdirim bo‘yicha rahbariyat bilan ham muhokama qilishga tayyorman. Bu futbolning bir qismi. Menimcha, klubdan ketish – bu eng oson ish. Lekin undan ko‘ra ko‘proq hozirgi vaziyatdan chiqib ketish haqida o‘ylash kerak. Murabbiyning iste’foga chiqishi bu odatiy hol. Shu bois bunga ruhan tayyorman. Bilasiz-ku, murabbiy bugundan ish boshlasa, ertadan boshlab qachon iste’foga chiqarilishi mumkinligi haqida o‘ylashni boshlaydi. Agarda mening iste’foim jamoam uchun foyda keltirsa va bu orqali muammolar echiladigan bo‘lsa ertagayoq ketishga tayyorman.

- To‘g‘ri, natija birinchi o‘rinda turadi va murabbiyning taqdiri shunga qaratiladi. Lekin “Nasaf”ning taqdiri go‘yoki birgina sizga bog‘liqdek. Lekin klubda imkoniyat va sharoit yaxshi emas. Buning uchun esa avvalo rahbariyat barcha sharoitlarni yaxshilab berishi lozim. Sizning iste’foingiz bo‘yicha esa adolat ko‘rinmayotgandek...

- Ha, shunaqa bo‘lyapti. Lekin bunda men hech kimni ayblamoqchi emasman. Umuman, birovni aybdor qilmoqchi emasman, chunki men shunday tarbiya ko‘rganman. Natija uchun men javobgarman. Afsuski, hozircha natijalarimiz yomon. Yana qaytaraman: klubdan ketishim “Nasaf”ni yaxshi tomonga o‘zgartirsa, buni bajarishga tayyorman.

- Yozda sizga aniq takliflar bo‘lgani haqida eshitgandik...

- To‘g‘risi, menga o‘zimizdan bir qator klublardan jiddiy takliflar bo‘ldi. Ammo ularga hozircha “Nasaf”dan keta olmasligimni bildirganman. Iste’foga chiqish muammo emas. Agar rahbariyat shuni xohlashsa, buni menga aytishi kerak, to‘g‘rimi?

- Yaqinda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 1-vitse prezidenti Umid Ahmadjonov Qarshiga kelib, vaziyat bilan tanishgandik. Ushbu tashrifdan keyin ham klubda hech nima o‘zgarmadimi?

- Nima desam ekan, hozircha biror o‘zgarish sezilmadi. Ahvolimiz o‘sha-o‘sha. Mukofot pullari ham berilmayapti. Futbolchilar hattoki, pullarining yarmini olishga ham rozi. Oylik maoshlar ham cho‘zilib-cho‘zilib berilyapti. Hammasi o‘z boshimga tushyapti, buni yaxshi tushunib turibman. Ammo birgina mening qo‘limdan hech nima kelmaydi, boshqalar ham yordam berishlari kerak. Lekin hech kimni aybdor qilmoqchi emasman. Natija uchun men javobgarman. Rahbariyatni qoniqtirmayotgan bo‘lsa yoki boshqa mutaxassis bilan vaziyatdan chiqib ketish kerak bo‘lsa, ularning har qanday qaroriga roziman.

“Tan olaylik, shu kuni Janubiy Koreya bizdan kuchli edi”

- Milliy terma jamoamizga bosh murabbiy etib tayinlangan Ektor Kuper haqida fikringiz qanday?

- Bunga ijobiy fikr bildiraman. Butun O‘zbekiston xorijlik murabbiyni kutayotgandi. Terma jamoamizda xorijlik murabbiyning faoliyat olib borish fursati kelgandi. O‘ylaymanki, bu har tomonlama chuqur o‘ylab chiqilgan qaror bo‘ldi. Ishonamanki, Kuperning kelishi futbolimiz uchun omadli bo‘ladi. U xalqaro miqyosida katta tajribaga ega mutaxassis. Bundan buyog‘iga terma jamoamizning o‘yinlari sifati o‘sadi va yaxshi natijalar ko‘rsatishadi. To‘g‘ri, Kuperning o‘yin falsafasiga e’tibor bermaganman-u, ammo uning tajribasiga hech qanday shubha yo‘q.

- Olimpiya terma jamoamiz Osiyo o‘yinlarining chorak finalida Janubiy Koreyaga yutqazib musobaqadan chiqib ketdi. Bu borada nima degan bo‘lardingiz?

- Albatta, mag‘lubiyatga uchraganidan keyin tanqid qilinyapti. Murabbiylar tomonidan ham, futbolchilar tarafidan ham xatolar bo‘ldi. Lekin tan olish kerakki, Janubiy Koreya ushbu uchrashuvda bizdan kuchli edi. Jamoaviy o‘yinni tashkil qilish bo‘yicha ham, individual jihatdan ham ular kuchlilik qilishdi. Buni tan olish kerak. Lekin jamoamizni ortiqcha ayblab bo‘lmaydi, boisi ular ham harakat qilishdi. Faqat himoyada ko‘proq xatolar kuzatildi. Shunchaki, koreyaliklar o‘yinni yaxshi tashkil qilishdi va qarshi hujumlarda bizni jazolashdi.

- “Nasaf”ning darvozabonlar bo‘yicha murabbiyi Denis Ivankov milliy terma jamoamizda ish boshladi. Endi uning klubdagi taqdiri qanday kechadi?

- Jamoamizning har qanday a’zosi terma jamoada faoliyat olib borsa buni faqat qo‘llab-quvvatlaymiz. Lekin terma jamoada qancha vaqt ishlashi borasida u bilan hali gaplashmadik. Uning o‘zi ham bu haqida bizga aniq fikr bildirmadi. Balki Ivankov klubimizdagi ishini davom ettiraveradi va terma jamoa yig‘ilganda u erda ham ishni olib boraveradi.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!